O‘zbek adabiyotida tanqidchilik maktabi yo‘q bo‘lib ketdi, mas’ullar esa jim

Tahlil

image

Xabar berganimizdek, kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Jahon adabiyoti durdonalari: o‘zbek tiliga tarjima qilish va chop etishdagi yutuqlar, muammolar va istiqboldagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda QALAMPIR.UZ bugungi kunda adabiyotimizda e’lon qilinayotgan nasriy, she’riy va tarjima asarlarda uchrayotgan xato va kamchiliklar muammosini ko‘tardi.

XX asr o‘zbek adabiyoti Oybek, Abdulla Qahhor kabi buyuk adabiy tanqidchilarga suyanardi. Ular adabiyotimizni har qanday kichik kamchiliklardan tozalab turar edilar. Keyinchalik bu olimlarga munosib voris sifatida ustoz Ozod Sharofiddinov katta maydonga chiqdi. 

Uncha-muncha katta yozuvchi va shoirlar ham bu ijodkorlar oldida o‘z asarlarini e’lon qilishdan hayiqib turardi. Mana o‘n besh yildirki, Ozod Sharofiddinovsiz qolgan adabiyot bog‘iga zog‘lar-u alaflar chang solmoqda.

Bu borada, yozuvchilar uyushmasi va undagi ijodkorlar ham har-har zamonda ayuhonnos solib turishar edi! Nima emish, keyingi paytlarda bozor adabiyotining o‘quvchilar ongiga salbiy ta’siri keskin ortayotgan ekan. Davriy nashrlarda tez-tez asarlari e’lon qilinadigan yozuvchi Azamat Qorjovov bu borada qattiq tanqid ostiga olingan edi.

To‘g‘ri, bugungi kundagi davriy nashrlarda bu kabi sayoz deyilayotgan asarlar ko‘plab uchramoqda. Lekin bu borada o‘quvchilari talab va istaklarini ham esdan chiqarmaslik lozim. Bugungi kitobxon shunchaki sodda qolipda yasalgan asarlarni o‘qib, “adabiyot shunaqa bo‘larkanda” degan fikrga kelib qolyapti. Davriy nashrlarga kelsak, bu asarlar sahifani to‘ldirish uchun ayni muaddao, qolaversa, narxi ham qimmat emas. Eng muhimi, seriallar kabi voqealar rivoj topib, intrigalar ortib boraveradi.  

Aslida bularning barchasiga bugungi adabiyotimizda asarlarni saralab beradigan adabiy tanqidchilar yetishmayotganligi sabab bo‘lmoqda. Oybek domla, Abdulla Qahhor, Ozod Sharofiddinov kabi tanqidchilarimiz asos solib ketgan maktab allaqachon yo‘q bo‘lib ketdi.

Shu o‘rinda bir narsani ilova qilmoqchiman: bundan bir necha oy avval buyuk hikoyanavis yozuvchi Said Ahmadning Ozod Sharofiddinovga taqdim qilgan kitobi qo‘limga tushib qoldi. Yozuvchi kitobning ilk sahifasiga shunday dasxat bitib bergan ekan: “Do‘stim, qadirdonim Ozod! Mana, nihoyat yangi kitobim ham qo‘lingga tegdi. Xohla so‘k, xohla yirtib tashla! Faqat iltimos, ko‘proq maqtagin!”

Bu shunchaki hazilomuz, samimiy so‘zlar emas! Bu so‘zlar O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmadning yashirin hadik ifodalangan bir fikridir. O‘sha paytda Said Ahmad qandaydir tahrirga muhtoj bo‘lgan deb o‘ylaysizmi? Aslo yo‘q! Shunchaki, u adabiyotga bo‘lgan mehr-muhabbati uchun hayiqmoqda.

Adabiyotshunos olim Ozod Sharofiddinov esa qo‘liga qandaydir buyuk nomlarni emas, avvalo kitobni olganligi uchun kitob nuqtayi nazaridan tanqid qilgan. Shu sababdan o‘tgan asrda adabiyotimizda ma’nan sayoz, insonni fikrlashga undamaydigan asarlar uchramas edi. Yozuvchilar ham har bir tanqiddan so‘ng yanada o‘sib boravergan. Hozir esa yangi yozuvchilarimiz tugul, o‘zini tutib olgan ijodkorlar ham tanqidni ko‘tarolmaydigan “nimjon inson”ga aylanib qolgandek. Asarlari ham shunga yarasha jo‘n va juda bo‘sh!

Kechagi anjumanda bu kabi muammolar bilan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyidga murojaat qilganimizda, atoqli shoir shunchaki adabiyot bo‘stoni eshiklari hamma uchun ochiqligini, kimning nima yozishi-yu, nima aytishini boshqalar muhokama qilishi yaxshi emasligini, yozuvchi va shoirlar o‘zini-o‘zi tahrir qilishi lozim deb hisoblashini aytib o‘tdi.

Mutasaddilar shunday fikrlayotgan bo‘lsa, qarovsiz qolgan bog‘ uchun “yangi bog‘bon” – adabiy tanqidchilar qanday yetishtiriladi? Agar hozirning o‘zida adabiyotimizni birmuncha sayoz asarlardan tozalamasak, o‘zbek adabiyotiga nisbatan shundoq ham haminqadar bo‘lib turgan mehr butkul sovib ketmaydimi? Bu kabi qator savollarimizga aniq va lo‘nda javob izlayotganimizda, O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi hali-hamon sukut saqlamoqda.
 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

32

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing