Amerikalik general — O‘zbekistonda!

Jamiyat

image

Kecha, 20 fevral kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonlik qo‘mondoni general Jozef Votel boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Shu kuni O‘zbekiston Mudofaa vaziri, general-moyor Bahodir Qurbonov va general Jozef Votel uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuvda mudofaa sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati muhokama qilinib, harbiy ta’lim va mudofaa sohalarida istiqboldagi rejalar belgilab olingan. O‘zaro manfaatli hamkorliklarni kuchaytirish borasida fikrlar almashildi. Suhbatda mamlakatlar o‘rtasida harbiy sohada hamkorlik yo‘nalishlarida o‘sish sur’atlari ortib borayotgani alohida ta’kidlandi.

AQSH tomoni harbiy va harbiy-texnika sohasida, shuningdek, mintaqada xavfsizlikni ta’minlash borasidagi dolzarb masalalariga va O‘zbekiston-Amerika mudofaa idoralari o‘rtasidagi kelishuvlarga O‘zbekiston alohida e’tibor qaratayotganini e’tirof etgan. 

General Jozef Votel general-mayor Bahodir Qurbanovni mudofaa vaziri lavozimiga tayinlangani tabrikladi. Suhbatda u, mazkur tashrif Toshkentga to‘rtinchisi bo‘lganini aytib o‘tdi. Shuningdek, general Votel o‘tgan tashrifidan qolgan taassurotlaridan eng yorqini – Samarqand shahriga sayohati va tarixiy obidalar bilan tanishuvi ekanini mamnuniyat bilan bildirdi.

Uchrashuv davomida Afg‘onistondagi vaziyatni o‘nglash, xalqaro terrorizmga barham berish hamda mintaqada tinchlikni barqaror ushlab turish bo‘yicha fikrlar almashildi.
 
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston mintaqaning barqarorligi va rivojlanishiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadigan qo‘shni Afg‘oniston davlatida tinchlik va xavfsizlik yo‘lidagi barcha harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

2018 yilning mart oyida Toshkent shahrida Afg‘oniston masalalari bo‘yicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” xalqaro anjumanining o‘tkazilgani, shuningdek, uning yakunida “Toshkent deklaratsiyasi” qabul qilinganining o‘zi O‘zbekiston terrorizmning boshqa mamlakatlarda tarqalmasligi tarafdori ekanligini ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning may oyida O‘zbekiston mudofaa vaziri Jozef Votel boshchiligidagi delegatsiyani kutib olgan edi. Shu yilning yanvar oyida esa O‘zbekiston Mudofaa vazirligi delegatsiyasi AQSHda bo‘lib, mamlakat maxsus bo‘linma harbiy xizmatchilari ishtirokida Kemp-Shelbi harbiy bazasida o‘tkazilgan “Janubiy zarba” hamkorlikdagi mashg‘ulotlarni kuzatdi hamda CENTCOM qo‘mondonligi bilan ikki tomonlama harbiy hamkorlik masalalarini muhokama qilgan edi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

13

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing