“Asalhoney”ning o‘limiga doir yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi

3-sahifa

image

Kecha, 18 mart kuni O‘zbekistonda “Asalhoney” nomi bilan tanilgan insta-bloger Asal Xo‘jayeva o‘z uyida o‘lik holda topilgani haqida xabar bergan edik. QALAMPIR.UZ Asal Xo‘jayevaning o‘limiga doir ayrim ma’lumotlarni qo‘lga kiritdi. 

Unga ko‘ra, kecha, 18 mart kuni soat 10:01 da Yashnobod tumani IIO FMB Navbatchilik qismiga Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasi, 99-uy, 210-xonadonning yotoqxonasida, shu xonadonda istiqomat qilib kelgan, 1986 yil 10 oktyabr kuni tug‘ilgan Asal Matyoqubovna Xo‘jayevaning murdasi qotillik alomatlari bilan topilgani haqida xabar kelib tushgan. 

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, Asal Xo‘jayevaning o‘limi qorin old sohasida bir dona sanchilib kiruvchi kesilgan jarohati, bo‘yin chap tomoni sanchib kesilgan jarohati, bosh miya yopiq jarohati, bosh miya yumshoq to‘qimalariga qon quyilishi oqibatida yuz bergani aniqlangan. 

Voqea joyi kriminalistika texnika vositalari yordamida ko‘zdan kechirilib, qonga o‘xshash dog‘lardan namunalar, murda kiyimlari, qo‘l barmoq izlari, 1 dona noutbuk, 1 dona fleshka, 4 dona uyali aloqa telefoni, 4 dona bank plastik kartalari daliliy ashyo sifatida olingan. 

Voqea joyiga Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari Ikrom Narimov, shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Tursunov, Yashnobod tumani prokurori A.Donayev, shahar IIBB va tuman IIO FMB rahbariyati hamda tezkor tergov guruhi a’zolari yetib borgan. 

Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyatni fosh etishga qaratilgan tezkor-tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Asalhoney

Baholaganlar

9058

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing