Abdurahmonov qarorida vazirlar va Ortiqxo‘jayevga topshiriq berdi

Jamiyat

image

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov O‘zbekiston Prezidentining “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash uchun qabul qilgan qarorida vazirlar va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga ko‘rsatmalar berdi. Hokimning tegishli qarori e-qaror platformasida e’lon qilingan.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 iyundagi PQ-294-sonli qarori haqida”gi hokim qarorida Prezident imzolagan hujjat viloyat uchun moslashtirilmagan holda to‘lig‘icha keltirilgan. Hatto Prezident qaroridagi ilovalar ham o‘zgarishsiz hokim imzolagan hujjatga kiritilgan. Ammo ilovalar va dastur qabul qilingani hokim qarori matnida alohida tilga olinmagan.

Prezident qaroridagi dasturning to‘la-to‘kis Abdurahmonovning qaroriga kiritilishi ortidan, Andijon hokimi o‘z o‘rinbosarlariga qaror ijrosini nazorat qilishni topshirish orqali, vazirlar, respublika darajasidagi boshqa idoralar rahbarlari va Toshkent shahar hokimiga topshiriqlar bergan. Bu o‘rinda hujjatning hududga aloqador qismlarini ajratish, uni bajaruvchi boshqarma va bo‘limlarga ham vazifalari tushunarli bo‘lishiga xizmat qilgan bo‘lardi.

Andijon viloyati hokimligi mazkur holatga o‘z munosabatini bildirdi.

Qayd etilishicha, Andijon viloyati hokimining mazkur qarori O‘zbekiston Respublikasi “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2021 yil 15 noyabrdagi 19-mh-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan (ro‘yxatdan o‘tkazilgan raqami 3333) Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, yuridik texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish qoidalariga asosan, belgilangan talablarga rioya qilingan holda ishlab chiqilgan.

Hokimlik qarordagi xatolik ekani aytilayotgan masalaga to‘xtalib, hujjat yetarlicha puxta ishlanmagan deyishga qarorning “y” kichik bandi sabab bo‘layotganini, ammo jumlaning oxiri, ya’ni “l” kichik bandi o‘qilganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorida berilgan topshiriqlarning barchasi ma’lumot va ijro uchun qabul qilingani ma’lum bo‘lishini ta’kidlagan.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori matni viloyat hokimining qarorida so‘zma-so‘z keltirilganligi, viloyat hokimining qarori boshqa quyi tashkilotlarga yuborilishi munosabati bilan ularga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorining mazmunini to‘liq yetkazish maqsad qilingan”, deyiladi hokimlik munosabatida.

Bundan tashqari, hokimlik qarorga ilova qilingan ro‘yxat va dasturlar qarorga ilova qilinayotganligi ko‘rsatilmaganligiga to‘xtalib, viloyat hokimi qarorining “g”, “ye”, “l” (Prezident qarori so‘zma-so‘z keltirilgan o‘rinlar) kichik bandlarida ilovalar tasdiqlanganligi ko‘rsatilganini ta’kidlagan.

Shu bilan birga, Prezident qaroridagi dastur va ilovalar ipidan-ignasigacha hokimlik hujjatida aks ettirilganiga izoh berilib, viloyat hokimi qarorining 7-bandida viloyat hokimining o‘rinbosarlari, mas’ul boshqarma va tashkilotlar, shaharlar va tumanlar hokimlariga mazkur qarordan kelib chiqib, o‘rnatilgan tartibda ish tashkil qilinishi va belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlashi to‘g‘risida topshiriq berilganligi qayd etilgan.

“Viloyat hokimining qarori mas’ul boshqarma va tashkilotlarga ham yuborilishini e’tiborga olinib, dastur to‘liq tushunarli bo‘lishi uchun dastur o‘zgartirishlarsiz viloyat hokimining qaroriga ilova qilingan”, deya tushuntirilgan hokimlik munosabatida.

Hokimlik munosabatida aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2021 yil 15 noyabrdagi 19-mh-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan (ro‘yxatdan o‘tgan raqami 3333) Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, yuridik texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish qoidalarining “v” kichik bandida muqaddam belgilangan tartibni ijro etishni tashkil etishga yo‘naltirilgan hamda yangi huquqiy normalarni o‘z ichiga olmagan, shu jumladan, butun mazmuni boshqa organlar va mansabdor shaxslarning hujjatlari to‘g‘risida xabardor qilishdan iborat bo‘lgan hujjatlar hududiy adliya organlarida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmasligi ko‘rsatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shuhrat Abdurahmonov

Baholaganlar

313

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing