Koronavirus haqidagi yolg‘onlar O‘zbekistonda yangi qonun qabul qilinishiga asos bo‘lyapti

Jamiyat

image
Olmaliqda 17 kishi koronavirusdan vafot etdimi? north_east

Olmaliqda 17 kishi koronavirusdan vafot etdimi?

Dunyoda tarqalayotgan koronavirus sababli aholi  vahima va sarosimaga tushmoqda. Shu sababli Sog‘liqni saqlash vazirligi yolg‘on xabar tarqatganlik uchun jarima joriy qilishni taklif qilyapti. Bu haqda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimchalar kiritish uchun ishlab chiqilgan qonun loyihasida keltirib o‘tilgan.

Hujjatga yolg‘on ma’lumotlar tarqatish borasida qo‘shimcha kiritilishi kutilmoqda.

Unga ko‘ra, ommaviy axborot vositalarida, axborot va telekommunikatsiya tarmoqlarida shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib fuqarolarning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga, mulkka xavf tug‘diruvchi, jamoat tartibini ommaviy buzishga va (yoki) jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi, davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxona, muassasa va tashkilotlarning normal faoliyat yuritishiga halaqit beruvchi ishonchli xabarlar niqobi ostida ijtimoiy ahamiyatga ega haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni bila turib tarqatish, - ma’muriy huquqbuzarlik predmeti hisoblangan vositalarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa qirq baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Loyihaga qo‘shimcha qilingan Tushuntirish xatida bugungi kunda uchrab turgan noxush holatlardan biri bu COVID-19 virusining ko‘p mamlakatlarda tarqalib, aholi mazkur vaziyatdan vahima va sarosimaga tushayotgani ta’kidlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra mazkur virus 2019-2020 yillar davomida 138 ta davlatda qayd etilgan. Dunyo bo‘ylab bunday pandemik vaziyat kuzatilayotgan bir vaqtda muayyan shaxslarning vaziyatdan foydalanib, asossiz va noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatishi oqibatida aholining sarosimaga tushishi, muayyan shaxslarning bundan foyda ko‘rishi, fuqarolarning turli xabarlarga ishonib o‘zini o‘zi davolash hamda kasallikdan himoyalanishi boshqa zararli oqibatlarga olib kelishi, xususan o‘zi bilmagan holda o‘z organizmiga zarar keltirishi, jamoat xavfsizligi va tartibiga xavf tug‘dirishi, ijtimoiy ahamiyatga ega tashkilotlarning normal faoliyat olib borishiga to‘sqinlik qilishi, oxir oqibat sog‘liqni saqlash tizimga nisbatan ishonchning yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda bunday turdagi g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik choralari belgilanmagan va oqibatda bunday g‘arazli niyatdagi shaxslar hech qanday javobgarlikka tortilmasdan qolmoqda.

Shu sababdan mazkur masala yuzasidan xorijiy tajriba o‘rganilganda Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Belarus Respublikasi, Filippin kabi rivojlangan va Qozog‘iston singari qo‘shni davlatlarda ommaviy axborot vositalarida, axborot va telekommunikatsiya tarmoqlarida shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib fuqarolarning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga, mulkka xavf tug‘diruvchi, jamoat tartibini ommaviy buzishga va (yoki) jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi, ishonchli xabarlar niqobi ostida ijtimoiy ahamiyatga ega haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni bila turib tarqatganlik uchun jinoiy va (yoki) ma’muriy javobgarlik nazarda tutilganligi aniqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

qonun loyihasi Koronavirus

Baholaganlar

148

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing