56 kishi o‘ldirildi. Hindistondagi diniy mojaro nimadan boshlandi?

Tahlil

image

Dehlining aholi zich joylashgan Yamuna Vixar mavzesida yillar davomida hindiuiylik dini vakillari va musulmonlar birgalikda tinch-totuv yashab, mehnat qilib kelmoqda edi. Ammo o‘tgan oyda mamlakat bo‘ylab bo‘lib o‘tgan tartibsizliklar jamiyatda uzoq vaqt davom etib kelayotgan munosabatlarni darz ketishiga olib keldi.

Taribsizliklar Hindiston hukumatining fuqarolik to‘g‘risidagi yangi qonuni ortidan kelib chiqdi. Qonunga binoan, 2015 yildan oldin mamlakatga kelgan muhojirlar Hindiston fuqaroligini olishi mumkin. Lekin, bu qonun musulmonlar, Nepal va Shri-Lanka fuqarolariga nisbatan qo‘llanilmaydi. 

Hukumatdagilar yangi qonunni diniy ozchilik vakillarini musulmon aholisi ko‘p mamlakatlarda ta’qib qilinishidan himoyalash, deb izohlashmoqda. Mamlakat musulmonlari esa bu qonuni inson huquqlariga zid deb baholashdi va mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlarini o‘tkazishdi. Bundan g‘azablangan boshqa din vakillari ularga qarshi kuch ishlatib, musulmonlar yashaydigan mavzelarga hujum qilishdi.

Shunday qilib, Hindiston poytaxtidagi o‘n yilliklar ichida eng dahshatli dinlararo mojaro boshlanib ketdi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 53 kishi, asosan musulmonlar o‘ldirilgan va 200 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Hozirda Yamuna Vixar mavzesidagi ko‘pgina hinduiylar musulmon savdogarlarni boykot qilishmoqda va musulmon ishchilarini yollashdan bosh tortishmoqda. Musulmonlar koronavirus pandemiyasi Hindiston iqtisodiyotiga bosimni kuchaytirgan bir paytda ish topishga qiynalayotganliklarini aytishmoqda.

“Men hech qachon musulmonlar bilan ishlamaslikka qaror qildim. Men yangi ishchilarni yolladim, ular hinduiylar”, deydi bo‘yoq va hammom jihozlari sotadigan Yash Dingra.

Dingra, tartibsizliklar Yamuna Vixarni butunlay o‘zgartirganini aytdi. Deraza oynalari singan uylarni butun mahalla bo‘ylab ko‘rish mumkin. Olovda erigan elektr simlari, tartibsizliklarda qurol sifatida ishlatilgan g‘isht va qonga belangan toshlar ko‘chalarni to‘ldirib yotibdi.

Bu tumandagi hind aholisining aksariyati, hozirda oshpaz va tozalovchilardan tortib mexanik va meva sotuvchilargacha bo‘lgan hamma musulmon ishchilariga boykot e’lon qilishmoqda.

“Bizda musulmonlar zo‘ravonlikni boshlaganini ko‘rsatadigan dalillarimiz bor. Lekin ular buni tan olishmayapti”, deydi Dingra.

Dehlining shimoliy-sharqiy hududida joylashgan musulmonlar qiyin ahvolga tushib qolishganini aytishmoqda. Ularning ko‘plari hinduiylar bilan ishlashni to‘xtatishga qaror qilishgan. 45 yoshli uy bekasi Suman Go‘zal zo‘ravonliklar uni dahshatga solib qo‘yganini aytdi.

“O‘zingizni bu yerda begonadek his qilish – daxshat. Musulmon ayollariga tajovuz bilan qarash odatiy hol bo‘lib qoldi”, deydi Suman.

Muhammad Taslim ismli musulmon, tartibsizliklar bo‘lib o‘tgan mahallalardan birida yashaydi. U hindlarga tegishli do‘konda ijara to‘lab, poyabzal sotish bilan shug‘ullangan. Keyin undan do‘kon tortib olingan va boshqa hind tadbirkorga berilgan.

“Bularning hammasi faqatgina men musulmon bo‘lganim uchun qilinmoqda”, deydi Taslim.

Musulmonlar tartibsizliklarni izohlashar ekan, bu harakatlarni ular faqatgina yangi qonunga qarshi ekanliklarini bildirish uchun amalga oshirganliklarini aytishmoqda.

“Biz uchun yangi hayot boshlandi. Endi ish, ro‘zg‘or va biznes biz uchun eng muhimi emas. Hozirda, xavfsiz bo‘lish va hayotimizni himoya qilish bizning ustuvor vazifamizdir”, deydi Odil ismli Dehli iqtisod markazida ishlaydigan musulmon tadqiqotchisi.

Shuningdek, so‘nggi yillarda hindlar tomonidan ular uchun muqaddas sanalgan sigirlarni so‘yish joylariga hujum qilish holatlari ko‘paydi. Qassobxonalarda ishlaydigan musulmonlarni o‘g‘irlab ketish holatlari ham kuzatildi.

Afsuski, Hindiston hukumati bu ziddiyatlarga barham berish o‘rniga uni yanada avj olishiga sabab bo‘luvchi harakatlar qilmoqda. Jumladan, hukumat, aholisi asosan musulmonlar bo‘lgan Jammu va Kashmir uchun yarim avtonom imtiyozlarni bekor qildi. U yerdagi aloqa xizmatlari faoliyatini to‘xtatdi. Hududda kommendantlik soatini joriy qildi.

Shuningdek, 2019 yil noyabr oyida Hindiston Oliy sudi Ayodxya shahrida hind ibodatxonasini barpo etish to‘g‘risida qaror chiqardi. Ibodatxona XVI asrga tegishli masjid o‘rnida qurilishi belgilandi. Bu esa ushbu shaharda yashovchi musulmonlar g‘azabini keltirdi. Bu harakatlar va yangi qonun bo‘yicha hukumat izoh berganicha yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston Musulmonlar Diniy nizo Hindiuiylik Tartibsizliklar

Baholaganlar

600

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing