“Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir”. Mirziyoyev ITB anjumanidagi nutqida hadisdan iqtibos keltirdi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, bugun, 2 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentda o‘tayotgan Islom taraqqiyot banki Boshqaruv kengashining yillik yig‘ilishida ishtirok etmoqda.

Prezident so‘zi avvalida yig‘ilganlarni O‘zbekistonda ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi.

“Bankning yillik anjumani Toshkentda o‘tkazilishi o‘ziga xos ramziy ma’noga ega. Biz buni O‘zbekistonning islom dunyosi rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, mamlakatda so‘nggi 5 yil davomida olib borilayotgan izchil islohotlarning e’tirofi deb hisoblaymiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev pandemiya sharoitiga qaramay anjumanni jonli shaklda o‘tkazish imkoni bo‘lganiga to‘xtalib, Imom Buxoriy kitobida keltirilgan hadisdan iqtibos keltirib, shunday dedi:

“O‘zbek xalqining buyuk ajdodi, butun musulmon olamining ulug‘ namoyandasi imom Al-Buxoriy hazratlari jamlagan “Sahihi Buxoriy” kitobida zikr etilgan hadisi sharifda aytilganidek, “Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir”.

Barchamiz xolis niyat qilgan ekanmiz, Yaratganning marhamati bilan bugun Islom Taraqqiyot Banki guruhining yillik uchrashuvini jonli ravishda o‘tkazishga muvaffaq bo‘lyapmiz.

Ta’kidlash joizki, mazkur tadbir pandemiya boshlangandan beri dunyodagi xalqaro moliyaviy institutlar orasida birinchi bo‘lib tashkil etilgan nufuzli anjumandir”.

O‘zbekiston Prezidenti Sulaymon Al-Jassirni Islom taraqqiyot bankining yangi prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi.

“Menga berilgan ushbu qulay imkoniyatdan foydalanib, Islom Taraqqiyot Bankining barcha a’zo davlatlari vakillari nomidan hurmatli birodarimiz – Al-Jassir janoblarini bank prezidenti lavozimida ish boshlagani bilan muborakbod etaman.

Muhtaram Al-Jassir janoblari! Bu yuksak lavozimdagi faoliyatingizni O‘zbekistonga tashrifdan boshlayotganingiz chuqur ramziy ma’noga ega. Shu sababli yurtimiz bilan hamkorlik Sizning mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizning muhim qismiga aylanadi, deb ishonaman.

Mamlakatimiz timsolida Siz yaqin hamkor va sadoqatli do‘st topdingiz, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Zimmangizdagi ezgu vazifani ado etishda Alloh taolo Sizni hamisha qo‘llasin!” dedi Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

83

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing