Mirziyoyevning kenja qizi yangi loyihaga bosh-qosh bo‘lmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Bolalik kunlarimda” loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur loyiha Agentlik va Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi o‘zbek xalq ertaklarining audio talqinini yaratish orqali millatimizning ulkan madaniy merosi, xalq og‘zaki ijodi namunalarini kelajak avlodga yetkazishdan iborat.

Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komiljon Allamjonov, MTV Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ishtirok etgan. 

Komiljon Allamjonovga ko‘ra, audio ertaklar bolalar uchun nafaqat qiziqarli voqealar bayoni, balki ota-onalarga barkamol avlodni tarbiyalashda samarali pedagogik vosita vazifasini o‘taydi. Bolalarda yaxshilik va yomonlik, xushmuomalalik, jasurlik va boshqa ijobiy xislatlarni shakllantirish, salbiy odatlarning oqibatlarini tushuntirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xalq ertaklarining audio talqinini yaratishda bir guruh mutaxassislar, jumladan, muharrirlar, tarjimonlar, musahhih va ruhshunoslar, aktyorlar hamkorlikda ish olib bordi. Tadbirda o‘zbek xalqining sevimli ertaklaridan biri “Zumrad va Qimmat”ning audio talqini namoyish etildi. Bunda aktyorlar Noila Toshkenboyeva, Dilnoza Kubayeva, Zuhra Soliyeva, xonanda Munisa Rizayeva ishtirok etgan.  

Ma’lum qilinishicha, loyiha doirasida, har oy yakunida 10 ta o‘zbek va rus tillaridagi ertaklar jamlangan disklar taqdim etiladi.

Shuningdek, audio ertaklarni ta’lim jarayoniga ham integratsiyalash, ulardan rivojlantiruvchi usul sifatida foydalanish ham rejalashtirilmoqda. Professional studiyada yozilgan audio ertaklar muntazam ravishda maxsus telegramm kanalda muayyan vaqtda bepul uzatib boriladi.

Tadbirda mutaxassislar maktabgacha ta’lim vazirligi bilan amalga oshirilgan bu loyiha yaxshi samara berishini ta’kidladi. Bu kabi loyiha tizimli davom etadi. 

QALAMPIR.UZ’ga oid ma’lumotlarga qaraganda mazkur loyihaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komiljon Allamjonov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi – MTV Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva bosh-qosh bo‘lmoqda. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning qizi Shahnoza Shavkatovna Mirziyoyeva Maktabgacha ta’lim vazirligi Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida 2017 yilning oktyabr oyidan buyon ishlab kelmoqda.
 


Maqola muallifi

Teglar

Shahnoza Mirziyoev

Baholaganlar

459

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar