O‘zbekistonga bachadon bo‘yni saratoniga qarshi vaksina keltiriladi

Salomatlik

image

O‘zbekistonda ayollarda uchraydigan bachadon bo‘yni saratonining oldini olishga qaratilgan Odam papillomasi virusiga qarshi vaksina joriy qilinmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligida o‘tkazilgan davra suhbatida ma’lum qilindi. Unda vazirlikning mas’ul xodimlari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YUNISEF va YUNFPAning O‘zbekistondagi vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo miqyosida 370 mingdan ortiq ayolda bachadon bo‘yni saratoni birinchi bor qayd etiladi, shulardan 190 mingtasi ushbu kasallik oqibatida vafot etadi. O‘zbekistonda esa bachadon bo‘yni saratoni eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklari orasida ikkinchi o‘rinda. Kasalliklar orasida xavfliligi ko‘rsatkichi bo‘yicha esa bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va oshqozon saratoni xastaliklaridan  keyin uchinchi o‘rinda va tug‘ish yoshidagi ayollar orasida bachadon bo‘yni saratonidan o‘lim ko‘rsatkichi ikkinchi o‘rinda turadi. 

Shunday qilib, papilloma virusi kasalliklarining salmog‘i yuqori bo‘lib, uni oldini olish uchun samaradorligi yuqori va xavfsiz bo‘lgan odam papillomasi virusi vaksinasi bilan emlash orqali bachadon bo‘yni saratoni bilan kasallanishning kamayishiga erishish mumkin.

“Dunyoda OPVga qarshi vaksina bilan qizlar 2006 yildan boshlab emlanadi. Yuzdan ortiq mamlakatlar undan foydalanish uchun ruxsat olgan, ulardan 74 tasi vaksinani o‘zlarining milliy emlash kalendariga kiritgan. Ko‘p yillik o‘rganishlar  vaksinaning samarasi 10 yildan ortiq ekanini ko‘rsatmoqda. Shu o‘rinda, ko‘pchilikni vaksina qizlarning reproduktiv faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi,degan savol qiziqtirishi tabiiy. Dunyoda o‘tkazilgan tajribalardan ma’lum bo‘lishicha, ushbu  vaksina qizlarni nafaqat bachadon bo‘yni saratonidan himoyalaydi, balki ularning  sog‘lig‘ini ham  yanada mustahkamlaydi”, deydi JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mas’ul xodimi Kamola Safayeva.

OPVga qarshi vaksinaning joriy qilinishi bachadon bo‘yni saratoni kasalligining oldini olishga xizmat qiladi. Joylarda Global vaksina va immunizatsiya alyansi yordamida qurilayotgan muzlatgichli omborlarda vaksinalar sifatli saqlanadi va tarqatiladi. Vaksinalar joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga olib kelina boshlaydi va oktyabr oyidan boshlab 400 ming nafarga  yaqin 9 yoshli qizlar maktablarda va tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inlarida emlanadi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Bachadon bo'yni saratoni

Baholaganlar

98

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing