Habib Liverpulda mingdan ziyod mast odamlar qurshovida qolganini izohladi

Sport

image

Yengil vazn toifasida UFC sobiq chempioni Habib Nurmuhamedov Angliya Premer ligasining 7-turi doirasidagi “Liverpul” va “Manchester Siti” uchrashuvidan so‘ng (2:2), muxlislar bilan bog‘liq mojaro haqida hazilomuz fikr bildirdi. 

“Men mashhurlik tufayli o‘zimni bosim ostida his qilyapman. Masalan, McDonalds’ga borganimda ham odamlar tanimasligi uchun do‘stlarimdan meni “fosh” etib qo‘ymaslikni so‘rayman. Bugun “Enfild”ni tark etayotganimda, “Liverpul”ning mingdan ziyod mast holatdagi muxlislari qurshovida qoldim. Axir, bir kun avval Ser Aleks Fergyuson bilan tushgan suratni Instagram’ga joylashtirgandim. Lekin ular bilan jang qilishga tayyor edim”, deydi Nurmuhamedov.

“Burgut” uik-endda Angliya Premer ligasi o‘yinlarini tomosha qilish uchun “Tumanli Albion”ga safar qilgandi. Rossiyalik jangchi MYU sobiq ustozi Ser Aleks Fergyuson bilan tushgan suratini e’lon qilgach, “Liverpul” muxlislari uni qurshab olgan. Habib esa, ular bilan jang qilishga tayyor ekanini aytmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida Moskvada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Habib Nurmuhamedov Afg‘onistonda ro‘y bergan siyosiy vaziyat haqidagi savolga javob berishdan bosh tortgan va bu mamlakat bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini aytganidan so‘ng, muxlislari tomonidan tanqid ostiga olingandi. Shundan so‘ng, sportchi ulardan uzr so‘rab, bu holatni siyosatga aralashishdan o‘zini olib qochgani, aslida afg‘onlar bilan yaxshi munosabatda ekani bilan izohlagandi.

Ma’lumot uchun, Habib faoliyati davomida 29 ta jang o‘tkazgan va barchasida g‘alaba qozongan. U Jastin Getjini mag‘lubiyatga uchratganidan so‘ng, 2020 yilning oktyabr oyida MMA’dagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. Habib onasiga birinchi murabbiyi va otasi Abdulmanap Nurmuhamedov vafotidan keyin boshqa jang qilmaslikka va’da berganini ta’kidlagan edi. Shundan so‘ng, UFC prezidenti Dana Uayt bir necha bor uni oktagonga qaytishga ko‘ndirmoqchi bo‘ldi, lekin barcha takliflar rad etildi.


Maqola muallifi

Teglar

MYu Liverpul' UFC Habib Nurmuhamedov Fergyuson Man Siti

Baholaganlar

417

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing