BMT Rossiyaga qarshi rezolyutsiyani qabul qildi. O‘zbekiston kimni yoqlab ovoz berdi?

Olam

image

Kecha, 2 mart kuni BMT Bosh Assambleyasi Rossiyadan Ukrainadagi urushni to‘xtatish va qo‘shinlarini olib chiqishni talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi.

BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalaridan farqli o‘laroq, Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalari davlatga nisbatan majburlov choralarini belgilay olmaydi. Bunday choralarni tayinlash BMT Xavfsizlik Kengashining vakolatidir.

Rezolyutsiya uchun 141 davlat yoqlab, besh davlat qarshi ovoz berdi, 35 davlat betaraf qoldi. Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Suriya, Shimoliy Koreya va Eritreya qarshi chiqdi. Betaraf qolganlar – Xitoy, Hindiston, Kuba, Markaziy Afrika Respublikasi, Eron, Iroq, Qozog‘iston, Pokiston, JAR va boshqalar. Ozarbayjon, Turkmaniston va O‘zbekiston ovoz bermagan.

Ukraina, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya va boshqa bir qator davlatlar hamkorligida tayyorlangan rezolyutsiyada Rossiya tomonidan 2022 yil 24 fevralda Ukrainaga urush e’lon qilingani qoralanadi. Mualliflar, shuningdek, Rossiyaning “yadro kuchlarining tayyorgarligini oshirish” qarorini qoralagan. Rezolyutsiyada aytilishicha, Bosh Assambleya Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi tajovuzkorligidan chuqur afsusda va Rossiya Federatsiyasidan Ukrainaga kuch ishlatishni zudlik bilan to‘xtatishni hamda BMTning boshqa davlatlariga tahdid qilishdan tiyilishni talab qiladi.

Rezolyutsiyaga ko‘ra, BMT Bosh Assambleyasi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasidan o‘zining barcha qurolli kuchlarini Ukraina hududidan xalqaro miqyosda tan olingan chegaralar doirasida zudlik bilan, to‘liq va hech qanday shartlarsiz olib chiqib ketishni talab qiladi.

Hujjat Moskvadan DXR va LXRni tan olishdan zudlik bilan va so‘zsiz voz kechishni hamda barcha tomonlardan Minsk kelishuvlariga rioya qilishni talab qiladi. Matnda, shuningdek, Bosh Assambleya Belarusning Ukrainaga qarshi kuch ishlatishda ishtirok etganidan afsusda ekani ta’kidlangan va Minskdan xalqaro majburiyatlarini bajarish talab qilingan. Rezolyutsiyada “Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatni siyosiy muloqot va muzokaralar orqali zudlik bilan hal etish” talab qilingan.

Joriy yilning 25, fevral kuni Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashida AQSH va Albaniyaning Rossiya Federatsiyasini Ukrainadagi urushni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyasiga veto qo‘ygandi. AQSH elchisi Linda Tomas-Grinfild bu masalani BMT Bosh Assambleyasi muhokamasiga o‘tkazishga va’da bergan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH va Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

636

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing