G‘ofurboyning rafiqasi va Miraliyevlar ishi: Rahimova o‘rniga “Jasliq”ning sobiq mahbusi ko‘rsatma berdi

Tahlil

image

Fevral oyining eng shov-shuvli sud ishlaridan biri G‘ofur Rahimovning rafiqasi Lola Rahimova va aka-uka Miraliyevlar ishi bo‘ldi. Miraliyevlar oilasining kenja vakili Eldor Miraliyevga nisbatan jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 166-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

QALAMPIR.UZ mazkur ish yuzasidan jinoyat ishlar bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudida o‘tkazilayotgan sud jarayonlarida qatnashib kelmoqda. Kecha, 17 fevral kuni navbatdagi sud majlisi o‘tkazildi. Ushbu sud majlisiga G‘ofur Rahimovning rafiqasi kelishi kutilgan edi. Biroq, uning o‘rniga ko‘rsatma berish uchun boshqa shaxs keldi.

Dastavval sud majlisida guvoh N.A. ko‘rsatma berdi. Uning aytishicha, qarindoshi Sh.A. (jabrlanuvchi – tahr.) bitta hisobraqamga 200 ming AQSH dollari berishni so‘ragan. “Men pullarni “bezvozmezdnoye” tarzida o‘tkazganman”, deydi guvoh. Ishda yana bir guvoh B.A. ham ishtirok etdi. Ushbu guvoh pulning 100 ming AQSH dollarini Eldor Miraliyevning qo‘liga berganini, R.I. bilan tanish bo‘lmaganini aytdi. 

Ushbu ishda notarial idora vakili ham qatnashdi. Mirzo Ulug‘bek tumani 10-sonli notarial idora vakili sanalmish K.Z. olib borilgan oldi-sotdi shartnomalar haqida tushuntirish berdi. 

Sud majlisida oxirgi bo‘lib, yuqorida ta’kidlanganidek, Lola Rahimova o‘rniga Q.G‘. so‘zga chiqdi. Ushbu shaxs Lola Rahimovaning qonuniy vakili sifatida ko‘rsatma berishini aytdi. Sud uni mazkur ishi bo‘yicha guvoh sifatida e’tirof etilgani haqida ta’kidladi va ko‘rsatma berish uchun so‘z berdi.

“2018 yil 26 yanvar kuni “Jasliq” koloniyasidan ozod etildim. Shundan so‘ng, oqlandim. Butun 2018 yilni men sog‘lig‘imni tiklash bilan o‘tkazdim. Men Eldor Miraliyevni birinchi marta 2018 yili 26 mart kuni Moskvada uchratdim. Bu ishga o‘zimning shaxsan bog‘liqlik joyim yo‘q. Men bilan Eldor Miraliyev aeroportda uchrashdi. So‘ng, Lola Rahimovaning oldiga olib borgandi.

2019 yil yanvar oyida Lola Rahimovaga oid jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan tugatildi. Lola Rahimovaning aytishicha, 2014 yilda Oybek Miraliyev Yevropa kredit bankidan 2 million AQSH dollari miqdorida kreditni Rahimova nomiga olgan. Rahimova Interpol bo‘yicha, O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgan. Shu sababli, Oybek Miraliyevga ishonchnoma taqdim etilgan. 2019 yil boshida jinoyat ishi bekor bo‘lgani sababli Lola Rahimova erkin tarzda harakatlanishi mumkin bo‘lgan. Kreditning 200 ming AQSH dollari qismiga Mercedes Mybach sotib olishi ko‘zlangan. Shuning uchun, Eldor va Sardor Miraliyevlarga ham ishonchnoma taqdim etilgan.

2019 yil yanvarida O‘zbekistonga avtomobil olib kelingan. Fevral oyi o‘rtalarida avtomashinaga raqam olingan. Shunda ma’lum bo‘lyaptiki, avtomobil Rahimovaning nomiga emas, uchinchi shaxs nomiga rasmiylashtirilgan ekan. Shundan so‘ng, Lola Rahimova ishonchnomani bekor qiladi. Avtomashina Lola Rahimova yoki uning o‘g‘li Akmal Rahimovga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan”, deya ta’kidladi guvoh.

Guvohning Lola Rahimova tilidan gapirayotganiga raislik qiluvchi e’tiroz bildirdi. “Guvoh maqomida ko‘rsatma beryapsiz. Faqat o‘zingizga ma’lum bo‘lganini gapiring. Birovning gapini aytmang”, dedi sudya.

Ayblanuvchining himoyachilaridan biri quyidagicha savol berdi:

“Kredit olingan va o‘sha 2 million AQSH dollari Miraliyevlar tomonidan yopilgan bo‘lsa, bu yerda arz qilishga sabab nima? Kredit ajratildi. Lola Rahimova tomonidan ishonchnoma berildi. Qonunan sotib olish huquqi bor. Bu noqonuniy ekanligi haqida biror huquqiy asos, xujjat mavjudmi? Avtomobil sotib olayotganda o‘zining tartibi bor. Mana bu ishonchnoma asosida deb ko‘rsatiladi, to‘g‘rimi?”.

Guvoh bu masalada ma’lumotga ega emasligini ta’kidladi. “Bilmadim. Men bunday narsani ko‘rmaganman”, deya javob berdi guvoh Q.G. Advokat guvohdan bu masalada biror yuridik kuchga ega bo‘lgan xujjat ko‘rsatishini so‘radi. Guvoh buni o‘zining chiqargan xulosalaridan kelib chiqib gapirayotganini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 21 sentyabrda Oybek Miraliyev Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan ayblanib, unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda qidiruv e’lon qilingan. 2019 yil 23 sentyabr kuni u huquqni muhofaza qiluvchi tashkilot xodimlari tomonidan ushlangan. Eldor Miraliyevga jinoyat ishi doirasida 168-moddaning 3-qismi “a” bandi va 168-moddaning 4-qismi “a” bandi, 166-moddaning 4-qismi “a” bandi bilan ayblanib sud ishi ko‘rib chiqilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Jasliq G'ofurboy Miralievlar ishi

Baholaganlar

803

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing