Turdimov va Saidov diqqatiga: Payariqda 300 ga yaqin bola sarson bo‘lmoqda

Jamiyat

image

Maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Ta’lim va tarbiyaning asosi, poydevori bu – maktab.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 

Jahondagi rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularda jamiyat hayotini o‘zgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo ta’lim tizimidan, bog‘cha, maktab, tarbiya masalasidan boshlanganini ko‘ramiz.

QALAMPIR.UZʼga Samarqand viloyati Payariq tumani “Do‘stlik” mahallasida yashaydigan aholidan murojaat kelib tushdi. Murojaatga ko‘ra, ushbu tumanning Kattasoy qishlog‘ida yashaydigan bolalar uchun maktab yo‘q. Ular har kuni ilm olish maqsadida o‘rtacha 4 km uzoqlikdagi 30-sonli va 72-sonli maktablarga qatnashga majbur. Qishloq aholisining ta’kidlashicha, yaqin atrofdan maktab qurib berishni so‘rab, tuman mutasaddilariga bir necha bor murojaat qilingan, ammo natija yo‘q.

“Mening ikki farzandim bor. 4 km uzoqlikdagi 77-maktabga boradi. Yo‘llar yomon. Atrofimizda 3 ta maktab bor, hammasi bizdan ancha uzoqda. Qishlog‘imizda taxminan 250 ga yaqin bolalar 30-sonli maktabga qatnaydi. U maktab ham taxminan 4 km uzoqda joylashgan. Yo‘llarning ahvoli yaxshi emas, qishda loy, bahor va kuzda tuproq, chang-to‘zon. Farzandlarimiz o‘qisin, deb uzoqda bo‘lsa ham maktabga borishga majburmiz. Maktablar orasidagi masofa eng kami 3,5-4 km chiqadi, 6 km uzoqlikdagilari ham bor. Yo‘llar yomon, yaqin atrofda, hatto, bog‘cha ham yo‘q. Biz ancha vaqtdan beri yaqinroqdan bitta maktab qurilishi uchun yugurib yuribmiz, lekin hech natijasi bo‘lmayapti.

Payariq tumanidan ekspeditorlar keldi, masofalarini o‘lchadi-da “qurilishi kerak ekan”, deb ketdi. Shundan beri ancha vaqt o‘tdi, hali qaytib kelishmadi. Hokimni o‘zi kelib ketganda ham dasturga kiritilishini aytgandi, ammo hamon jimjitlik. Deputat deganlarining soyasi ham yo‘q. Mahalla raislari faqat biron joyda janjal bo‘lsa keladi, bo‘lmasa yo‘q. Biz maktab qurilishi uchun murojaat qilsak, “o‘zlaring harakat qilinglar”, deyishadi”, deya yozg‘iradi farzandlarining sog‘lig‘i va kelajagidan xavotirlanayotgan ota Bahrom Hotamov.

Aholining ta’kidlashicha, qishloqda taxminan 300 ga yaqin bola maktabga boradi. Yosh oilalar ko‘p bo‘lgani bois, asosiy maktabga boradigan bolalar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari, ya’ni 7-14 yosh orasidagi bolalardir. Xurshida opa ham 4 farzandning onasi. Ulardan 3 nafari maktab o‘quvchisi. Opa to‘rtinchi farzandini o‘z qishlog‘ida qurilajak maktabga berishdan umidvor.

“Maktab juda uzoq. Katta farzandim 6-sinfda o‘qiydi, u 30-maktabga boradi, darslari ikkinchi smenada. Soat 13:30 da boshlanadigan darsiga uydan 12:00 ga yaqin chiqib ketadi. Uyga esa erta kelganda 18:30 yoki 19:00 ga yetib keladi. Qorong‘uda xavortirlanaman, qiz bola tag‘in”, deydi 4 farzandning onasi Xurshida Xayrullayeva.

“Meni 3 ta farzandim bor, bu yil katta qizim birinchi sinfga chiqdi. Rosti maktabga bergim kelmadi, juda uzoq. Tasavvur qiling, endigina birinchi sinfga borgan qizcha 4 km uzoqdagi maktabga borib-kelish uchun 8 km yo‘l yuradi. Maktabga borguncha charchab qoladi. Issiqda madori qurib kelsa, qishda oyog‘idan suv o‘tib keladi. 

Kichkina o‘g‘limni bog‘chaga berishim kerak, lekin bog‘cha ham yo‘q. Xullas bizga yangi maktab kerak, yaqinroqda joylashgan maktab kerak”, deya ta’kidlaydi Sobir Abduvaliyevich.

Mazkur holat bo‘yicha QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga murojaat qilib, aholi yashash joylarida maktablar qurilishi bilan bog‘liq norma qandayligi bilan qiziqdi. Vazirlik Matbuot kotibining ma’lum qilishicha, qishloq joylarda umumta’lim maktablari uzog‘i bilan 1,5 km uzoqlikda qurilishi belgilangan. Maktab joylashgan hududga boradigan yo‘l bir yo‘nalishda va piyoda 15 daqiqada yetib olish uchun qulay bo‘lishi lozim. 

Shuningdek, transport xizmati mavjud yo‘l bo‘lsa, 3 km uzoqlikda qurilishiga ruxsat berilgan.

Vazirlik vakilining so‘zlaridan ham ko‘rinib turibdiki, Payariq tumani “Do‘stlik” mahallasi Kattasoy qishlog‘ida yashaydigan bolalar uchun transport xizmati mavjud bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham maktab qurilishi kerak. Axir 300 nafar bolaning bahor va kuzning yomg‘irli kunlarida tayinli yo‘li, qishning sovug‘ida panasi yo‘q ko‘chalardan yurib, 4 km uzoqlikdagi maktabga borib kelishini tasavvur qilish ham qiyin.

Ta’limga trillionlab pul ajratilayotgan, inson qadri uchun deya qayta saylangan Prezident Shavkat Mirziyoyev sohaga e’tiborni kuchaytirayotgan sharoitda bir qishloqda 300 nafar maktab yoshidagi bolaning sarson bo‘lishi uyatli holat emasmi!?

Umid qilamizki, Kattasoy qishlog‘idagi vaziyat viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov e’tiboridan chetda qolmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

363

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing