“Imom Abu Iso Muhammad Termiziy” filmi premerasi bo‘lib o‘tdi

Madaniyat-san’at

image

Joriy yil 19 aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi kinoteatrda “Imom Abu Iso Muhammad Termiziy” nomli badiiy filmning premerasi bo‘lib o‘tdi. 

Film premerasiga puxta tayyorgarlik ko‘rilgani, targ‘ibot anchayin yaxshi bo‘lgani yig‘ilgan mehmon hamda tomoshabinlarning ko‘pligidan ham bilinib turardi. Ko‘p filmlarning premeralariga borganman, biroq bunisi o‘zgacha edi. Negaki, uzoq yillardan buyon bu kabi filmlarni katta ekranlarda namoyishini ko‘rmay qo‘ygandik. 

Kinosaroyining eng yirik zali tomoshabinlar bilan liq to‘lgan, qo‘shimcha o‘rindiqlar va tik turib tomosha qilayotganlarning soni ham ancha-muncha. 

Avvaliga sahnaga “O‘zbekkino” milliy agentligi direktori o‘rinbosari Shuhrat Rizayev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur hamda Tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov so‘zga chiqib, ushbu film musulmon olamidagi taniqli olti hadisnavisdan biri – Imom Abu Iso Muhammad Termiziyning hayot yo‘li, ijodiy faoliyati haqida hikoya qilishi haqidagi fikrlarini e’tirof etdi. 
Shundan so‘ng, filmning namoyishi boshlandi. 

“O‘zbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga binoan rejissyor Abduhalil Mignorov tomonidan yaratilgan mazkur badiiy film muhaddislik ilmi misli ko‘rilmagan darajada ravnaq topishida Imom Abu Iso Muhammad Termiziyning o‘rni beqiyos ekanligini to‘la ochib bergan.    

Filmda hijriy uchinchi, milodiy to‘qqizinchi asrdagi tarixiy davr tasvirlanadi. Film juda yaxshi suratga olingan. Tasvirlardagi voqelik kishini o‘sha zamon ruhiga kirib borishga undaydi. Film suratga olishda tabiiy uyg‘unlikka va o‘sha davr muhitini aks ettira oladigan dekoratsiyalar va tabiatga alohida e’tibor qaratilgan. Aytish kerakki, dekoratsiyalar ancha ishonarli chiqqan, balki oddiy tomoshabin buni payqamagan bo‘lishi ham mumkin. 

Postpradakshn – filmning ilk kadrlaridan tortib yakuniga qadar bo‘lgan voqeliklar tomoshabin ko‘z o‘ngida mohirona tasvirlangan. Tarixiy zamon va makon muhiti yaqqol ochib berilishida sayqal beruvchining mahoratini ko‘rish mumkin. 

Operatorlik ishiga ham yuqori baho berish mumkin. Har bir mezansahna mahorat bilan tasvirga olingan. Ayniqsa, bosh rol ijrochilaridan tortib turli xil obrazlar ham mohirona tarzda voqeliklarning chambarchas bog‘likligini ta’minlab bergan. 

Musiqiy bezak ham maromida. Har bir muhitni aks ettirish jarayonida ishlatilgan musiqalar kishini o‘yga toldirishi, tarix sahifalariga sayr qilishga undaydi. Soddaroq aytganda, ishonchli chiqqan. 

Filmning ibtidosida Muhammad Termiziyning tog‘ yonbag‘ri bo‘ylab yonida yurgan sherigi bilan ketayotgani va soy yoqasiga yaqinlashgach, to‘xtashi voqealaridan boshlanadi. Iso Termiziy shu joyda bir yirik daraxt bo‘lgani, u odamlarning o‘tishiga to‘sqinlik qilganini ta’kidlaydi. Yonidagi kishi esa daraxt yo‘qligini aytganda, xotirasi pand berayotgan bo‘lishi haqida o‘ylaydi. Xuddi shu yerda rejissyor Abduhalil Mignorovning topqiriligiga qoyil qolmay iloj yo‘q. Voqealar rivoji Iso Termiziyning bolalikda bug‘doyzor orasida samoga qarab tikilib yotgan syujetiga ulanib ketadi. 

Voyeqalarni birma-bir sanab o‘tmoqchi emasman. Yutuqlari bisyor filmda ayrim kamchiliklar ham uchraydi. Imom Abu Iso Muhammad Termiziy bolaligini ijro etgan yosh ijodkorning o‘zini tutishi tahsinga loyiq. Ayrim kadrlarda esa ishonchsizlik bilan o‘ynaganini ham ta’kidlash kerak. Ayniqsa, bozorga go‘sht olib kelishga do‘sti bilan otlangan yosh Imom Abu Iso Muhammad Termiziy ko‘chada do‘stlariga duch kelib qolish sahnasi ishonchsiz va saviyasiz chiqqqan. Ayniqsa, ovozlashtirish jarayoni, dilni xira qiladi. Bir to‘da bolalarning kulgilari hozirgi arzonbaho filmlarimizdagi sahnalarga, ovozlar esa, mahallamizdagi bolalarning ensaqotar kulgilariga o‘xshab ketadi. 

Taajjubga soladigan bir holat – filmda Toshkent shevasida aytilgan so‘zlar ham uchrab turadi. Birinchidan, Surxon vohasining shevasi Toshkent shevasidan umuman farq qiladi. Bu sheva kecha yoki bugun emas, tarixan shunday shakllangan. Buni hisobga olish lozim edi. Har holda tarixda o‘sha hudud kishilari Toshkent shevasi qanday ekanligini bilmaganlari aniq. 

Abu Iso at-Termiziy al-Buxoriyga ham shogird, ham safdosh hisoblanib, ilm izlab Nishopurga keladi va u yerda hadis ilmining sultoni Imom Al-Buxoriy bilan uchrashadi va saboq oladi. Rejissyor bu sahnalarni ham ishonchli tarzda tomoshabinga havola eta olgan. 

Abu Iso at-Termiziyning yonida yurgan yigit bir kuni oldiga kelib, ustozi Imom Al-Buxoriy foniy dunyodan boqiyga rixlat qilganini aytganda, hadisshunos olim ko‘ziga yosh oladi va bir oz yurib samoga boqadi. Shu kadrda Abu Iso at-Termiziyning yosh qalqqan ko‘zlari ko‘rmay qolgani ham mahorat bilan ochib berilgan. 

Maqolamizda rejissyor Abduhalil Mignorovning topqirligi haqida so‘z yuritgandik. Xorij filmlarida ibtido va intihosini shunchalik zo‘r tasvirlab beradiki, kino haqidagi taassurotlar bir necha kun xayolimizni chulg‘ab oladi. Abduhalil Mignorov ham bu ishni uddalay olgan. Yuqorida tilga olganimiz, Iso Muhammad Termiziyning yonidagi yurgan yigit yoniga keladi va soy yoqasidagi yo‘lda odamlar o‘tishiga to‘sqinlik qilgan daraxt olib tashlanganini aytadi. Abu Iso at-Termiziy esa ko‘r bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, xotirasi pand bermaganini his etsa-da, endi hadis ilmi bilan shug‘ullanish nihoyalab qolganini anglaydi. 

Filmning yutuq va kamchiliklari haqida biroz so‘z yuritdik. Muxtasar aytganda, film ijodkorlari yurakdan mehnat qilgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Kamchiliklari esa, yutuqlari soyasida qolib ketishiga ishonamiz. 

Tomoshabinga aytar so‘zimiz, filmning siyrati va suvrati haqida ilg‘aganlarimizni sizga ulashdik. Filmni albatta o‘zingiz ko‘rib, baho bering. Shunda buyuk ajdodimiz Abu Iso Muhammad at-Termiziyning hadis ilmiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida mufassal ilmga ega bo‘lasiz.

Akbar Jiyanov
 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

89

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing