Endi Yevropa gazni o‘ylab ishlatadi. Putin muhim qarorni imzoladi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin do‘st bo‘lmagan davlatlar bilan gaz savdosi qoidalari to‘g‘risidagi farmonni imzolaganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, bu kabi davlatlar Rossiya banklarida rublda hisob ochishi kerak.

“Bugun men Rossiya tabiiy gazini do‘stona bo‘lmagan davlatlar bilan savdo qilish qoidalarini belgilovchi farmonni imzoladim”, deydi Prezident.

Unga ko‘ra, agar do‘st bo‘lmagan mamlakatlardan kelgan xaridorlar yangi to‘lov shartlarini bajarmasa, amaldagi gaz yetkazib berish shartnomalari to‘xtatiladi. Yangi qoidalar 1 apreldan kuchga kirishi ma’lum qilindi.

“Biz bunday davlatlarning pudratchilariga aniq va shaffof sxemani taklif qilamiz: Rossiya tabiiy gazini sotib olish uchun ular Rossiya banklarida joriy yilda rubl hisob raqamlarini ochishlari kerak”, deydi Putin.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin do‘st bo‘lmagan mamlakatlarga tabiiy gaz yetkazib berish uchun to‘lovlarni rublda qabul qilishga ko‘rsatma bergandi. Unga ko‘ra, Rossiya tomonining endilikda Yevropa Ittifoqi va AQSHga mahalliy tovarlarni dollar va yevroda yetkazib berishidan ma’no yo‘q. 

“Shuning uchun, men do‘st bo‘lmagan davlatlarga yetkazib berilayotgan tabiiy gazimiz uchun to‘lovlarni qisqa vaqt ichida Rossiya rubliga o‘tkazish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaror qildim”, deya ta’kidlagan Putin.

Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, Rossiyaning do‘st bo‘lmagan davlatlar bilan gaz hisob-kitoblari rublga aylantirilgach, xorijiy iste’molchilar zarur operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Ya’ni gaz sotib olishni xohlagan davlat avvalo Rossiyadan rubl olishi lozim.

U bugun, 31 mart kuni Vazirlar Mahkamasi, Rossiya banki va “Gazprom” kompaniyasining do‘st bo‘lmagan mamlakatlarga gaz yetkazib berish uchun to‘lov valyutasini rublga o‘zgartirish haqidagi hisobotini qabul qilgan bo‘lishi kerak.

Avvalroq, Qatar davlat Energetika vaziri Saad al-Kaabi Rossiyaning gaz uchun rublda to‘lash talabi harbiy vaziyatga munosabat bo‘lib, uzoq muddatli shartnomalarga ta’sir qilishi dargumonligini aytgandi. Germaniya Bundestagining iqlim va energetika bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Klaus Ernst esa Germaniya Rossiya gazi uchun to‘lovni rublda to‘lashi mumkin, biroq bunda u Rossiya Markaziy bankidan rubl olishi va shu orqali o‘zining sanksiyalarini chetlab o‘tishi kerakligini bildirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

972

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing