“Xalq banki” pensiya tarqatish huquqidan mahrum qilinishi mumkin

Jamiyat

image

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Fuqarolarga davlat pensiyasini tayinlash jarayonini soddalashtirish hamda pensiya va nafaqalarni fuqarolarga yetkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.

Unga ko‘ra 2022 yil 1 yanvardan boshlab:

•    O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Pensiya jamg‘armasi) tomonidan moliyalashtiriladigan pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa to‘lovlarni (keyingi o‘rinlarda pensiya va nafaqalar) to‘lash har uch yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida o‘tkaziladigan tender asosida tanlangan tijorat banki tomonidan amalga oshiriladi;

•    pensiya va nafaqalar yetkazilganligi uchun xizmat haqini to‘lash uchun fuqarolarning har oylik pensiya va nafaqa miqdoriga qo‘shimcha 1 foiz ustama joriy qilinadi hamda to‘lovlarni naqd pulsiz shaklda olish yoki arzonroq xizmatdan foydalanish hisobiga iqtisod qilingan mablag‘ pensiya va nafaqa oluvchining ihtiyorida qoldiriladi;

•    pensiya va nafaqa oluvchilarga O‘zbekiston Respublikasi hududida shaxsini tasdiqlaydigan, egasining shaxsiy biografik ma’lumotlari qayd etilgan, elektron tashuvchi qurilmaga (chipga) ega bo‘lgan bank kartasi sifatida foydalanish imkoniyati mavjud maxsus pensiya kartasi joriy etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

•    ikki oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;

•    uch oy muddatda Pensiya jamg‘armasi tizimida foydalaniladigan normativ-huquqiy hujjatlar to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, fuqarolarni pensiya va nafaqa ta’minotiga oid normalarni birlashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;

•    2021 yil 1 sentyabrga qadar Markaziy bank bilan hamkorlikda 2022-2024 yillarda hududlarda pensiyalar va nafaqalarni to‘lash bo‘yicha tender o‘tkazish choralarini ko‘radi;

•    2022 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti parametrlarida mazkur qarorda nazarda tutilgan xarajatlarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘larni ko‘zda tutadi.

Ma’lumot uchun, hozirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 martdagi “Pensiyalar va nafaqalar to‘lash mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2826-son qaroriga asosan 2017 yil 1 iyundan pensiya va nafaqalar to‘lovi “Xalq banki” tomonidan amalga oshirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

pensiya

Baholaganlar

477

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing