Fojia sababi hamon noma’lum. FVV Sergelidagi yong‘in bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi

Jamiyat

0:00
0:00
download

Avvalroq, 20 may kun Sergeli tumanidagi Navro‘z 6-tor ko‘chasidagi uylarning birida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Xabar tarqalishi bilan uyi mahallada yashovchi fuqarolar QALAMPIR.UZ’ga murojaat qilib, hodisada bir emas besh uy yonganini ma’lum qildi.

Bugun, 22 may kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Sergelidagi yong‘in yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Vazirlik yong‘in yuz bergan kuni Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tezkor-qutqaruv guruhiga Sergelidagi “Pastdarxon” MFY Navro‘z 6-tor ko‘chasida bir uy yonayotgani haqida xabar kelganini ma’lum qilgan.

“Joriy yilning 20 may tongi soat 7:35 da Sergeli tumani “Pastdarxon” MFY Navro‘z 6-tor ko‘chasida joylashgan xonadonlarning birida yong‘in bo‘layotganligi yuzasidan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tezkor-qutqaruv guruhiga xabar kelib tushgan. Yong‘in bo‘yicha birlamchi ma’lumot Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati tomonidan internet tarmoqlarida tezkorlik (bu vaqtda yong‘in faqat bir uyda bo‘layotgan edi) bilan yoritilgan”, deyiladi FVV xabarida.

Yong‘in joyiga birinchi bo‘linma soat 7:45da, ya’ni 10 daqiqada yetib borgan, qolgan yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari soat 07:47dan soat 08:24 ga qadar, jami 5 ta bo‘linma yong‘in joyiga yetib borgan.

Qayd etilishicha, yong‘in sodir bo‘lgan xonadon qo‘shni xonadonlarga zich qilib qurilgani, yong‘inga qarshi devorlar bo‘lmagani, shu bilan birga, shamol tezligi yuqori bo‘lib turgani sababli yong‘in boshqa xonadonlarga ham tezlik bilan tarqalib, natijada 3 ta xonadonga tegishli 200 m kv maydonda yong‘in yuzaga kelgan.

“Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari tonggi vaqtda poytaxt ko‘chalarida mavjud bo‘lgan tirbandliklarga duch kelganligi, “Pasdarxon” MFY, Navro‘z 6-tor ko‘chasidagi yer osti gidrantining suv bosimi past bo‘lganligi kabi holatlar yong‘inni tezlik bilan bartaraf etishga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Yonig‘in-qutqaruv bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, yong‘indan jabrlangan va halok bo‘lganlar qayd etilmagan”, deyiladi xabarda.

Vazirlik hozirda yong‘in sabablari va moddiy zarar miqdori aniqlanayotganini qo‘shimcha qilgan.

Qayd etish kerakki, QALAMPIR.UZ’ga murojaat qilgan fuqarolar o‘t o‘chiruvchilar kechikib kelganini aytib, OAVda noto‘g‘ri ma’lumot tarqatilganiga jiddiy norozilik bildirdi.

Shuningdek, fuqarolar yong‘in tuman elektr tarmoqlari korxonasining ishiga sovuqqonlik bilan yondashgani sababli yuz berganini aytmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

yong'in

Baholaganlar

156

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing