Guterrish Ukrainadagi urushi hali-beri tugamasligini aytdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Ukraina va Turkiya Prezidentlari bilan Lvovda bo‘lib o‘tgan uch tomonlama uchrashuvda Ukraina muammosini hal qilish borasidagi sa’y-harakatlarni muhokama qilib, harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha aniq muzokaralar boshlanishiga hali uzoq yo‘l bor ekanini aytdi. Bu haqda brifingda BMT Bosh kotibi vakili o‘rinbosari Farxon Haq ma’lum qildi.

“Bosh kotib tinchlik ishini ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlarni muhokama qildi. Ammo biz urushni to‘liq to‘xtatish borasidagi sa’y-harakatlarni muhokama qiladigan vaqtdan hali juda uzoqmiz”, deya qo‘shimcha qilgan Haq.

Uning ta’kidlashicha, muzokaralar davomida, xususan, MAGATEning Zaporoje AES va Yelenovkadagi tergov izolyatorining o‘qqa tutilishi faktlarini aniqlash missiyasi muhokama qilingan. 

"Harbiy harakatlarni to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlar haqida boshqa hech narsa deyishning iloji yo‘q. Harbiy harakatlar hattoki, bugun ham davom etayotgani ko‘rinib turibdi", deydi Haq.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

6

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing