Qozog‘iston Tojikistonga nega harbiy yordam ko‘rsatmoqchi?

Olam

image

Kecha, 7 iyun kuni Qozog‘iston Tojikistonga beg‘araz harbiy yordam ko‘rsatishi hamda o‘q-dori yetkazib berishi haqida xabar bergan edik. 

Bugun, 8 iyun kuni ma’lum qilinishicha, ushbu jarayon Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara mojarosi bilan bog‘liq emas, chunki harbiy yordam to‘g‘risidagi loyiha joriy yilning aprelidagi tojik-qirg‘iz chegara mojarosidan oldin ishlab chiqilgan. Qozog‘iston Tojikistonga yordam ko‘rsatganidan so‘ng, Qirg‘izistonga ham o‘q-dori yetkazib beradi. Bu haqda Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, Qozog‘iston shu yo‘l bilan respublikalar o‘rtasidagi chegara mojarolarini rivojlanishiga ko‘maklashmoqchi emas. Beg‘araz harbiy yordam to‘g‘risidagi kelishuvlar chegarada harbiy mojaro boshlanishidan avvalroq, aniqrog‘i joriy yilning 17 aprel va 2 mart kunlari imzolangan.

“Ushbu kelishuvlar [AQSH yetakchiligidagi] xalqaro koalitsiya mamlakatlari harbiy kontingentining Afg‘onistondan chiqarilishi rejalashtirilgani munosabati bilan imzolangan”, deyiladi vazirlik xabarida.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketyapti. Bu esa mintaqadagi xavfsizlik masalasini kun tartibiga ko‘tardi. Ustiga-ustak Afg‘onistonda katta kuchga ega bo‘lgan “Tolibon” ham faollashib qolgan.

Ma’lumot uchun, Tojikiston Afg‘oniston bilan umumiy chegaraga ega va uning uzunligi 1300 kmdan ko‘proqni tashkil qiladi. Afg‘onistondagi siyosiy vaziyatning o‘zgarishi ortidan nafaqat Qozog‘iston, balki Rossiya ham Tojikistonni harbiy jihatdan qo‘llashini ma’lum qilgan.

Qozog‘iston Mudofaa vazirligi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Tojikiston va Qirg‘iziston ikki o‘rtadagi chegara muammosini hal qilish va vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishgandan keyingina o‘q-dorilarni oladi.

Avvalroq Tojikiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi harbiy-texnik yordam to‘g‘risidagi shartnoma ratifikatsiya qilish uchun jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgandi. Hujjat ikki mamlakatda tasdiqlangandan so‘ng kuchga kiradi.

Kelishuvga binoan, Qozog‘iston Tojikistonga quyidagi harbiy mahsulotlarni berishni rejalashtirgan:

•  5,45 millimetrli PS o‘qli patronlar – 3million 240 dona;
•  23 millimetrli patronlar – 20 ming 76 dona:
•  82 millimetrli minomyot o‘qlari – 10 ming dona.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston Qozog‘istonga joriy yilning iyun va avgust oylarida “Baxri Tochik” suv omboridan 315 million kubometr suv yuboradi. Bunday hajmdagi resursning bahosi taxminan 150 ming AQSH dollarini tashkil qiladi. Biroq, Qozog‘iston Tojikistonning chilla paytida ko‘rsatadigan bu yordamiga qanday qilib minnatdorlik bildirishi ochiqlanmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

564

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing