“Zo‘r” telekanalida “Hovli” seriali namoyishi to‘xtatildi

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi “Zo‘r” telekanalida anchadan buyon taqdim etilayotgan Turkiyaning “Hovli” seriali namoyishi o‘tgan haftadan e’tiboran to‘xtatilgan. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda. 

Manbaning ma’lum qilishicha, ko‘plab tomoshabinlarning e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan ushbu serial O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimnomasiga asosan efirdan olib tashlangan. Bunga oydinlik kiritish maqsadida, QALAMPIR.UZ muxbiri “Zo‘r” telekanali muharririyati bilan bog‘landi.

Telekanal xodimasi Feruza Yusupovaning ma’lum qilishicha, “Hovli” seriali ayni paytda haqiqatan ham namoyish etilmayapti. Ammo bunga sabab serialning ilk mavsumi o‘z yakuniga yetganligidir va telekanal ushbu serialning keyingi mavsumini ham namoyish etish niyatida. Muharrir QALAMPIR.UZ bilan suhbatda serialning davomi qachondan boshlab efirga berilishiga aniqlik kiritmadi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan telekanalga kiritilgan taqdiqnomani haqidagi ma’lumotlarni rad etdi. 

Eslatib o‘tamiz, bir necha hafta avval qo‘qonlik Elmurod Soliyev va “Zo‘r” telekanali bosh muharriri o‘rtasidagi yozib olingan suhbat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi. Tomoshabinning “Hovli” seriali haqidagi fikrlari jamoatchilik o‘rtasida katta muhokamalarni keltirib chiqardi. Shundan keyin, “Hovli” serialining namoyish vaqti o‘zgartirilib, kechki soat 22:00 ga ko‘chirildi. Bu orada esa “Poytaxt. Abdulhamid” seriali namoyishi butkul to‘xtatildi. 

Eslatib o‘tamiz, “Zo‘r” telekanali namoyish etilgan “Sevgi iztirobi” seriali ham 2018 yilning fevral oyida ko‘plab tanqidlardan so‘ng efirdan olib tashlangan edi. O‘shanda mazkur masala hukumat darajasida muhokama qilingan. “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonining ijrosiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi Bosh vazir Abdulla Aripov ushbu serialni qattiq tanqid qilgan edi. 

O‘zbekiston mulkchilik shaklidan qat’i nazar, ya’ni davlat va nodavlat telekanallarning barchasida turk filmlari va seriallari keng namoyish etilmoqda. Bu borada yetakchilikni “Zo‘r” va “Sevimli” telekanallari egallab turibdi. Ayni vaqtda bu boradagi peshqadamlik “Sevimli” telekanalida. Unda “Istanbullik kelin”, “Fazilat xonim va qizlari”, “So‘yla, qora dengiz”, “Ayol” kabi seriallar namoyish etilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Hovli turk seriali

Baholaganlar

916

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing