Rahmonbek Usmonov chiqargan qaror ortidan surishtiruv boshlandi. Ish tergovgacha boradimi?

Jamiyat

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Yunusobod tumani oloy bozori yaqinida qad rostlagan yangi uylarning yonidagi bir necha yillik eman daraxtlari kesib tashlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Odatda daraxtlar va uylar qirg‘ini bilan bog‘liq holatlar Toshkent shahar hokimiyati va shaxsan hokimi Ortiqxo‘jayev bilan bog‘lanishiga o‘rganib qolganmiz. Bu safargi vaziyat boshqacharoq tus oldi. Hokimlikning o‘zi daraxtlar kesilishi bilan bog‘liq holat yuzasidan surishtiruv boshladi. Navbatdagi holat Toshkentning sobiq hokimi, ayni damda Yunusobod tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan va bir necha bor daraxtlar qirg‘iniga bosh-qosh bo‘lgan Rahmonbek Usmonov! 

Ma’lum qilinishicha, daraxtlar kesib tashlanayotgani bilan bog‘liq xabar Toshkent shahar hokimiyatiga kecha, 20 fevral kuni kelib tushgan. Murojaatdan so‘ng, hokimlikda zudlik bilan ishchi guruhi tuzilib, o‘rganish ishlari olib borilgan. Tezkor tadbir natijasida shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlarni va butalarni kesish yuzasidan chiqargan 75-sonli xulosasiga muvofiq, ko‘rsatma taqdim etilgani ma’lum bo‘lgan.  

Ushbu ko‘rsatmaga asosan Yunusobod tumani hokimi Rahmonbek Usmonovning 2019 yil 18 fevraldagi daraxt kesishga ruxsat berish to‘g‘risidagi 445-sonli qarori tasdiqlangan. Unga ko‘ra, Yunusobod tumani Abdulla Qodiriy va Oloy bozori berk ko‘chasi oralig‘ida joylashgan sog‘lom 6 tup eman daraxtlarini butalashga, 1  tup eman daraxtini to‘lov evaziga kesilishiga ruxsat berilgan.   

Toshkent shahar hokimiyati Matbuot xizmati tomonidan tayyorlangan videoda daraxtni kesishda ishtirok etgan ikki kishi suhbatga tortildi. 

Yunusobod tumani Obodonlashtirish boshqarmasi haydovchisi Sunnatilla Madiyorov o‘ziga berilgan topshiriq asosida daraxtlarni emas, balki uning shohlarini kesganini, yuk mashinasidagi daraxlar bo‘laklari esa qayerdan kelib qolganini bilmasligini, suratga olganda, har qanday kichik shoh-shabba katta bo‘lakdek ko‘rinishini tushuntirishga harakat qiladi. 

Yollangan haydovchi Rustam Yoqubov esa yuklarni ortgani daraxtlar kesilgan hududga borganini, daraxtlarni kesganlar haydovchini shu yerga chaqirganini aytadi. Haydovchi avtomobiliga ortilgan daraxt bo‘laklarini Qo‘yliqqa olib borgan va boshqa yuk avtomashinasiga ortib olib ketishgan. U qo‘lida barcha hujjatlar borligini iddao qiladi. Haydovchiga bu xizmati uchun 200 ming so‘m pul berilgan .

Toshkent shahar hokimiyatidan ma’lum qilishlari, mazkur holat yuzasidan huquq-tartibot organlari surishtiruv ishlarini boshlagan. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Daraxtlar qirg'ini Rahmonbek Usmonov

Baholaganlar

210

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing