O‘zbekistonda Moskva onkologiya ilmiy-tadqiqot institutining filiallari ochiladi

Jamiyat

image

Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Radiologiya tibbiy tadqiqot milliy markazi bosh direktori, P.A.Gersen nomidagi Moskva onkologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori, akademik Andrey Kaprin boshchiligidagi onkolog shifokorlardan iborat delegatsiya O‘zbekistonda bo‘lishdi.

Mehmonlar Respublika ixtisoslashgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning Toshkent shahridagi filiali faoliyati bilan tanishdilar.

Sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda bugungi kunda dunyoda onkologik kasalliklari bilan kasallanish tobora o‘sib borayotgani ta’kidlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili dunyoda 15 million nafarga yaqin kishi ushbu kasallik bilan ro‘yxatga olinadi . Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining prognoziga ko‘ra, 2020 yilga borib saraton kasalligiga chalingan bemorlarning soni 16 millionga yetishi mumkin. Shuning uchun saraton kasalligiga qarshi kurash, bu boradagi muammolarni hal qilish kompleks yondashuvni talab qiladi. Bunda ilg‘or xorijiy tajribani keng jalb etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston va rossiyalik hamkasblar ordinatura, aspirantura hamda doktorantura orqali yetuk onkolog va radiolog shifokorlarni tayyorlash, radioterapiya bo‘limlarida ishlash uchun tibbiy fizik mutaxassislarni yetishtirish, onkologlarning Rossiya klinikalarida stajirovkasini tashkil etish orqali yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha qator qo‘shma loyihalarni muhokama qildilar. Eng asosiysi, bu borada P.A. Gersen nomidagi Moskva onkologiya ilmiy-tadqiqot instituti o‘zbek hamkasblari uchun o‘qishni bepul tashkil etishga tayyor ekanligini bildirdi.

Muloqot chog‘ida Toshkent va Samarqand shaharlarida P.A. Gersen nomidagi Moskva onkologiya ilmiy-tadqiqot instituti filiallarini ochishga kelishib olindi.Bundan tashqari, ilm-fan, telemeditsina bo‘yicha haftalik anjumanlarni tashkil etish, yetakchi onkolog-jarrohlar bilan birgalikda mahorat darslar o‘tkazish, shuningdek, qo‘shma konferensiya, kongres va simpoziumlarni muntazam o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Rossiya

Baholaganlar

4

Reyting

2.6

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing