Fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sohiblari e’lon qilindi

Olam

image

Bugun, 6 oktyabr kuni fizika bo‘yicha 2020 yilgi Nobel mukofoti sohiblari aniq bo‘ldi.

Ingliz fizigi Rojer Penrouz qora tuynuk ustida olib borgan izlanishlari tufayli mukofotlandi. Germaniyalik astrofizik Raynxard Gensel va amerikalik astronom Andrea Gez esa galaktikamiz markazida supermassiv ixcham ob’ektni kashf etgani uchun fizika bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq ko‘rildi. 

Uch laureat koinotdagi eng ekzotik hodisalardan biri – qora tuynuk haqidagi kashfiyotlari uchun fizika bo‘yicha bu yilgi Nobel mukofotini olishdi. 

G‘oliblarning nomlari Stokgolmdagi Nobel qo‘mitasi marosimida e’lon qilindi. 

Jeyms Piblz, Dide Keloz va Mishel Mayor fizika bo‘yicha 2019 yilgi Nobel mukofoti laureatlari deb e’lon qilingandi.

Olimlar astronomiya va astrofizika sohasidagi tadqiqotlari uchun mukofotlanishgandi.

2018 yilgi fizika bo‘yicha Nobel mukofoti esa lazer fizikasi sohasidagi kashfiyotlari uchun Artur Eshkin, Jerar Mur, Donna Striklendga berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha 2020 yilgi Nobel mukofotiga amerikalik olimlar Xarvi Olter va Charlz Rays hamda britaniyalik virusolog Maykl Xouton munosib ko‘rilgandi. Mukofot gepatit S virusini topganlik uchun тақдим etilgandi.

Ma’lumot uchun, Shvetsiya va Norvegiyada 5 oktyabr kuni Nobel haftaligi boshlandi. Haftalik davomida ushbu nufuzli mukofotning 2020 yildagi sovrindorlari aniqlanadi.

Stokgolmdagi Nobel qo‘mitasi 6 oktyabr, seshanba kuni — fizika, 7 oktyabr, chorshanba kuni — kimyo, 8 oktyabr, payshanba kuni esa adabiyot bo‘yicha sovrindorlarini e’lon qiladi.

Eng nufuzlilardan biri hisoblanadigan dunyoda tinchlik o‘rnatishga hissa qo‘shganlik uchun mukofot sovrindori, an’anaga ko‘ra, Osloda e’lon qilinadi. Marosim 9 oktyabr, juma kuniga belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

58

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing