Men unga hech qachon ishonmaganman – Allamjonov SSVning koronavirus bo‘yicha statistikasi haqida

Jamiyat

image

O‘tgan yilning iyul-avgust oylariga kelib O‘zbekiston jamoatchiligi orasida koronavirus bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yuritilayotgan statistikaga nisbatan ishonchsizlik ortdi. Kasallanish holatlari avjiga chiqib, shifoxonalarda o‘rinlar yetmay qolgan, o‘lim holatlari ortgan bo‘lsa-da, SSV mamlakatdagi asl vaziyatni yashirib, bemorlar sonini kamaytirib ko‘rsatdi, degan ayblovlar hamon yashab kelmoqda. Jumladan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ham shu fikrda. U QALAMPIR.UZ’ning #CoronaMarafoni jonli muloqotida qo‘l ostidagi tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xodimlardan koronavirusga chalinganlari SSVning statistikasiga kiritilmaganini aytdi. 

“Men statistikaga ishonganim yo‘q, albatta. Rasmiy statistikadagi raqamlarni ko‘rib aytamanki, meni xodimlarim o‘sha statistikada aniq yo‘q edi. Holbuki, o‘sha vaqtlarda qanchadan-qancha xodimlarim kasal bo‘ldi. Biz statistika nima asosida yuritilayotganini so‘raganimizda, faqat test topshirganlar ro‘yxatga olinganini aytishdi. Kasal bo‘lganlar esa juda ko‘p edi, lekin ularning hammasi ham test topshira olmadi. O‘lim borasidagi fikrim ham shu. 

Aynan test topshirganlarning sonidan kelib chiqib statistikani belgiladik, deb aytishdi. Albatta, statistika noto‘g‘ri edi va buni yozayotganlar ham bilar edi. Bilmadim. Bu mening qarorim emas. Oqlolmayman ham, yomonlolmayman ham. Har bitta holatning sababi bordir. Lekin fikrimcha, statistika noto‘g‘ri edi. Men unga hech qachon ishonmaganman”, deydi Komil Allamjonov. 

Ayni vaqtda qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublikasi maxsus komissiyasi, Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zolari mamlakatda koronavirusga chalinish holatlari va o‘lim bo‘yicha yuritilgan statistikaning haqqoniy ekanini iddao qilib kelmoqda. Unga ko‘ra, statistikaga koronavirus testini topshira olgan va ijobiy natija chiqqanlargina kiritilgan. 

Hozirda O‘zbekistonda rasmiy statistikaga ko‘ra, koronavirusga chalinganlar 80 858 nafarni tashkil etmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Komil Allamjonov

Baholaganlar

402

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing