Hindiston va Pokiston munosabatlarida O‘zbekiston yana yangi sahifa ocha oladimi?

Tahlil

image

Bugungi kunda dunyo hamjamiyatining diqqati Hindiston va Pokistonga qaratilgan. Joriy yilning 27 fevral kuni Hindiston va Pokiston mintaqa xavfsizligiga rahna soluvchi, qonli harbiy qarama-qarshilikni boshlab yubordi.

Osiyo qit’asidagi bu ikki davlat Buyuk Britaniya Hindistonga mustaqillik bergan 1947 yildan beri bir-biriga nisbatan dushman kayfiyatida bo‘lib keladi. 1947 yilda hind musulmonlari Hindistondan ajrab chiqib, Pokiston Islom Respublikasini tuzgan. Ularning dushmanlik munosabatlarining manbai esa dunyoning eng “qaynoq” nuqtalaridan biri Kashmir hududi hisoblanadi.

Bugungacha Hindiston va Pokiston o‘rtasida uchta yirik harbiy to‘qnashuv yuz bergan:
1. 1947-1949 yillardagi birinchi Hindiston-Pokiston urushi. 
2. 1965 yildagi ikkinchi Hindiston-Pokiston urushi.
3. 1971 yildagi uchinchi Hindiston-Pokiston urushi.

Bu ikki davlat o‘rtasida yarim asrdan ortiq vaqt mobaynida davom etib kelayotgan keskinlikni turli vaqtlarda, dunyoning turli tashkilot va qudratli mamlakatlari yumshatishga uringan. Ba’zi vaqtlarda buning uddasidan chiqilgan ham.

1966 yildagi Toshkent sammitini shunday samarali urinishlardan biri deyish mumkin. Sobiq Ittifoq Vazirlar Kengashining raisi Aleksey Nikolayevich Kosigin tashabbusi bilan Pokiston Prezidenti Muhammad Ayyubxon va Hindiston Bosh vaziri La’l Bahodir Shastri Toshkentda uchrashgandi. Uchrashuv yakunida “Toshkent deklaratsiyasi” imzolangan.

Mazkur uchrashuv 1965 yilning avgust-sentyabr oylarida Kashmir hududida Hindiston va Pokiston o‘rtasida ro‘y bergan qurolli to‘qnashuv tufayli yuzaga kelgan keskinlikni tinch yo‘l bilan hal qilish maqsadida uyushtirilgan.

Toshkent deklaratsiyasi bu xususda bir qancha amaliy tadbirlarni ko‘zda tutgan. Jumladan, har ikkala mamlakat qurolli kuchlarini qurolli to‘qnashuvdan oldin egallab turgan joylariga qaytarish, diplomatik vakolatxonalar faoliyatini, har ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo munosabatlarini tiklash belgilangan. Toshkent deklaratsiyasi Hindiston bilan Pokiston munosabatlaridagi janjalli masalalarni tinch yo‘l bilan hal etishga asos bo‘lgan.

Deklaratsiya imzolanganining ertasi kuni Hindiston Bosh vaziri La’l Bahodir Shastri Toshkentda vafot etgan.

XXI asrda Hindiston-Pokiston mojarosi yanada avj oldi. Bunga har ikki davlatning yadro quroliga ega bo‘lishi sabab bo‘ldi. Ular doimiy ravishda o‘zlarining harbiy qudratini oshirib keladi. Bu esa mintaqada tinchlik va barqarorlikka jiddiy xavf solishi shubhasiz.

Shunday bir keskinlik hukm surgan davrda Hindiston va Pokiston munosabatlarida iliq muhitni shakllantirish hamda ikki tomonga ham o‘ziga xos majburiyatlar yuklash masalasi yana Toshkentda hal etildi. 2016 yilda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Toshkentda o‘tgan sammitida ushbu ikki yadroviy qurolga ega davlatlarga a’zolik maqomini berish to‘g‘risida qaror imzolangan.

Toshkent shahrida o‘tgan SHHT sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning o‘zaro muloqoti bo‘lib o‘tgandi.

Islom Karimov o‘sha uchrashuvda yadroviy qurolga ega Hindiston va Pokiston davlatlarining SHHTga a’zo bo‘lishi dunyo xaritasini o‘zgartiribgina qolmay, jahon arenasidagi kuchlar taqsimotiga ham ta’sir qilishini ta’kidlagan.

“Islom Abdug‘aniyevich bu qanday ko‘rinadi: O‘zbekiston Prezidenti Karimov Hindiston va Pokistonni SHHTga olib keldi hamda yangi dunyo siyosiy realligini barpo qildi. Keling shu haqda suhbatlashamiz”, deb javob qaytargandi Putin kulimsirab.

Hindiston va Pokiston SHHTga a’zo bo‘lish bilan birga tashkilotning maqsad va vazifalari hamda tamoyillariga rioya qilishga ham rozilik bergan. Shunday ekan bugun bu ikki qo‘shni davlat o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar chiqqan bir vaqtda SHHT nega sukut saqlayapti?

SHHT Xartiyasining 1-moddasida davlatlar orasida ishonchli, do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini o‘rnatish tashkilotning asosiy maqsad vazifalaridan biri ekani aniq va ravshan belgilangan.

Shuningdek, mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash uchun ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, terrorchilik, ekstremizm va separatizmga qarshi birgalikda kurashish hamda XXI asrda yuzaga keladigan muammolarga birgalikda yechim topish ham Xartiyada belgilab qo‘yilgan.

Ho‘sh, bugungi kunda SHHT mintaqa yoki dunyoda yuzaga kelgan muammolarni yechish u yoqda tursin tashkilotga a’zo ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyatlarga barham berish uchun qanday choralar ko‘ryapti?

Hozirgacha tashkilotning u yoki bu idorasi vakili mavjud masalaga doir fikr bildirganini ko‘rmadik, eshitmadik. Ammo AQSH va Rossiya kabi yirik “derjava” davlatlar doimgidek mojaroning ustida hoziru nozir. Ha aytgancha, bu o‘rinda Xitoyni ham yoddan chiqarmaslik kerak.

AQSH Prezidenti Donald Tramp Pokiston va Hindiston chegarasidagi qurolli to‘qnashuvlarni to‘xtatish kerakligini ta’kidladi. Rossiya esa bu ikki davlatni yarashtirib qo‘yish niyatida ekani haqida ba’zi xabarlar tarqaldi. Xitoy esa, hozircha sukutda.

Ochig‘ini aytish kerakki yuqoridagi uch davlat – AQSH, Rossiya, Xitoy qaysidir tomonlama Hindiston va Pokistonning qurolli to‘qnashuvidan manfaatdor. Negaki, qurolli to‘qnashuvlar vaqtida har ikki davlatda ham qurol-yarog‘ga bo‘lgan ehtiyoj ortadi. Bu esa yuqorida nomi keltirilgan davlatlarga qo‘l kelishi turgan gap. Xitoy qurol yetkazib berish bo‘yicha Rossiya va AQSHdan sustroq harakatlanishi mumkin, ammo boshqa har qanday sanoat mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha XXRning oldiga tushadigani topilmaydi. 

Endilikda Shanxay hamkorlik tashkilotining sukutiga to‘xtalsak. Bu sukutning boisi SHHTning qudratli a’zolari Rossiya va Xitoyda mojaroning barham topishiga qiziqish yo‘qligi bilan bog‘liqmi yoki tashkilotning muammolarga ta’sirchanligi quruq gapmi...?

Shunday bir vaziyatda rasmiy Toshkentda yana mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olish imkoniyatlari qanday?

2016 yilda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti bo‘lgach, mamlakatda chorak asr davom etgan vaziyat o‘zgardi. O‘tgan ikki yil davomida chegaradosh va chegaraorti, hatto, okeanorti mamlakatlari bilan ham aloqalar yaxshilandi. Shu bilan birga, O‘zbekiston jahon siyosatida Rossiya va AQSHning birini tanlamasdan, ularning har biri bilan manfaatli aloqa o‘rnatishga urinyapti.

Dunyo siyosatining faol ishtirokchisiga aylangan O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun turli formatdagi sammitlarda ishtirokini orttirdi hamda o‘z takliflarini bera boshladi.

Shavkat Mirziyoyev qisqa fursatda ikki marta Hindistonga tashrif buyurdi. O‘zbekiston-Hindiston munosabatlari hozirda har doimgidan-da yaxshiroq. Shunday bir vaziyatda Hindiston va Pokiston munosabatlarining tiklanishida O‘zbekiston vositachi bo‘lsa-yu, bu vositachilik samarali yakunlansa, dunyo siyosiy xaritasida O‘zbekistonning mavqeyi anchayin mustahkamlangan bo‘lardi, chamanda...


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston-Pokiston

Baholaganlar

134

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing