Istanbulga otlanganlar diqqatiga: yangi aeroport haqida bilasizmi?

Foydali

image

Avvalroq, Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan “Otaturk” aeroporti qatnovlar to‘xtatilgani, barcha moslamalar yangi aeroportga ko‘chirilayotgani haqida xabar bergan edik. 

Ma’lumki, O‘zbekistondan Turkiyaga safar qiluvchilar talaygina. Ular orasida tadbirkorlar, talabalar, shunchaki sayohatga chiqqanlar bor. Ammo yo‘lovchilarning aksariyatini savdogarlar tashkil etadi. 

Bugunga kelib O‘zbekistondan Turkiyaning Istanbul shahriga “Samarqand” xalqaro aeroporti va Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportidan haftasiga bir necha marotaba parvozlar amalga oshiriladi.

Turkiya hukumatining qaroriga muvofiq 2019 yilning 5-6 aprel kunlari (Istanbul shahri) “Otaturk” nomidagi aeroportiga/dan bajariladigan barcha xalqaro qatnovlar bekor qilindi. 

Shu o‘rinda Turkiyaga tez-tez borib-keluvchilar uchun ayrim ma’lumotlarni taqdim etishni ma’qul deb topdik.

Yangi aeroport qayerda joylashgan?

Istanbul xalqaro aeroporti Istanbulning Yevropa qismi tomonidan 35 kilometr shimolda joylashgan.

O‘zbekistondan qatnovlar qachon amalga oshiriladi?

Joriy yil 7 apreldan boshlab “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining O‘zbekistondan Istanbulga bajaradigan barcha borish-qaytish qatnovlari “Otaturk” nomidagi xalqaro aeroportidan Istanbul xalqaro aeroportiga ko‘chiriladi.

Yangi aeroport uzoqmi?

Istanbul xalqaro aeroporti “Otaturk” nomidagi xalqaro aeroportga nisbatan uzoq manzilda joylashgan. Yangi aeroport ayniqsa, o‘zbekistonliklar uchun juda uzoq. Boisi, Istanbulga sayohat, davolanish, tijorat maqsadida boradigan ko‘pchilik o‘zbeklar shaharning Oqsaroy, Laleli va Taqsim maydonlari atrofiga joylashadilar. Aeroport va bu magzilgohlar orasidagi masofa esa anchagina.

Masalan: 

Aeroport – Taqsim maydoni. Yengil avtomobilda:

eng kam masofa – 39,5 km;
o‘rtacha masofa – 51,6 km;
eng uzoq masofa – 56,1 kmni tashkil etadi. 

Aeroport – Oqsaroy mahallasi. Yengil avtomobilda:

eng kam masofa – 41,7 km (56 daqiqa);
o‘rtacha masofa – 45,7 km (52 daqiqa);;
eng uzoq masofa – 56,7 km (49 daqiqa)ni tashkil etadi. 

Aeroport – Laleli Istanbul universiteti. Yengil avtomobilda:

eng kam masofa – 42,3 km (50 daqiqa);
o‘rtacha masofa – 45,4 km (50 daqiqa);;
eng uzoq masofa – 48,1 km (58 daqiqa)ni tashkil etadi. 

Qaysi yo‘ldan borish taksi haydovchisining insofiga va yo‘llarning qanchalik tirbandligiga bog‘liq.

Darvoqe, taksi narxlari quyidagicha:

Taksi tutish: 4 turk lirasi.
Har 100 metr uchun: 0,2 turk lirasi.

O‘rtacha hisoblaganda Istanbul aeroportidan taksida Taqsim maydoniga yetib kelish uchun 107,2 t.l. (19,6 AQSH dollari), Oqsaroygacha 95,4 t.l. (16,96 AQSH dollari), Laleligacha esa 94,8 t.l. (16,85 AQSH dollari)ni ko‘zingizni chirt yumib taksiga to‘lashingizga to‘g‘ri keladi. Balki narx-navo bundanda qimmatroq bo‘lishi ham mumkin.

Yuqoridagi hisob-kitobda faqat markaziy ko‘chalar nazarda tutilgan. Mehmonxona yoki yashash manziliga olib boradigan ichki ko‘chalarda harakatlanish ham anchaga tushadi. 

Jamoat transporti bormi?  

“Otaturk” xalqaro aeroportidan yuqoridagi manzillarga yetib olish nisbatan osonroq edi. Birinchidan, masofa u qadar olis emas. Ikkinchidan, aeroport metro bekatidan Taqsim va Oqsaroy bekatiga bemalol metroda yetib olish mumkin. Istanbul aeroporti va uning yaqin atrofida metro harakatlanmaydi. 

Biz keltirgan ma’lumotlar yaqin orada Turkiyaga safar qiluvchi o‘zbekistonliklarga asqotadi, degan umiddamiz. Darvoqe, yangi aeroportda adashib qolmang. U eskisidan bir necha baravar katta. 

Qatnovlarga kechikish va ro‘yxatdan o‘z vaqtida o‘tish   hamda barcha uchish oldi rasmiyatchiliklaridan saqlanish maqsadida yo‘lovchilardan yangi aeroportga belgilangan vaqtdan kamida uch soat oldin kelishlari so‘raladi. 

Istanbul shahridagi yangi aeroportda ro‘yxatdan o‘tish parvozdan 1 soat oldin, havo kemasiga chiqish esa, parvoz jadvalidagi vaqtdan 20 daqiqa oldin amalga oshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul aeroport

Baholaganlar

124

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing