Sirdaryoda Halima Xudoyberdiyeva maktabi tashkil etiladi

Jamiyat

image

Tez orada Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabi tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 19 fevral kuni Guliston shahrida Sirdaryo viloyati va tumanlar hokimlari, faollar, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilgan.  Prezident taklifi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan. 

Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatida ish boshlagandan buyon ijod olami vakillari haqiqiy ma’noda qadr topdi. Qarshi shahrida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov, Marg‘ilonda Erkin Vohidov, Nukusda Ibroyim Yusupov nomidagi maktablar tashkil etildi. 

Halima Xudoyberdiyeva ko‘p yillar davomida O‘zbekistonda noma’lum va norasmiy taqiqlar ostida bo‘lgan. U Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatida ish boshlagandan keyin ko‘plab ijodkorlar qatorida yana OAVda ko‘rinish bera boshladi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Halima Xudoyberdiyeva tavalludining 70 yilligi munosabati bilan 2017 yil uni “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlagan edi. 

Halima Xudoyberdiyeva 2018 yilning 17 avgust kuni 71 yoshida olamdan ko‘z yumdi.

Ma’lumot o‘rnida, Halima Xudoyberdiyeva 1947 yil 17 mayda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tug‘ilgan. U o‘rta maktabni tamomlagach, Toshkent davlat universitetida ta’lim oldi. So‘ngra “Saodat” jurnalida avval bo‘lim boshlig‘i, muharrir o‘rinbosari va keyinchalik bosh muharrir sifatida samarali faoliyat ko‘rsatdi.

Shu davr oralig‘ida u Moskvada Oliy adabiyot kursida tahsil oldi. U “Yosh gvardiya” (hozirgi “Yangi asr avlodi”) nashriyotida bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi kengashi raisi lavozimlarida xizmat qildi. “Yozuvchi” nashriyotida yetakchi mutaxassis va “Guliston” jurnalida adabiyot bo‘limini boshqardi.
 
Halima Xudoyberdiyevaning ijodi 60-yillardan boshlangan bo‘lib, shu kungacha u yigirmadan ortiq she’riy to‘plamlar, dostonlar va publitsistik maqolalar yaratdi. Xususan, uning “Ilk muhabbat” (1968), “Oq olmalar” (1973), “Chaman” (1974), “Suyanch tog‘larim” (1976), “Bobo quyosh”(1977), “Issiq qor”(1979), “Sadoqat” (1983), “Muqaddas ayol” (1987), “Yuragimning og‘riq nuqtalari” (1991), “Hurlik o‘ti” (1993), “Bu kunlarga yetganlar bor” (1994), “To‘marisning aytgani” (1996) kabi she’riy, nasriy majmualari keng kitobxon ommasining ma’naviy mulkiga aylangan. U tarjimon sifatida ham samarali ijod qildi.

Uning Fazu Aliyeva, Silva Kaputikyan, Ibrohim Yusupov asarlaridan qilgan tarjimalari e’tiborlidir. Halima Xudoyberdiyeva mahoratli publitsist sifatida ham shuhrat qozondi. Uning “Yuragimning og‘riq nuqtalari” to‘plamiga kirgan maqolalarida zamonamizning dolzarb muammolari haqida mushohada yuritilgan.

Uning jo‘shqin she’riyati yordamida insonlarni ruhlantirish, ularga iroda, matonat, bag‘rikenglik va har qanday sharoitda ham o‘z ijodiga sodiq qolishdan iborat ibrat maktabi munosib baholanib, 1992 yilda “O‘zbekiston xalq shoiri” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Halima Xudoyberdieva

Baholaganlar

60

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing