Rossiya NATOga hujum qiladi – Starmer
Olam
−
06 iyun 5584 2 daqiqa
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Rossiya 2030 yilga borib NATOga hujum qilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bu haqda u “The Guardian” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Starmer Britaniya razvedkasi xulosalariga tayangan holda mavjud baholashlarga ko‘ra, Rossiyaning NATOga ehtimoliy hujumi 2030 yil atrofida sodir bo‘lishi mumkinligini aytgan.
“Bizning razvedka ma’lumotlarimiz va NATOga a’zo boshqa davlatlarning baholariga ko‘ra, Rossiyaning NATOga hujumi 2030 yilda sodir bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bu masala biz uchun qanchalik dolzarb va ustuvor ekanini ko‘rib turibsiz”, degan Starmer.
Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, hukumat tomonidan ishlab chiqilayotgan mudofaa investitsiyalari rejasi mamlakatni himoya qilish uchun zarur bo‘lgan kelajak imkoniyatlariga qaratilgan. U, shuningdek, bu reja yangi ish o‘rinlarini yaratishga ham yordam berishini aytgan. Reja yaqin haftalarda e’lon qilinishi kutilmoqda.
Shuningdek, NATO bahorda Rossiya hujumi yuz bergan taqdirda alyansning sharqiy qanotini himoya qilish uchun Germaniya va Niderlandiya ishtirokidagi 60 ming nafargacha harbiydan iborat korpusni joylashtirishga qaror qilgan. Boltiqbo‘yi davlatlarida esa doimiy ravishda faqat kichik harbiy qism joylashtiriladi. Korpusning to‘liq shaxsiy tarkibi va qurollari zarurat tug‘ilganda bir necha soat ichida mintaqaga tezda ko‘chirib o‘tkazilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer AQSH va Rossiya yetakchilari – Donald Tramp va Vladimir Putinni tanqid ostiga olgandi. Starmer Yaqin Sharqdagi urush keltirib chiqargan energetika inqirozi, shuningdek, Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin energiya resurslari narxining oshishi Buyuk Britaniya iqtisodiyotiga sezilarli darajada ta’sir qilayotganini aytgan.
Live
Barchasi