Myanmada harbiylar hokimiyatni egallab oldi

Olam

image

Myanma Qurolli kuchlari mamlakat rahbarini qo‘lga olgach, bir yil muddatga favqulodda holat e’lon qildi. Bu haqda “Xinhua” xabar bergan.

“Reuters” agentligi ma’lumotiga ko‘ra, harbiylar hokimiyat Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Min Aun Xlain qo‘liga o‘tishini e’lon qilgan.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Prezident Vin Min va davlat maslahatchisi (bu lavozim Bosh vazirga tenglashtirilgan), “Demokratiya uchun milliy liga” (DML) hukmron partiyasi yetakchisi Aun San Su Chji noyabr oyida o‘tkazilgan saylovlardagi qalloblik uchun hibsga olingan.

Prezident davlat maslahatchisi hibsga olingani haqida DML vakili Mio Nyunt ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, 1 fevral kuni tongda partiyaning boshqa yuqori mansabli vakillari ham ushlangan. Nyunt o‘sha zahoti gap harbiy to‘ntarish haqida ketayotgan bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tgan.

Qo‘lga olinganlar orasida partiya Markaziy ijroiya qo‘mitasi a’zolari, deputatlar va hukumat a’zolari bor, deb xabar qildi “Associated Press”. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Aun San Su Chji uy qamog‘ida saqlanmoqda.

Ayni paytda Myanma poytaxti Neypidoda internet va telefon aloqasi ishlamayapti. Shuningdek, davlat telekanallari ham ishlamayapti, faqatgina harbiylar telekanallari faoliyati davom etyapti.

AQSH hukumati Myanmada bo‘layotgan ishlarni kuzatayotganini ma’lum qildi. Vashington Aun San Su Chji va boshqa mansabdorlar qo‘lga olingani yuzasidan xavotirda. Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki ma’lum qilishicha, Amerika mamlakatda yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovlar natijasini o‘zgartirish bo‘yicha har qanday urinishlarga qarshi chiqadi.

Noyabrdagi saylovlarda “Demokratiya uchun milliy liga” partiyasi 476 ta o‘rindan 396 tasini qo‘lga kiritib, g‘alaba qozongan edi. Bu partiyaga yana besh yilga hukumatni shakllantirish imkoniyatini bergandi. Harbiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Birdamlik va ittifoq taraqqiyoti partiyasi esa atigi 33 ta o‘ringa ega bo‘lgan. Harbiylar qalbakilashtirish holatlaridan shikoyat qildi va saylov natijalarini Oliy sudda bahslashdi, saylov komissiyasi esa firibgarlik dalillarini topmadi.

O‘tgan hafta Myanma Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni qonunlar tegishlicha bajarilmasa, konstitutsiya bekor qilinishi mumkinligini ma’lum qilgach, mamlakatdagi siyosiy keskinlik oshib ketdi. Keyinroq Myanma harbiylari bosh qo‘mondon davlat to‘ntarishi uyushtirish bilan tahdid qilganini rad etdi.

Myanmada harbiylar 1962 yildan 2011 yilga qadar hokimiyatni boshqargan.


Maqola muallifi

Teglar

M'yanma

Baholaganlar

172

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing