Turkmanistonda paxta terimiga jalb etilgan bolalar soni ko‘paydi

Olam

image

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Turkmanistonda bolalar mehnati rasman taqiqlanganiga qaramay, 2025 yilda paxta terimida ishtirok etgan bolalar soni ortganini qayd etdi. Bu haqda ekspertlar hisobotiga tayanib, “Turkmen.news” xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2025 yil avgust oyi oxiridan noyabr oyi boshigacha davom etgan paxta kampaniyasi davrida XMT kuzatuvchilari mamlakatning barcha beshta viloyatida fermerlar, paxta terimchilari va davlat muassasalari xodimlari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazgan.

Hisobot ma’lumotlariga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan katta yoshli terimchilarning 20 foizi paxta dalalarida bolalar borligini ma’lum qilgan. 2024 yilda bu ko‘rsatkich 11 foizni tashkil etgan. Paxta terimida bolalarni ko‘rgan fermerlar ulushi esa 17 foizdan 34 foizgacha oshgan.

XMT kuzatuvchilari dalalarga uyushtirilgan tashriflarning 38 foizida o‘smirlarni qayd etgan. Bir yil oldin bu ko‘rsatkich 23 foiz bo‘lgan. Eng murakkab vaziyat Toshog‘uz viloyatida kuzatilgan bo‘lib, u yerda tekshirilgan dalalarning deyarli 60 foizida voyaga yetmaganlar aniqlangan.

Hisobotda, shuningdek, mulozimlar va korxonalar rahbarlari byudjet sohasi xodimlarini paxta terimiga jalb qilishda davom etgani aytiladi. So‘rovda qatnashgan byudjetchilarning 12 foizi 2025 yildagi hosilni yig‘ib-terib olishda ishtirok etganini bildirgan. Ularning har besh nafaridan biri ish beruvchilar, amaldorlar yoki fermerlar uyushmalari tomonidan ishlashga majburlanganini aytgan.

Ayrim respondentlar paxta terimidan bosh tortgan taqdirda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlardan qo‘rqishlarini bildirgan. Ehtimoliy choralar sifatida ular ishdan bo‘shatish, ish haqidan mahrum qilish, ish soatlarini qisqartirish yoki ijtimoiy imtiyozlarni bekor qilishni aytib o‘tgan.

XMT, shuningdek, 2025 yilda amaldorlar kuzatuvchilarning ishiga tez-tez aralashib, suhbatlarda qatnashishga uringani va terimchilarga bosim o‘tkazganini qayd etgan. Shu bilan birga, tashkilot Turkmaniston hukumati bilan hamkorlik davom etishini ma’lum qilgan va “yo‘l xaritasi” amal qilish muddatini 2026 yil yakuniga qadar uzaytirgan.


Maqola muallifi

Teglar

paxta Turkmaniston paxta terimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing