Payg‘ambarimiz alayhissalomning eng buyuk tavsiyalaridan biri nima edi?

Foydali

Islom dinida banda jahldan, g‘azabdan qaytarilgan. Garchi uning nomiga noloyiq so‘zlar aytilsa-da, haqoratlar bo‘lsa-da, aql bilan, fahm-farosat bilan ozgina bir sabr bilan munosabat bildirishga chaqirilgan.

Jahl qilish va uning ortidan keluvchi noxushliklar haqida Toshkent shahridagi “Xo‘ja Alambardor” jome masjidi imom-xatibi Rahimberdi domla Rahmonov bilan suhbatlashdik. 

“Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamga bir sahobiy kelib: “Yo Rasululloh, menga vasiyat qiling”, deb so‘radi. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu buyuk sahobiyga “g‘azablanmagin”, dedilar. Mana shu so‘zning o‘zi buyuk tavsiya, nabaviy bir ko‘rsatma edi. Rasuli Akram alayhissalom inson uchun fazilat bo‘ladigan, uning yuzini yorug‘ qiladigan, xatolardan xoliy qiladigan fazilat haqida gapirganlar.

Ramazon oyida turibmiz, bu oyda juda katta manfaatlarni qo‘lga kiritamiz. Mana shu foydalardan bittasi g‘azabimizni jilovlashdir. Chunki ro‘za bo‘la turib, birovga qattiq gapirish, jahl qilish mumkin emas. Payg‘ambarimiz alayhissalom marhamat qiladilar: “Qaysi biringiz ikki kishining o‘rtasini g‘azablangan holida hukmini chiqarmasin”, dedilar. Chunki g‘azablangan inson to‘g‘ri hukm chiqarmasligi aniq”.

Shu o‘rinda Rahimberdi domla Muhammad sallollohu alayhi vasallamning hayotida sodir bo‘lgan va bandalar uchun ibratli hisoblangan voqeani so‘zlab berdilar. 

“Payg‘ambarimiz alayhissalomning fazilatlarida ham g‘azab qilish odati yo‘q edi. Makka ahli u kishini hurmat qilar edi. “Muhammad Amin”, deya e’tirof etishardi. U kishiga ishonishardi. Ammo U Zot 40 yoshga kirib, payg‘ambar bo‘lganlaridan so‘ng, u kishiga ishonmay qo‘yishdi, ozor berib, jahl ko‘rsatadigan bo‘lishdi. Rasululloh alayhissalomni haqorat qilishdi, sehrgar, majnun, deya atashdi. Yo‘llariga tikanlar sochishdi, hatto sajda qilib turganlarida ustilaridan tuyaning ichak-chavoqlarini to‘kishdi. Tuhmatu malomatlarga qoldilar.

Hech bir umidlari qolmagach, Zayd ibn Horisa hamrohligida Toif shahriga yo‘l oldilar. Bu shahar Makkai Mukarramadan 70 km janubiy sarhadda joylashgan. Sarvari koinot u yerda o‘zlariga yaqin bo‘lgan 3 nafar odamdan va ular orqali shahar ahlidan umid qilib, payg‘ambarlik ishlarini davom ettirish maqsadlari bor edi.

Ammo umid qilgan odamlari ham, boshqalar ham Rasululloh alayhissalomning gaplarini qabul qilishmadi. U kishining ustilaridan kulishdi. Rasuli Akram alayhissalomni shahardan quvishdi. Shahardan chiqib ketishayotganida u kishini toshbo‘ron qilishdi. U Zot alayhissalomning poyabzallari qonga to‘lib ketdi. 

Shahardan uzoqlashib, bir bog‘ga kirdilar. Xo‘rliklari kelib, zorlanib duo qildilar: “Parvardigor, senga quvvatimning ozligidan, tadbirimning ozligidan, odamlar bilan murosa qila olmayotganimdan shikoyat qilaman. Parvardigor, meni kimlarga tashlab qo‘yding? Agar bu ozoru sitamlar sening g‘azabingdan bo‘lmasa, men bu ozorlarga parvo qilmayman”.

Bu nafosatni qarang, bu pokiza qalbni qarang. G‘azab qilmaslik, odamlarning haqoratiga qahr qilmaslik nimadan axir? Nabaviy axloqlardan biri shuki – har qanday holatda ham g‘azablanmaslik darkor. Haqorat qilgan, noloyiq gapni gapirgan odamning ustidan hukm chiqarmaslik lozim.

Imom sifatida guvohi bo‘lyapmiz, oilaviy nizolarga jahl sabab bo‘lyapti. Keyin afsuslanib kelyapti. “Bizning nikohimizni qilib qo‘ysangiz, jahl ustida taloq aytib yubordim”, deydiganlar qancha. Shu so‘zni aytganidan afsuslanib gapiryapti. Lekin o‘shanda, jahl chiqqan paytida zo‘r qilgan, o‘zicha to‘g‘ri ish qilgan. Ayoliga taloq berib, juda boplagan. Ammo jahl ketib, aql kelgach, bu ishlar noto‘g‘ri ekanligini fahmlab yetyapti”, dedi suhbatdoshimiz Rahimberdi domla Rahmonov.


Maqola muallifi

Teglar

Ramazon

Baholaganlar

164

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing