“Vafot qilgan odamning tobutini ko‘tarishdan uyalma” – Almatovning ichki ishlar xodimlariga maslahati

Jamiyat

Xabaringiz bor, joriy yilning, 18 mart kuni QALAMPIR.UZ tomonidan 1991-2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri sifatida faoliyat yuritgan, ayni damdagi Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatovich Almatov bilan eksklyuziv intervyu taqdim etilgan edi.

Zokirjon Almatovich mazkur intervyuda ichki ishlar xodimi qanday bo‘lishi, biror jinoyatni o‘rganishda nimalarni inobatga olishi kerakligi haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Men xodimlarimga doim bir narsani aytib kelaman: o‘zingni boshiga musibat tushgan insonning o‘rnida ko‘rgin. Agar farzanding yoki yaqin insoning jinoyat sodir etib qolsa, unga qanaqa munosabatda bo‘larding? Nima uchun bu jinoyat sodir bo‘ldi. O‘sha odamning ota-onasi, aka-ukasi, yorini yoki farzandini o‘rnida o‘zingni ko‘rgin, ana undan keyin xulosa qilgin. Inson yomon bo‘lmaydi. Bu dunyoda hech kim yomon bo‘lib tug‘ilmaydi. Hech kim o‘z farzandini jinoyatchi bo‘lsin demaydi, orzu umid bilan katta qiladi”, deydi Zokirjon Almatov.

Sobiq vazir so‘zida davom etarkan, afsuski, inson ba’zi ijtimoiy, iqtisodiy sabablarga ko‘ra, ayrim odamlarning aldovi bilan noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolishi mumkinligini ta’kidladi.

“Shuning uchun doim xodimlarga aytaman: shu xalqdan chiqdingmi, Ichki ishlar xalqqa eng yaqin idora hisoblanadi, buni unutma. Yelkamga pogonni ildim, formani kiydim , deb odamlarni oyoqosti qilish, odamlarga panja orasidan qarash Ichki ishlar idorasi xodimiga to‘g‘ri kelmaydi. Qachon xalqni ichida obro‘ topasan, qachonki o‘zingni xalqning farzandi deb hisoblasang. Xalqning dardiga, g‘amiga sherik bo‘lsang, yordam qo‘lini cho‘zsang...”, deydi Almatov.

Uning ta’kidlashicha, qonun avval ham shunday bo‘lgan, u faqat qamash uchun emas, qonun ko‘p narsaga yo‘l qo‘yadi. Almatovning so‘zlarga ko‘ra, xodim qonunning yengil usulini tanlasa, faqat o‘z manfaatini o‘ylab ish qiladigan bo‘lsa, odamlarning qo‘liga yo cho‘ntagiga qarab, pora maqsadida yordam beradigan bo‘lsa, unday odamdan hech qachon yaxshi xodim chiqmaydi.

“Ana shu qoidaga rioya qilgan xodimgina kelajakda obro‘ topadi. Har bitta ichki ishlar xodimiga aytar gapim: qaysi amalda, qaysi unvonda bo‘lishdan qat’i nazar odamlarning ichiga kirib bor, xalq bilan uchrash. Agarda birorta mahallada, o‘zing xizmat qiladigan joyingda bir inson vafot etgan bo‘lsa, o‘sha xonadonga kirib ta’ziya bildir. O‘sha oilaga yordam qo‘lini cho‘zgin. Insoniylikni unutma. Agarda ikkita yoshning to‘yi bo‘layotgan bo‘lsa, qo‘lingda bir dasta gul bilan o‘sha xonadonga kirib bor, kelin-kuyovni tabrikla. Vafot etgan odamning tobutini 5-10 metr ko‘tarib borgin. Uyalma, tortinma. Ana o‘shandagina xalq “bizning militsiya xodimimiz, haqiqiy ichki ishlar xodimi”, deya hurmat qiladi. Shundagina xalq o‘zining ichki ishlar idorasi xodimiga yomon gapirmaydi, tosh otmaydi, ishonch paydo bo‘ladi”, deydi Zokirjon Almatov.

Mazkur intervyuni to‘liq shaklda quyida yoki YouTube va Mover’dagi sahifalarimizda ko‘rishingiz mumkin.

 


Maqola muallifi

Teglar

Zokirjon Almatov

Baholaganlar

100

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing