Bir tomonda qarz, ikkinchi tomonda xalq. Hukumat “oltin o‘rtalik”ni topishi kerak

Intervyu

Inson boy bo‘ldi va xotirjamligini yo‘qotdi. Bugun buning yaqqol misolini AQSH va Yevropa mamlakatlarida ko‘rish mumkin. O‘zbekiston Hukumati esa rivojlanish borasida “oltin o‘rtalik”ni topishi va pul uchun qadriyatlarni qurbon qilmasligi kerak. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov bilan suhbatda ma’lum qildi. 

“Oxirgi 20-30 yilning ichida butun dunyodagi siyosiy jarayonlarga e’tibor bersangiz, konservativ g‘oyalar ustuvorlikka ega bo‘layotganini ko‘rishingiz mumkin. Bugun insoniyat shuni tushunib yetdiki, rivojlanish uchun qadriyatlarni qurbon qilmaslik kerak. AQSH deysizmi, yoki Yevropa mamlakatlarida bugun inson bilan bog‘liq inqirozlar juda ko‘p. Inson boy bo‘ldi, lekin xotirjamligini, tub qadriyatlarini yo‘qotib qo‘ydi. Eng rivojlangan Yevropa bugun oila institutining inqirozini boshdan kechirmoqda. AQSHda ham qanday muammolar bo‘layotganini hammamiz ko‘rib turibmiz”, deydi Qodirov. 

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar, xalqaro moliyaviy tashkilotlar va banklar bilan muloqoti kengaymoqda. Mamlakatning tashqi qarzi esa allaqachon 33,8 milliardga yetgan. Xalqaro moliyaviy tashkilotlar esa qarz va kreditlarning sarflanishi doimiy ravishda nazorat qilib boradi va demokratiya, so‘z erkinligi, inson huquqlari mavjud holati bo‘yicha xulosalar kiritib boruvchi tashkilotlarning bayonotiga quloq tutadi. Bulardan biri “Human Rights Watch” xalqaro inson huquqlari tashkiloti. U yaqinda rasmiy Toshkentga mamlakat Jinoyat kodeksidan besoqolbozlikka oid moddani chiqarib yuborishni so‘rab ikkita murojaat yo‘lladi. Tabiiy ravishda bu mamlakat aholisining e’tiroziga sabab bo‘ldi. Xo‘sh, Hukumat bunday vaziyatlarda qanday yo‘l tutishi kerak? Bir tarafda xalq, ikkinchi tarafda qarz va xalqaro tashkilotlarning talablari. Alisher Qodirov bu haqda shunday deydi: 

“Jahon hamjamiyati, xalqaro institutlar iqtisodiy talablar qo‘yishi, investitsiyalarni ma’lum talablar asosida amalga oshirishi qadriyatlarni qurbon qilishga arzimaydi. To‘g‘ri, rivojlanish uchun “oltin o‘rtalik”ni topishga majburmiz. Va hokimiyatning oldida turgan eng og‘ir va murakkab dilemma ham aynan shundan iborat. Xalq hech qachon qadriyatlarimga zid ish qil, ya’ni “ota-bobolarim tutgan yo‘ldan voz kech va evaziga mana bu narsani olib kel”, degan talab bilan hokimiyatni saylamaydi. Xalq bugungi hokimiyatga ishonch bildirganda ana shunday murakkab sharoitlarda “oltik o‘rtalik”ni topish, ya’ni ham investitsiyalarni jalb qilish, ham O‘zbekistonni rivojlantirish, ham qadriyatlarni avaylab-asrash, xalqimiz uchun qulay bo‘lgan yashash sharoitini yaratish masalasini ilgari surgan”. 

O‘zbekiston jamiyati bugun butun dunyoda yuzaga kelayotgan muammolarga qachondir uchrashi tabiiy edi va muammolarni jamiyatga hech kim filtrlab bermaydi. Aksincha, odamlarning o‘zi jipslashishi, toqatli va konstruktiv muloqotga ochiq bo‘lishi kerak. Qodirov bu haqda gapirarkan, hind siyosatchisi Mahatma Gandining so‘zlarini eslaydi. 

“Bugun atrofda o‘z manfaati uchun kurashib yotgan uyushmalarning harakatlari ichidan mamlakat va xalq manfaatini sug‘urib chiqa olish oson emas va juda katta kuch talab qiladigan masala. Bugungi kunda O‘zbekiston shu jarayonga kiryapti. Gandining gapini takror va takror eslayman: oynani ochganingizda faqatgina toza havo kirmaydi, havoga qo‘shilib chang-to‘zon ham kirib keladi. Biz bugun oynani ochdik. Bir necha yillar davomida oynani yopib o‘tirdik. Oqibatda havo ham kirmadi. Bugun esa o‘zgarishlar bo‘lyapti va bu o‘zgarishlar bilan birga provokativ, g‘araz maqsadlar ham kiradi. Bu jarayon tabiiy va buni biz uchun hech kim filtrlab bermas edi. Endi buning yechimi bitta: biz jamiyat sifatida shakllanishimiz kerak. Bizda axborot, mafkuraviy va qadriyatlarni himoya qilish immuniteti shakllanishi kerak. Azaliy qadriyatlarimiz rivojlanishimizning poydevori bo‘lishi uchun bir xalq bo‘la olishimiz, tarqoq bo‘lmay, umumiy maqsad yo‘lida birlashishimiz shart. Bugun mana shunday jamiyatlar yutyapti”, deydi Qodirov.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov bilan eksklyuziv intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

218

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing