TIV Mirziyoyevga Moskvadan yo‘llangan murojaatga munosabat bildirdi

Jamiyat

Ijtimoiy tarmoqlar va ayrim xalqaro ommaviy axborot vositalarida Rossiya Federatsiyasida ko‘cha tozalovchi bo‘lib ishlagan va tomdagi qorni kurayotganda yiqilib vafot etgan o‘zbekistonlik migrantning qarindoshi tomonidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan murojaati tarqaldi.

Mazkur videomurojaatga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi. Quyida vazirlik axborot o‘zgarishsiz keltiriladi.

"O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mamlakatimiz fuqarosi Otabek Boltayevning 2019 yil 5 yanvar kuni Moskva shahridagi fojiali o‘limi va keyinchalik ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda chop etilgan nashrlar bilan bog‘liq vaziyatdan xabardorligini ma’lum qilamiz.

Avvalambor vafot etgan vatandoshimizning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdarligimiz va ta’ziyamizni izhor etamiz.

Shu o‘rinda qayd etish joizki,  O‘zbekistonning Rossiyadagi Elchixonasi Konsullik bo‘limining ma’lumotiga ko‘ra, marhumning qarindoshi deya tanishtirilgan Bahodir Ahmedov 2019 yil 9 yanvar kuni Konsullik bo‘limiga murojaat qilishidan bir kun avval O.Boltayev ishlagan joyi “Jilishnik Presnenskogo rayona” davlat byudjet muassasasi (DBM) rahbariyatidan marhumning jasadini O‘zbekistonga olib kelish va dafn etish uchun 100 ming rublni (1 500 AQSH dollari) imzo qo‘yib olgan. Bunda, marosim xizmatlari va aviatashuv narxi 50 mingdan 100 ming rublgacha bo‘lgan qiymatni tashkil etadi. 

Shuningdek,  DBM direktori I. N. Kostinning buyrug‘iga binoan marhum O. Boltayevning turmush o‘rtog‘i Sh.Boltayeva nomiga 250 ming rubl miqdoridagi bir martali moliyaviy yordam B. Ahmedov taqdim etgan bank kartasiga o‘tkaziladi. 

Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksining 220, Fuqarolik kodeksining 1084 va 1088-moddalariga ko‘ra, ish jarayonida shaxsga yetkazilgan zarar uchun javobgar tomon to‘liq ravishda ish beruvchi hisoblanadi. 

Bundan ma’lum bo‘ladiki, B.Ahmedov Elchixona Konsullik bo‘limiga murojaat qilishidan oldin marhum O.Boltayevning jasadini yuborish uchun yetarli moliyaviy mablag‘ga ega bo‘lgan va uning moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelganligi to‘g‘risidagi xabari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. 

Elchixona Konsullik bo‘limi O.Boltayevning qarindoshlari yuqorida ko‘rsatilgan pul mablag‘larini olganligi yoki huquq tartibot organlariga (Rossiya qonunchiligiga muvofiq) boquvchining vafoti sababli ish beruvchi tomonidan yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplash hamda aybdorlarni texnik xavfsizlikni ta’minlashda yo‘l qo‘ygan xatolari uchun jinoiy javobgarlikka tortishni so‘rab arz qilganliklari to‘g‘risida ma’lumotga ega emas. 

TIV Konsullik-huquqiy departamenti marhum O.Boltayevning oila a’zolari yoki qonuniy vakili murojaat qilgan taqdirda, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga tayyor ekanligini bildiradi.

O‘z navbatida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasining Tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 3839-sonli Qaroriga muvofiq,  O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish Jamg‘armasi tashkil etilgan.  Mazkur Qarorga ko‘ra,  xorijda vafot etgan fuqarolarimizning jasadlarini Vatanga olib kelish bilan bog‘liq harajatlar Jamg‘arma tomonidan qoplanishi belgilangan", deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

TIV Rossiya migrant

Baholaganlar

484

Reyting

1.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing