Otasi jasadni yorishga ruxsat bermagan – Ortiqova Rahmonov ishida Oliy sudgacha bormoqchi

Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi prokurori lavozimida ishlagan marhum xodimi Samir Rahmonovning o‘limi bo‘yicha sud qaroridan norozi. Bu haqda kecha, 31 marta kuni Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova matbuot anjumanida ma’lum qildi.

"Holat yuzasidan munosabat bildirishga ​​huquqimiz bor. Pogon bo‘lishidan qat’iy nazar, biz ham konstitutsiya bilan himoyalanganmiz", deydi Ortiqova sobiq xodimi sabab ochilgan da’vo haqida gapirar ekan.

Ortiqova sog‘liqni saqlash vazirligi, tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlanish markizi tomoni berilgan xulosaga tayanib, Bosh prokuratura xodimi Samir Rahmonov o‘limi vaqti ishxonada emas, ko‘p tarmoqli shifoxonaga olib borilganda yuz berganini ta’kidladi.

"Yanvar oyida sudning qarori bilan ishning tugatilishi belgilangan edi. Sababi, da’vogar Rahmonovning otasi vafot etgan. Bu qaror hali kuchda va buni hech kim muhokama qilgani yoki bekor qilgani yo‘q.

Sud tibbiy ekspertizasidan o‘tkazish uchun yorish kerak bo‘lgan vaqtda, Rahmonovning otasi, marhum rozilik bermagan va tilxatlar yozib farzrandini ko‘rinish holati bo‘yicha sud tibbiy ekspertiza xulosasini berishlarini so‘ragan", deydi Ortiqova.

U so‘zida davom etarkan ma’naviy zarar undirish bo‘yicha Fuqarolik kodeksiga murojaat qilib, shunday dedi: 

"Uning (Fuqarolik kodeksi) 1021-moddasi bor, yozib olsangiz ham mayli, ma’naviy zararni aniqlashda uni yetkazuvchining aybini tasdiqlash kerak. Lekin bu holatda, jinoyat ishi tergov oldi surishtiruvi natijasida Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-qismida, ya’ni Jinoyat tarkibi mavjud emas, degan xulosaga kelingan. Bu o‘lim holatida Bosh prokuraturaning aybi yo‘q".

Svetlana Ortiqova Bosh prokuratura sobiq xodimi bilan bog‘liq holatda haq ekanini tushuntirar ekan, xizmat bilan bog‘liq o‘lim bo‘ladigan bo‘lsa, albatta o‘lim xizmat vazifasi bilan bog‘liqlik joyi bo‘lishi kerakligini urg‘uladi.

"Bu qonunni men ishlab chiqqanim yo‘q. Bu qonunga men imzo qo‘ymayman. Lekin, bu qonunga men itoat qilishga va bajarishga ​​majburman. Ekspertiza Rahmonovning o‘limi xizmat bog‘liq emas, degan xulosaga kelgan.

Prokuratura to‘g‘risidagi qonunning tegishli 50 va 56-moddalariga asosan uning oila a’zolari, marhumning o‘zi himoya qilingan va yetarlicha moddiy yordam ko‘rsatilgan”, deydi u.

Ortiqova Bosh prokuratura davlat byudjetidan mablag‘ olayotgan tashkilot ekanini eslatib, intizomlarga rioya qilishi kerakligiga to‘xtalib o‘tdi.

“Agarda byudjet intizomini siz bilan biz bajarmasak, milliard uyoqqa, milliard buyoqqa qilsak, unda vrachlarga, o‘qituvchilarga ustamalarni, oylikni, nafaqaxo‘rlarga nafaqasini kim to‘laydi? Nogironlarni kim himoya qiladi?

Agarda Bosh prokuraturaning aybi bo‘lsa, bajonidil ikkita qo‘lni ko‘tarmiz, to‘laymiz. Lekin, biz hozir Toshkent shahar sudi tomonidan hali qonunan kuchga kirmagan, 28 martda qaror qabul qilib, 29 martda ijtimoiy tarmoqlarga chiqarilgan, xattoki, hali yozilmagan qaror e’lon qilingan bo‘lsa, prokuratura, albatta, o‘zini munosabatini bildiradi.

Chunki Bosh prokuratura ish bo‘yicha taraf, protest bildirishga vakolati bor. E’tibor bergan bo‘lsangiz, Toshkent shahar sudining bayonotida sud o‘zining tashabbusi bilan da’vogarni ham o‘zgartirdi. Da’vo talabini ham o‘zgartirdi, degan joyini ham o‘qigan bo‘lsangiz kerak. Bunda ham Fuqarolik-protsessual kodeksining 124-modda talablari buzilgan. Sud o‘z tashabbusi bilan amaldagi sud qarori mavjud bo‘la turib, uni hech kim bekor qilmaganligini inobatga olmasdan, o‘zining tashabbusi bilan da’vogarni, da’vo talabini almashtirishga haqqi yo‘q. Albatta, men o‘zim shu ishni nazorat qilaman. Kerak bo‘lsa Oliy sudgacha ham Bosh prokuror o‘rinbosari sifatida takroran kassatsiya keltirishga tayyorman”, dedi Svetlana Ortiqova.

Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yilning aprel oyida Bosh prokuraturaning 33 yoshli xodimi Samir Rahmonov vafot etgandi. Shundan so‘ng, marhumning otasi A. Rahmonov marhum xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda ish joyida vafot etgani, to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandi boquvchisiz qolsa-da, uning oilasiga qonunga asosan kafolatlangan nafaqa pullari to‘lab berilmayotgani sabab sudga murojaat qilgandi. Biroq, sud A.Rahmonovning da’vosini rad etgan.

Keyinroq Toshkent shahar sudlari Samir Rahmonovning otasi ochgan da’vo bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi. Unda da’vogar A.Rahmonov o‘tgan yilning 3 avgust kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudiga javobgar – Bosh prokuraturaga nisbatan farzandi vafoti munosabati bilan ish joyidan nafaqa puli undirish haqidagi da’vo arizasi hamda ma’naviy zararni undirish to‘g‘risidagi qo‘shimcha da’vosi bilan murojaat qilgani aytildi.

Mazkur murojaat bo‘yicha sudning 17 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan da’vogar A.Rahmonovning da’vosi va qo‘shimcha da’vo arizasi rad qilingan. Da’vogar A.Rahmonov mazkur hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, sudga apellyatsiya shikoyati kiritgan. Ushbu shikoyat Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Bahslar davom etarkan, o‘tgan yilning 9 noyabrida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi Bosh prokuratura xodimi Samir Rahmonov joriy yilning 26 mart kuni ish vaqtida ish joyida vafot etgani bo‘yicha izoh berdi.

Inspeksiya ish beruvchi, ya’ni Bosh prokuratura O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 6 iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq tibbiy xulosaga asosan Bandlik va mehnat munosabatlari va vazirligiga, Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasiga mazkur holat bo‘yicha xabar bermaganini bildirdi.

Shuningdek, inspeksiya nizomga ko‘ra, tashkilot hududida va uning tashqarisida xodimning mehnat vazifalarini bajarayotganda yuz bergan jarohatlanishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar hisoblanishini ta’kidladi.

Oradan bir muncha vaqt o‘tib, joriy yilning 29 mart kuni Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati Samir Rahmonovning o‘limi sabab kompensatsiya to‘lash haqidagi ish Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudida ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi.

Sudning joriy yil 28 martdagi hal qiluv qaroriga asosan N. Rahmonovaning javobgar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nisbatan boquvchisining vafoti munosabati bilan nafaqa pulini undirish va ma’naviy zararni qoplash haqidagi da’vo talablari qisman qanoatlantirildi.

Javobgardan N. Rahmonovaning foydasiga 951 275 952 so‘m miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa puli va 20 000 000 so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirilishi hamda davlat foydasiga 76 642 076 so‘m davlat boji to‘lanishi belgilandi.

Qaror e’lon qilingach, Bosh prokuratura rasmiya munosabat bildirib, qonuniy sud qarori jihatdan kuchg kirmaganini hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha Miroboda tumanlararo sudining N.Rahmonova da’volarini qisman qanoatlantirish to‘g‘risidaga hali qiluv qarorining asoslili Bosh prokuratura tomonidan atroflicha o‘rganilishini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura Samir Rahmonov

Baholaganlar

172

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing