Men nima deymanu, qo‘bizim nima deydi?

Tahlil

image

Bundan avvalroq, Qalampir.uz saytida “Usmonov va Abdusamatov pishirgan osh. Ko‘zbo‘yamachilik ortidagi muammoni Ortiqxo‘jayev yechadimi yo Aripov?” nomli maqola e’lon qilgan edik. 

Maqolada “UMID SIFATLI BIZNES” MCHJ rahbari, tadbirkor Mamlakat Azimovadan tahririyatimizga murojaat kelib tushgani, bu murojaatni o‘rganish uchun Toshkent shahar, Yunusobod tumani, "Qadrdon" mahallasiga borganimiz haqida yozgan edik

Usmonov va Abdusamatov pishirgan osh. Ko‘zbo‘yamachilik ortidagi muammoni Ortiqxo‘jayev yechadimi yo Aripov?

Ushbu maqola saytimizda e’lon qilinganida Yunusobod tuman hokimligidan kimdir tahririyatimizga telefon qilar, muammoni bartaraf etish haqida bir to‘xtamga kelar deb o‘yladik. 

Yo‘q bunday bo‘lib chiqmadi. Dunyoni suv bossa, o‘rdakka ne g‘am deganlaridek, “hokimbuva” va o‘rinbosarlari hamon “suzmoqda”.

Maqolani  50 mingdan oshiq o‘quvchi o‘qibdiyu, negadir Yunusobod tumani hokimligidan birorta mas’ul o‘qiyolmabdi-da, afsus. Hokim yoki uning o‘rinbosarlari OAVni umuman kuzatmaydi deyishimizga asos bor. Agar o‘qiganida allaqachon munosabat bildirgan bo‘lardi. Yoki qog‘ozga chiqarib ko‘rsatsakmikan, axir ko‘pchilik rahbarlar haliyam shiqillagan qog‘ozlarni qo‘msaydi-ku, ovozi yoqimlida, a –labbay, nima dedingiz. 

Yunusobod tumani hokimligida hech kimning vaqti yo‘q. Hamma aholining, tadbirkorning muammoasini “hal qilish” uchun ko‘chama-ko‘cha, mahallama-mahalla “yelib-yugurib”, “jon koyitib” ishlamoqda go‘yo. Lekin har safar “hokim buva”ni izlab borganimizda xonasida bo‘ladi va to‘satdan kimdir qayoqqadir “srochni” chaqirib qoladi. O‘rniga esa yordamchisi shay. U o‘rinbosarlarga ro‘baro‘ qiladi. Kalavaning uchini topolmay sarson-sargordan yuraverasan. 

Men nima deymanu, qo‘bizim nima deydi. 

Eshitgansiza bu mashhur iborani. Negadir bu iborani Rahmonbek Usmonov eshitmabdi yoki yonidagilar qulog‘iga “shipshitishmagan”. Shipshitganda edi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “ikkita ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimda ko‘taraman” degan gapini o‘ng qulog‘i bilan ham, chap qulog‘i bilan ham eshitgan, o‘ziga shior qilib olgan bo‘lardi. Afsuski, bunday emasligini ko‘rib turibmiz. 

Prezidentning aytganlari shahar hokimidan nariga o‘tmayapti. Bir safar Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev OAVga qarata bizga do‘stmisilar yo dushmanmi degandi. 

Javob: biz adolatga, tadbirkorning dodini eshitganga, muammoni hal etganga, qarsakbozlik, rasmbozlikni yoqtirmaydiganlarga do‘stmiz. 

Kim aybdor, maqola yozgan jurnalistmi, borini biznesga tikib xonavayron bo‘lish yoqasida turgan tadbirkorlarmi?  Kimdir javob beradimi?

Afsuski hech kim javob berishga shoshilmadi. Maqola e’lon qilinganiga bir necha kun o‘tsa-da na Toshkent shahar, na Yunusobod tumani hokimligidan sado chiqdi. 

Biz Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmati rahbari va huquqshunosini Qalampir.uz tahririyatiga chaqirdik. Muammoni hal qilaylik dedik. Va’dalar olindi. Mana, oradan yigirma kun o‘tibdi hamki, ular jim. Muammoni hech kim o‘rganayotgani ham yo‘q, shumi hokimiyatning ochiqligi?

Agar shuni ochiqlik desak, yopig‘i qanday bo‘larkin? Bir necha bor Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmati bilan bu borada suhbatlashgan bo‘lsak-da, muammo yuzasidan biror aniq javob yo‘q. O‘rganyapmiz, degan javobdan nariga o‘tilmadi shu vaqtgacha. 
 
Ortiqxo‘jayev muammolarni bartaraf etayotgan, tadbirkorlar xursandligidan chapak chalayotgandir. Aslida ham shundaymi?  Va’dalar berildi. Qarsaklar chalindi. Shu yerda to‘xtash kerak. Tadbirkorni oyog‘idan chalish kerak emas-da. Ortiqxo‘jayev hokim bo‘lganida eng ko‘p quvonganlar – tadbirkorlar edi. Ana o‘zimizdan chiqqanda, endi dardimizga “malham” topildi,  deyishdi. Hokim ham tadbirkorlarni do‘stim dedi, avvalgidek poraxo‘rlikka yo‘l qo‘yilomasligini bir necha bor ta’kidladi. Biroq, uning “komanda”sida, hali ham Usmonov davridan qolgan mas’uliyatsiz odamlar yashab kelayotgandek.

Nega muammolar Ortiqxo‘jayevgacha kirib bormayapti? “Filtr”lar bunga to‘siq bo‘lyaptimi? Biz hammasi uchun izoh so‘rab qolamiz. Toki tadbirkor dardiga malham topsin. Oshni pishirganlardan biri shahar hokimligidan tuman hokimiga aylandi. Ikkinchisi, yani Yunusobodning sobiq hokimi Abdusamatov qamaldi. O‘rtada qolgan tadbirkor boshini qamoqxonaning eshigiga ursinmi yo Usmonovning?

Akbar Jiyanov
 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev Rahmonbek Usmonov

Baholaganlar

255

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing