“Burgutko‘z hakamlaringdan aylanay, O‘FA!”. “Paxtakor”ga qarshi o‘yindan so‘ng “Metallurg” klubi jiddiy bayonot bilan chiqdi

Sport

image

Kecha, 9 sentyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 18-tur bahslaridan o‘rin olgan uchrashuvlar doirasida Toshkentning “Paxtakor” klubi o‘z maydonida Bekobodning “Metallurg” jamoasini qabul qildi va 2:1 hisobida zafar quchdi.

“Sherlar”ning g‘alaba goliga 56-daqiqada Abbos Fayzullayev mualliflik qildi. Ammo ushbu vaziyatda “Metallurg” darvozaboni Aleksandr Lobanov Fayzullayevning bosh bilan yo‘llagan zarbasini chiziq ustidan qaytargandek tuyildi. Aksariyat muxlis va mutaxassislar ham to‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tmadi, degan fikrni berdi. Biroq bosh hakam Firdavs Norsafarov va uning yordamchilari ushbu vaziyatni gol deya baholadi. Uchrashuvda VAR tizimidan foydalanilmagan edi. Shu sabab hakamlarda vaziyatni ob’ektiv baholashning iloji bo‘lmadi.

Albatta, ushbu vaziyat Bekobod klubi matbuot xizmatining ham nazaridan chetda qolmadi. Ular o‘zlarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “Burgutko‘z hakamlaringdan aylanay, O‘FA!” sarlavhasi bilan bayonot berdi. Ushbu bayonotda bekobodliklar uchrashuvdagi hakamlar guruhi faoliyatidan qoniqmaganini ochiq aytgan.

“Uchrashuvdan oldin OAV sahifalarida ko‘p ta’kidlangan 11 yillik qora an’anaga chek qo‘yilishi mumkin edi. “Metallurg” Toshkentda “Paxtakor”dan ochko olishga yaqin keldi. Ammo futbolchilardan rang bo‘yicha ham, harakat bo‘yicha ham ajralib turuvchi hakamlarning “sahnaga chiqishi” hammasini buzib qo‘ydi. “Metallurg” Toshkentda alamli mag‘lubiyatga uchradi”, deyiladi “Metallurg” klubining bayonotida.

Shuningdek, Bekobod jamoasi matbuot xizmati oxirgi uchrashuvlarda hakamlikdan noliyotgan “Paxtakor” bosh murabbiyi Maksim Shatskixning Jahon chempionati haqidagi gaplarini zaharxanda kinoya bilan eslab o‘tgan.

“Kutilganidek uchrashuv mezbonlarning hududiy ustunligi va keskin hujumlari bilan boshlandi. O‘yinini qarshi hujum asosiga qurgan “Metallurg” dastlabki bosim va tazyiqqa matonat bilan bardosh berdi va o‘zining imkoniyatini kutdi. Bu imkoniyat esa 23-daqiqada bo‘y ko‘rsatdi. Tezkor qarshi hujumda jarima maydoniga yorib kirgan Zabihullo O‘rinboyevni mezbonlar posboni to‘xtatib qoldi. Hakam ikkilanmay 11 metrli nuqtani ko‘rsatdi. Penaltini jabrlanuvchining o‘zi bexato amalga oshirdi – 0:1.

O‘yinning bunday tus olishi tabiiyki “Paxtakor”ga yoqmadi. Jamoa endi himoyani ham tashlab, to‘liq kuch bilan hujumga otlandi. Lobanov darvozasi yonida ketma ket xavfli vaziyatlar yuzaga kela boshladi. Shunday hujumlardan biri taym oxirida Pshemislav Banashakning goli bilan tugadi. Mazkur golni aslida bekobodliklar “hakamning yordami bilan” o‘zlariga o‘zlari olib kelishdi. 33-daqiqada Kerim Palich raqib hududida raqib oyog‘i tagiga tashlanib, to‘pni olib qo‘yishga erishdi. Bir qaraganda toza harakat qilgandek edi. Firdavs esa vaziyatni boshqacha baholadi. “Metallurg” tomonga jarima zarbasi belgilashidan tashqari, mehmonlar tayanch yarim himoyachisiga oddiy vaziyat uchun sariq kartochka ham ko‘rsatdi. Standart holatidan boshlangan hujum esa gol bilan yakunlandi – 1:1.

56-daqiqada 56 yil muqaddam jahon chempionatining finalida yo‘q golni inobatga olgan referi Tofiq Bahramov “tirilib qaytganday bo‘ldi” (Vo darig‘, o‘xshashlikni qarang!). “Paxtakor” futbolchisi o‘ng qanotdan ta’qibchisidan qochib, to‘pni jarima maydoniga uzatdi. Olis burchakda Fayzullayev to‘pga boshi bilan zarba berdi. Lobanov darvoza chizig‘i ustida turib qo‘llarini oldinga cho‘zgancha to‘pni qaytardi. Norsafarov  vaziyat nima bilan tugashini kuzatib turgan bir paytda, e’tibor bering, Lobanov, “Paxtakor”ning qanotdan to‘pni uzatgan o‘yinchisi, uni ta’qib qilib kelgan “Metallurg” himoyachisi, jarima maydoni ichida yana ikki futbolchining orasidan qanot hakami “to‘pning chiziqni kesib o‘tganini ko‘rib turibdi-da!!!” E-e-e, burgutko‘z hakamlaringdan aylanay O‘zbekiston, O‘FA, Futbol hakamlari markazi, devorging keladi! Qoyilmisan!!!

So‘nggi ikki uch o‘yindan buyon hakamlarni rosa tanqid qilgan Maksim Shatskixning nolalari “qayerlargadir yetib borganga” o‘xshaydi. “Bunday hakamlik bilan jahon chempionatini orzu qilmang”, degandi, Lobanovskiy maktabida tahsil ko‘rgan Maksim! Endi-chi, endi ham orzu qilmaylikmi, Mundialni?!

Sobiq Ittifoq davrida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan “Paxtakor”ga barcha ishqibozlik qilgan. Otamiz ham, tog‘amiz ham, jiyanimiz ham, qo‘shnimiz ham, o‘zbek ham, o‘ris ham! Xullas hamma o‘zbekistonliklar! Shu boisdan ham mezbonlar (“Paxtakor”) rasmiy Telegram kanali ta’kidlaganidek, “sigirning oppoq sutiday top toza gol”inglar muborak bo‘lsin, “otamning “Paxtakori!”, deya yakunlanadi “Metallurg” klubining bayonoti.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Superligasining ortda qolgan 18 ta turidan so‘ng, 35 ochko jamg‘argan “Paxtakor” musobaqa jadvalida yetakchilik qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

“Paxtakor” “Metallurg”

Baholaganlar

432

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing