Shavkat Mirziyoyev Xitoy Raisi bilan uchrashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi 25 aprel kuni ertalab Pekin shahrida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashuvdan boshlandi.

Xitoy rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Bir makon, bir yo‘l” ikkinchi xalqaro forumida ishtirok etish uchun XXRga tashrifi bilan qutladi. Xitoy O‘zbekiston bilan hamkorlikning bugungi holatini yuksak qadrlashi hamda mamlakatlar o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qat’iy intilishini ta’kidladi.

O‘zbekiston rahbari xalqaro forumda ishtirok etish taklifi uchun minnatdorlik bildirib, ushbu tadbir ham ikki tomonlama, ham mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev XXR Raisi va butun Xitoy xalqini yaqinlashib kelayotgan muhim sana – Xitoy Xalq Respublikasi tashkil etilganining 70 yilligi bilan muborakbod etdi.

“Hurmatli Prezident, Siz birinchi forumda ham ishtirok etganingizni mamnuniyat bilan eslayman. Shu ma’noda, Sizni “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumi asoschilaridan biri sifatida qabul qilamiz. O‘zbekistonning forumga e’tibori va ishtiroki mamlakatlarimiz hamkorligi rivojidan dalolat beradi. Ikki tomonlama ko‘plab kelishuvlarga erishilgan va ular izchil amalga oshirilmoqda. Ishonchim komilki, O‘zbekiston - Xitoy munosabatlarining istiqboli porloq", dedi Si Szinpin.

O‘zbekiston va Xitoy – har tomonlama strategik sheriklar. O‘zbekiston XXRning tashqi siyosiy kursi va yagona Xitoy masalalari bo‘yicha qat’iy pozitsiyasini, terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi olib borayotgan kurashini qo‘llab-quvvaytlaydi. Xitoy O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va O‘zbekistonning mintaqaviy siyosatini olqishlaydi. Davlatlar xalqaro tashkilotlar doirasida faol hamkorlik qilmoqda.

Davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari va siyosiy irodasi O‘zbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. Bugun siyosat, iqtisodiyot, savdo, sanoat, moliya, qishloq xo‘jaligi, qurilish, fan, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

Xitoy – O‘zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklaridan biri. O‘zaro tovar ayirboshlash izchil o‘smoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra uning hajmi 6,4 milliard dollardan, joriy yilning birinchi choragida esa 50 foizga oshgan.

Mamlakat iqtisodiyotiga jalb qilingan Xitoy investitsiyalari va kreditlari hajmi 8 milliard dollardan oshdi. 2017 yil may oyida XXRga amalga oshirilgan oliy darajadagi davlat tashrifi natijasida umumiy qiymati 4,5 milliard dollardan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda tovar ayirboshlashni yanada kengaytirish va diversifikatsiya qilish masalalari muhokama qilindi, o‘zaro savdo hajmini yaqin yillarda 10 milliard dollarga yetkazishdan manfaatdorlik bildirildi. O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiya, innovatsiya va texnologiyalar jalb etish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollariga, turli sohalarda hamkorlik bo‘yicha yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqish, mintaqaning tranzit va transport-kommunikatsiya salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi va uning keng ko‘lamda amalga oshirilishiga amaliy hissa qo‘shishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Xitoy Raisi O‘zbekistonning bu boradagi ishtiroki va tashabbuslari Xitoy bilan O‘zbekiston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Xitoy

Baholaganlar

14

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing