Qozog‘istonda o‘zbek anorlari importiga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi
Jamiyat 14 mart 20:30 1035
image

Bugun, 14 mart kuni Ostona shahrida “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi boshlig‘i Ibrohim Ergashev bilan Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Gulmira Isayeva o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda inspeksiya Matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda anor importiga qo‘yilgan cheklovni bekor qilish, shuningdek, karantin ostidagi mahsulotlarning fitosanitar holati, ikki mamlakat karantin xizmatlari o‘rtasida eksport va import qilinayotgan meva-sabzavotlarni fitosanitar ko‘rikdan o‘tkazishda hamkorlikdagi nazoratni yanada kuchaytirish singari masalalar muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida Qozog‘istonga O‘zbekistondan anor olib kirish uchun o‘rnatilgan vaqtincha taqiq 14 martdan olib tashlanishiga erishildi.

Bugundan e’tiboran eksportchi tadbirkorlar Qozog‘istonga anorni fitosanitar nazoratdan o‘tkazib, eksport qilishlari mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘iston karantin xizmati joriy yilning 20 fevralidan O‘zbekistondan anor olib kirishni vaqtincha taqiqlagandi.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 6
Reyting: 3.3