Hokim yordamchilarini maxsus halollik kurslarida o‘qitish boshlandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda korrupsiya va firibgarlik ustida qo‘lga tushayotgan hokim yordamchilari halollikni kuchaytirish bo‘yicha maxsus kurslarda o‘qitiladi. Bunday tizim allaqachon yo‘lga qo‘yilgan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yanvar-may oylarida hokim yordamchilari tomonidan poraxo‘rlik, mansabdorlik va firibgarlik bilan bog‘liq jami 14 ta jinoyat sodir etilgan.

Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida agentlik tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda hududlar kesimida hokim yordamchilarini korrupsiyaga qarshi kurash va halollik bo‘yicha maxsus kurslarda o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Xabarga ko‘ra, dastlabki kurslar 20 iyun kuni Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan. 21 iyun kuni Qashqadaryo viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida davom etgan bo‘lsa, 1 iyulga qadar mamlakatning barcha viloyatlarida bo‘lib o‘tadi.

“Kurslarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, korrrupsiyaning oldini olish borasida joriy etilayotgan yangi mexanizmlar, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati, davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalash tizimini joriy etish, manfaatlar to‘qnashuvini samarali boshqarish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratilmoqda”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mahallalardagi ayrim hokim yordamchilari kredit, subsidiya, yer olib beraman, deb ta’magirlik qilayotganini tanqid qilgandi. Qayd etish kerakki, hokim yordamchisi lavozimi davlat rahbarining taklifiga binoan yil boshidan joriy qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

hokim yordamchilari

Baholaganlar

54

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing