Hamma sir hisob-kitobdami? Yoxud Gvardiolaning muvafaqqiyat kaliti

Tahlil

image

Zamonamizning eng sovrindor murabbiylaridan biri Xosep Gvardiola “Manchester Siti” bilan Angliya liga kubogini yutib oldi. Etiborlisi bu uning faoliyati davomidagi 25 sovringa aylanib va o‘zining ashaddiy raqibi Joze Mourinoga yetib olishiga yordam berdi. Lekin ayni damda biz siz bilan uning sovrinlari haqida emas, hisob-kitobga asoslangan faoliyati ustida suhbatlashmoqchimiz.

Pep bir necha yillar oldin «Barselona» bilan xayrlashar ekan: «Murabbiy bir klubda uch yildan ko‘p ishlay olmaydi, agar ishlamoqchi bo‘lsa, jamoani yangitdan qurishi kerak» degan edi. Gvardiola «Barselona-B» bilan muvofaqiyatlarga erishgach, kataloniyaliklar klubi rahbariyati hech ikkilanmasdan yosh murabbiyga asosiy jamoani ishonib topshirdilar. Rahbariyat o‘shanda Pep bilan ikki yillik shartnoma tuzgan edi. Ilk mavsumdayoq o‘zi ishtirok etayotgan barcha turnirlarda g‘oliblikka erishgan Gvardiola butun futbol ahlining e’tiborini o‘ziga qaratib oldi. Butun o‘yin davomida to‘pni nazorat qilish va kombinatsiyon hujumkor futbol – yer yuzidagi barcha muxlislarni lol qilib qo‘ygan edi.

Ikkinchi mavsumni ham u birmuncha muvofaqiyatli o‘tkazib, ispan premirosida chempionlikni qo‘lga kiritdi. O‘sha mavsum YeCHLda ham “Barselona” favorit sifatida e’tirof etilgan bo‘lsada, Milanning “Inter” klubi kuchli himoyaviy o‘yin hisobiga, kataloniyaliklarni yarim finalda to‘xtatib qolishgan edi. Bu omadsizlik ham klub rahbarlarining Gvardiolaga yana ikki yillik shartnoma taklif etishiga to‘sqinlik qila olmadi. Lekin yodingizda bo‘lsa o‘shanda murabbiy va rahbariyat o‘rtasidagi muzokara ancha vaqtga cho‘zilib ketadi. Negaki, Pep bir yillik shartnomani xohlayotgan edi. Klubdagilar esa uni uzoqroq muddatga olib qolishni xohshlashdi. Oxir-oqibat, ikki yillik shartnomaga imzo chekildi.

O‘shanda Gvardiolaning injiqliklariga tushunmagan edim. Nega endi bir yil? Kuchli jamoa tuzilgan bo‘lsa, boshqaraversa bo‘lmaydimi? Shu sabab murabbiyni va uning jamoasini diqqat bilan kuzata boshladim. Pep o‘zining uchinchi mavsumida jamoasini eng yuqori cho‘qqiga olib chiqdi. Yana milliy birinchilikdagi chempionlik va mamlakat kubogi, ortidan Yevropa klublarining eng nufuzli turniridagi g‘alaba. Biroz o‘tib ularning yoniga mamlakat va Yevropa superkubogi, qishda esa klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibligi qo‘shildi. Bir qarashda hammasi silliq kechayotgandek edi, lekin…

Lekin, aynan to‘rtinchi mavsumga kelib, Gvardiola sezgan va kutgan inqiroz boshlandi. “Barselona” milliy chempionatda peshqadam “Real”dan ancha ortda qolib ketdi. Jamoa kutilmaganda o‘rtamiyona klublar bilan o‘yinlarda goh durang o‘ynab, goh mag‘lubiyatga uchray boshladi. Chunki ko‘pchilik bu paytga kelib Gvardiolaning taktik hiylalarini o‘rganib bo‘lgan edi. Futbolchilar esa murabbiydan o‘rganishi kerak bo‘lgan saboqlarni o‘zlashtirib bo‘lgan, bundan ortiq mukammallikning imkonini topib bo‘lmas edi. Aynan “Barselona”dagi oxirgi mavsumida Gvardiola juda ko‘p kuch yo‘qotdi. Bu oxirgi o‘yinlarda bilinib turardi. Misol uchun, “Real” bilan bo‘lgan ikkinchi davradagi chempionlik masalasini hal qilgan o‘yinda murabbiy bir nechta qarorlarda xatolikka yo‘l qo‘ydi. Oqibatda, premero chempionligi boy berildi. CHL yarim finalidagi “Chelsi” bilan o‘tkazilgan o‘yinlar esa Gvardiolaning o‘ziga hammasi yakunlanib borayotganini anglatib berdi, go‘yo. Shu o‘yindan so‘ng murabbiy jamoadan ketmoqchiligini bildirdi. Buni eshitib hamma ayuhannos solib yubordi. Nega endi? Kuchli futbolchilar bo‘lsa, klub bilan yaqindan tanish murabbiy jamoani tezlik bilan o‘zgartirib yuborish mumkinku? U bu kabi savollarni eshitishni ham xohlamasdi. Hammani yig‘ib, jimgina, xotirjamlik bilan: “Hammasi tugadi, men ketaman” deb aytdi u. Bo‘ldi. Endi tamom. Hamma uchun ertak yakunlangandi, go‘yo. Shunday qilib u Kataloniyani tark etdi.

Bu paytda uning “ishqida yonayotgan” grand klublar anchagina edi. Ular Pepning o‘z jamoalarini boshqarishi uchun barcha narsani muhayyo qilmoqchi bo‘ldilar. Lekin Gvardiola ruhiy jihatdan toliqqanini bildirib, bir yil dam olmoqchi ekanligini e’lon qildi va ko‘pchilikning hay-haylashiga ham qaramasdan, o‘z oilasini olib okean ortiga jo‘nab ketdi.
Dam olish jarayonida bildirilgan takliflarni o‘rganib chiqar ekan, u o‘ziga munosib deb Myunhenning “Bavariya”sini tanladi. Nega endi milliarderlar pul tikayotgan «Chelsi», “Manchester Siti”, yoki “PSJ” emas “Bavariya”ni tanladi u? Bunga bir qancha sabablar bor. Hozir buni bir-bir ko‘rib chiqamiz.

“Bavariya” bundes ligada eng kuchli klub hisoblanadi. Buni hech kim inkor etolmaydi. Bundes liganing har qanday grand klubida o‘ynayotgan futbolchi “Bavariya”da o‘ynashni xohlaydi. Agar xohlamasa... Xullas, “Hollivud FK” istalgan futbolchini tarkibiga qo‘shib olishni qiyinchiliksiz eplaydi.

Ikkinchidan, “Bavariya” har yili milliy chempionatning asosiy favoriti hisoblanadi. Ko‘pchilik qatori Gvardiola ham yaxshi tushunadiki, bundes ligada “Bavariya” bilan chempionlik sovrini 90 %ga cho‘ntakda degani. Xo‘sh, Gvardiola shu sababdan Myunhenni tanlaganmidi? Aslo unday emas. Pep hech qachon osonlik bilan qo‘lga kiritilgan g‘alabalarni xushlamaydi. Unga haqiqiy kurash taklif etadiganlar yoqadi. U bundes liga chempionligi uchungina “Bavariya”ni tanlamagandi. Pep bu jamoa bilan ham YeCHLni yutmoqchi edi. Nega “Bavariya” bilan?

Chunki bu jamoa Gvardiola bilan shartnoma tuzgunga qadar 2011 va 2013- yilgi mavsumlarda ikki marta YeCHL finaliga chiqib bu o‘yinlarda imkoniyatni boy berib qo‘ygan edi. Shu sababdan YeCHLni yutish ishtiyoqi boshqalarga nisbatan bu jamoada kuchliroq edi. Pep bularning hammasini hisoblab chiqib, bu variantni tanladi. Kuchli tarkib bor edi. Ularga faqtgina to‘gri yo‘l ko‘rsatilsa bo‘lgani, hammasi o‘z-o‘zidan kelaverardi.

Aslida Gvardiola kelmasdanoq ham jamoa kuchli ediyu, biroq murabbiy masalasi birmuncha ojiz nuqtadek tuyulayotgan edi. Bunga sabab, u jamoa bilan shartnoma tuzmasdan avval o‘tmishning buyuk murabbiylaridan biri Yup Haynkes boshqarayotgandi. U klub bilan ilk mavsumini o‘ta omadsiz o‘tkazgan edi. Chempionatda “Borussiya Dortmund”dan keyin ikkinchi o‘rin, mamlakat kubogi finalidagi “Borussiya”da uchralgan alamli mag‘lubiyat, YeCHL finalida o‘z uyida “Chelsi”ga boy berilgan o‘yin. Bularning hammasi qariya Haynkesning davri o‘tib qolganini anglatayotgandek edi, go‘yo. Gvardiola bularni hisobga oldiyu, Xaynkesning oldida yana bir mavsum turganligini esdan chiqardi, yoki yana Xaynkes xalqaro maydonda omadsizlikka yuz tutadi, deb o‘yladi.

Baxtga qarshi, “Bavariya” o‘sha yili Yup bilan o‘zi ishtirok etayotgan hamma musobaqani yutib oldi. Bunisi esa Gvardiola uchun haqiqiy muammoni keltirib chiqarardi. Negaki, hamma narsani yutib olgan futbolchilarda keyingi mavsum uchun ishtiyoq biroz so‘nib qolishi mumkin edi. Pep endi ularni yangi g‘alabalar yo‘lida ilhomlantirishi zarur edi. Qolaversa, mahalliy muxlislar natija borasida Pepni Haynkes bilan solishtirardilar. Bu esa u uchun yana bir qo‘shimcha muammoga aylanardi. Bu paytga kelib Pep jamoa bilan uch yillik shartnoma tuzib bo‘lgan, o‘ylab ko‘rish uchun vaqt ham, qaytish uchun ortga yo‘l ham yo‘q edi.

Gvardiola yeng shimarib ishni boshladi. Birinchi mavsum bir qarashda “Bavariya” ko‘ngildagidek harakatlandi. Yevropa superkubogi, Klublar o‘rtasidagi jahon chempionligi, mavsum so‘ngida esa Germaniya chempionligi va kubogi. Lekin YeCHL bahslarida uning jamoasi o‘sha mavsum Madridning “Real”iga so‘zsiz taslim bo‘lgan edi. Shu sababdanmi ko‘pchilik Gvardiolaning “Bavariya”dagi muvafaqiyatlarini tan olishni istamadi. Hattoki, “Bavariya”ning bir qator afsonalari ham Pepdan ko‘prog‘ini kutishganlariga shama qilishdi.

Futbolni tahlil qilishni o‘rinlatadigan mutaxassislar esa yakunlangan o‘sha mavsum haqida boshqacha fikrda edilar. Ular “Bavariya” jamoasining o‘yinlari umuman boshqacha ko‘rinish olganligini payqay olishdi. Gvardiola “Barselona”dagidan farqli ravishda myunhenliklar uchun alohida taktika ishlab chiqdi. Juda ko‘pchilik bu fikrga qo‘shilmasliklari tayin. Sababi oddiy: “Bavariya” ham “Barselona” kabi to‘pni nazorat qilishga e’tiborini sarfladiku.

Ha, “Hollivud FK” ham butun o‘yin davomida to‘pni nazorat qilardi, lekin o‘yinni olib borish, futbolchilarning maydondagi taktik joylashuvi ham Pepning Kataloniyadagi davridan farqlanardi. Murbbiy “Barselona” bilan o‘tkazgan to‘rt yillik faoliyati davomida asosan “4-3-3” taktik sxemasidan foydalandi. U hujumda uch futbolchini maydonga tushirardi. Bu holat raqib himoyachilarining ulkan bosimnihis qilib turishlariga sabab bo‘lardi. Bu bosim esa oxir oqibat raqib himoyasida xatolikni yuzaga keltirar edi. Gvardiola Myunhenda “4-5-1” sxemasini ishga soldi. Taktikaga ko‘ra yetakchilik yarimhimoyachilarga topshirildi. “Barsa”da esa bu vazifani hujumchilar uchligi bajarar edi.

Bu taktika ostidagi o‘yinbarcha futbol muxlislariga xush yoqib tushdi. Gvardiola bundes ligada yetakchilikni qo‘liga oldi. Buni uch mavsum davomida qo‘lga kiritilgan uchta “oltin tovoq” ham isbotlab turibdi. Qolaversa, Pep jamoasi bilan chempionlikni eng erta qo‘lga kiritish bo‘yicha rekord ham o‘rnatdi. Finishgacha yettita tur qolganda chempionlikni qo‘lga kiritish, kuchli beshlik chempionatlari bo‘yicha birorta ham klubga nasib qilmagan edi.

Gvardiola nafaqat «Bavariya»ning balki Germaniya milliy terma jamoasining ham o‘yiniga ijobiy ta’sir ko‘rsata oldi. Buni hozirga kelib butun olmon xalqi tan olmoqda. Hattoki, nemis futboli afsonasi Lotar Matteyus 2014 yilgi jahon chempionatidagi Germaniyaning muvofaqiyatida Pepning ham bevosita xizmati bor ekanligini aytib o‘tdi.
To‘g‘ri, Gvardiola boshqaruvida myunhenliklar YeCHL g‘olibligini qo‘lga kirita olishmadi. Lekin bu narsa Gvardiolaning jamoa bilan qilgan mehnatlariga va uning obro‘siga hech qanday soya sola olmaydi. U “Bavariya” bilan uch yilda yettita sovrinni yutib oldi. Germaniyada birgina mamlakat superkubogi Pepga buysunishni xohlamadi xolos.
Gvardiola “Hollivud FK” bilan YeCHLni yutishni juda xohladi. Yodingizda bo‘lsa, klub rahbariyati u bilan shartnomani uzaytirishni juda xohlagan bo‘lsada u buni rad etdi. Negaki, u tuzgan jamoa bu yil o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga yetib kelgan edi. Qaysidir manoda shularni hisobga olib, murabbiy jamoasining oxirgi mavsumida CHLni qo‘lga kiritishiga juda ishongandir balki.

“Barselona”ning o‘shbu mavsumda YeCHLning chorak finalidayoq musobaqani tark etishi, “Bavariya”ning imkoniyatlarini oshirib yuborgan edi. Lekin kutilmaganda Semyone boshchiligidagi “Atletiko” ularni bu baxtdan mahrum etdi. Shu o‘rinda bitta narsani tan olish zarur: Gvardiola boshchiligidagi “Bavariya” Madridning “Atletiko”sidan har jabhada ustun ekanligini ikki o‘yinda ham ko‘rsata oldi. Ammo sotib olib bo‘lmas omad deganlari “matraschilar”ga kulib boqqan edi o‘sha kuni.

Nima bo‘lganda ham Pepning Myunhendagi davri o‘z intihosiga yetdi. Murabbiy esa keyingi ish joyi sifatida yer yuzining eng qizg‘in ligasini tanladi. Gvardiola «Manchestr Siti»ga shunchaki aqlbovar qilmas maosh uchun o‘tgani yo‘q. U «shaharliklar» bilan avvalo Aplda o‘z gegemonligini o‘rnatishni xohlab Angliyaga ko‘chib o‘tdi. Ilk mavsumda u o‘z niyatlari uchun poydevor yasagan bo‘lsa, o‘tgan mavsumdan boshlab hammasini jilovlashga o‘tdi. Hozir Angliyadagi har qanday klub «Manchester Siti» oldida qaltirashni boshlaydi, hattoki grand klublar ham. Ispaniyalik mutaxassis hammasini yaxshi boshqarmoqda. Uning hozirdagi asosiy maqsadi esa Yevropadagi eng nufuzli sovrinlardan biri hisoblangan «shalpangquloq»ni Siti uy muzeyiga olib ketish. Uni kuzatayotganlar esa bu mavsum so‘ngida Pep bunga munosib deb hisoblashmoqda. Murabbiy ham jamoasi bilan bunga hozirlik ko‘rayapti. Zero, buning uchun ularda hamma narsa muhayyo: yaxshi futbolchilar va undanda yaxshi moddiy holat.
 


Maqola muallifi

Teglar

Pep Gvardiola

Baholaganlar

33

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing