Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovning siyosatini o‘g‘li davom ettirayotganidan xursandligini aytdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Turkmanistonda Gurbanguli Berdimuhamedovning siyosatini o‘g‘li – Prezident Serdar Berdimuhamedov davom ettirayotganidan xursand. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 14 iyul kuni Serdar Berdimuhamedov bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng matbuot anjumanida ma’lum qildi. 

“Bugun biz Serdar Gurbanguliyevich bilan mazmunli, ochiq va batafsil muzokaralar o‘tkazdik, ular, shubhasiz, hamkorligimizni yangi, yanada yuqori darajaga olib chiqadi. Biz ikki tomonlama kun tartibidagi barcha dolzarb masalalarni har tomonlama muhokama qildik. Hamkorlikning bugungi holati yuzasidan fikr almashdik, bu borada katta yutuqqa erishilganini qayd etdik. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, suv-energetika va gumanitar yo‘nalishlarda birgalikdagi ishimizning ustuvor jihatlarini belgilab oldik”, deydi Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari Turkmaniston bilan har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash O‘zbekiston tashqi siyosatining o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishi ekanini qayd etdi.

Ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlarining mustahkamlanishiga Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning hissasi beqiyos ekani alohida ta’kidlandi.

“Bugun Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ushbu chuqur o‘ylangan siyosatni davom ettirayotganidan biz, O‘zbekiston chin dildan xursandmiz”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning muhim sohalaridagi barcha masalalar batafsil ko‘rib chiqilganini qayd etdi.

Ta’kidlanishicha, uchrashuvlar yakunida umumiy qiymati 450 million dollardan ziyod bo‘lgan aniq shartnoma va kelishuvlar imzolangan. 

Muzokaralarda mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilingan. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarining muhim ahamiyati qayd etildi.

“Markaziy Osiyoda mintaqaviy jarayonlar va ko‘p tomonlama hamkorlikning mustahkamlanishi mintaqadagi barcha mamlakatlarning taraqqiyoti va ravnaqiga xizmat qilishiga qat’iy ishonaman”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.

Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Davlat rahbarlari ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi maqsadida bundan buyon ham birgalikda harakat qilishga tayyorligini bildirdilar.

BMT, MDH, IHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida faol muloqotlar va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

39

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing