“Ehtiyot bo‘ling, eshiklar yopilmaydi”. Metro xodimlari javobgarlikka tortildi

Jamiyat

image

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘nalishidagi metro poyezdi “Pushkin” va “Buyuk ipak yo‘li” bekatlari oralig‘ida vagonning eshigini yopmay harakatlangani aks etgan video tarqalgan edi. Mazkur holat bo‘yicha “Toshkent metropoliteni” UK bayonot berib, tekshiruv o‘tkazilishini ma’lum qilgan edi. 

Ushbu  hodisa yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruviga ko‘ra, ma’sullar javobgarlikka tortildi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ o‘zining Telegram’dagi rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, metro poyezdlari vagonini eshiklari ochiq holda haydab, yo‘lovchilarning hayotini xavf ostida qoldirganligi va xizmat vazifalarini noto‘g‘ri bajargani uchun mashinist, elektromontyor-chilangar va elektr harakatlanuvchi tarkibning katta ustasi egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. 

Shuningdek, Elektr bazasi boshlig‘ining elektr harakatlanuvchi tarkibini ta’mirlash bo‘yicha o‘rinbosari ish haqining 40 foizi miqdorida jarimaga tortilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 mart kuni Toshkent metropolitenining Chilonzor va Sergeli yo‘nalishlari orasida ikkita poyezd to‘qnashuvi sodir bo‘lgandi.
Keyinroq Sergeli yo‘nalishida bekatlar o‘rtasida metro poyezdi to‘xtab qoldi. Oqibatda yo‘lovchilar releslar ustida harakatlanib, metro bekatiga piyoda yetib oldi.

Sardor To‘lanboyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

286

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing