“Million” aprelda behayo va arzon hazillardan xoli konsert bermoqchi

Madaniyat-san’at

image

Davron Kabulov boshchiligidagi “Million” jamoasi yangi konsert dasturi kunlarini e’lon qildi. Kabulovning ijtioiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qilinishicha, jamoa bu yil 1-10 aprel kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyidagi navbatdagi konsert dasturini taqdim etadi.

“Katta mamnuniyat va quvonch bilan ma’lum qilamizki, “Million” o‘zi uchun alohida qadrli bo‘lgan aprel oyining dastlabki 10 kunini “Xalqlar do‘stligi” saroyida o‘tkazadi. Bu yilgi konsert sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilish yo‘lida harakat qilayotgan jamoamiz uchun alohida ahamiyatga ega: bundan buyon behayo va arzon hazillardan qochish, jiddiy, dolzarb va qaynoq mavzularga murojaat qilish maqsadimizdir”, deydi Davron Kabulov. 

Jamoa so‘nggi konsert dasturini o‘tgan yilning 22-31 oktyabr kunlari taqdim etgan edi. Davron Kabulov navbatdagi konsertda kutilayotgan yangiliklar haqida gapirarkan, shunday deydi:

“Sahna dekoratsiyalari va grafikalariga original yondoshuv, kutilmagan musiqiy syurprizlar tayyorlab qo‘yilgan. Oldindan katta gapirmaymiz: ishimiz bilan ko‘rsatishga harakat qilamiz. Siz qarsagingiz orqali to‘g‘ri va chin bahoni berasiz”.

“Million”, “Dizayn”, “Bravo” kabi jamoalar oxirgi oylarda yana tanqidlar markazida bo‘lib turibdi. Biroq, bular orasida eng ko‘p tanqid “Dizayn” va “Bravo”ga qaratilgan. Ayniqsa, “Bravo”ning ilk konsert dasturi haligacha ko‘plab tomoshabinlar va OAV vakillarining keskin e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. 

Bugungacha “Million” ham bir necha bor qattiq tanqidlarga uchragan. Kabulovning gaplaridan ko‘rinib turibdiki, jamoa o‘tgan yillardagi konsertlarda behayo va arzon hazillarni namoyish etib kelgan. Xo‘sh, jamoa bu yil ochiq hazillardan qay tarzda voz kecha olarkin?
 


Maqola muallifi

Teglar

Million jamoasi Davron Kabulov

Baholaganlar

544

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing