Gulnora Karimovaga 2 ta jinoyat ishi bo‘yicha qanday ayblovlar qo‘yilgan edi?

Tahlil

image

Kecha, 5 mart kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi – sobiq Fond forum va bir qator jamoat tashkilotlari vasiylik kengashi raisi Gulnora Karimova o‘z uyidan umumiy tartibli koloniyaga olib ketilgani haqida xabar bergan edik. 

Karimova jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzganligi sababli jinoyat-ijroiya qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmatining taqdimnomasiga asosan, jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan. 

Gulnora Karimova 2004 yildan 2013 yilning oktyabrlarigacha nafaqat mamlakatda, balki xorijda ham katta obro‘-e’tiborga, mavqega ega bo‘lgan.  Karimova xonim qo‘l urmagan soha, boshchilik qilmagan loyihalar kamdan kam uchrardi. Hayriya deysizmi, yoshlarga oid davlat siyosatini yuritishmi yoki media sohasi, xullas hech bir Gulnora Karimovani chetlab o‘tmagan. 

Xo‘sh, unga qanday ayblovlar qo‘yilgandi? Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Gulnora Karimovaga oid jinoyat ishi bo‘yicha 2017 yilning 28 iyul kuni taqdim etgan ilk bayonotiga to‘xtalsak. 

Unda quyidagilar qayd etilgan:

2013 yil 24 oktyabrda “Terra Group” MCHJ, “Prime Media” MCHJ, “Gamma Promotion” MCHJ faoliyatida soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
 
Mazkur jinoyat ishini tergov qilish davomida 1972 yil 8 iyulda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti oliy, Siyosiy tadqiqotlar markazi direktori lavozimida ishlagan, Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Ya.G‘ulomov ko‘chasi, 77“a”-uyda ro‘yxatda turgan Gulnora Karimova Islomovna 2001–2012 yillarda N.Sodiqov, 2013 yilning yanvar oyidan oktyabr oyiga qadar R.Madumarov rahbarlik qilgan uyushgan guruhning jinoiy faoliyatiga bevosita ko‘maklashib kelganligi aniqlangan.
 
Jumladan, G.Karimovaning nazorati ostida va ko‘magida uyushgan jinoiy guruh a’zolari 2001–2013 yillarda quyidagi bir qator jinoyatlarni sodir etishgan, xususan:
 
– fuqarolar va tadbirkorlarning 54,1 mlrd so‘mlik pul mablag‘lari, aksiyalari, ulushlari va mulkiy ob’ektlarini tovlamachilik yo‘li bilan egallash (G.Gaibnazarovning “Toshkent rangli metall parchalari va chiqindilarini qayta ishlash zavodi” OAJ va “Angren-sement” MCHJdagi 4,1 mlrd so‘mlik aksiyalari, 4 mln AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘lari, 17,3 mlrd so‘mlik 2 ta kvartirasi, 4 uy-joyi (hovli) va 8 ta avtomashinasi, Sh.Axmedovning “KOLORPAK” va “NASHRIYOT UYI TASVIR” MCHJdagi 1,9 mlrd so‘mlik ulushi va boshqalar);
 
– turli korxonalardagi davlatga tegishli aksiyalar va ulushlarni sotib olish, mulkiy ob’ektlarni xususiylashtirish va mahsulotlarni past narxlarda sotishda 344,6 mlrd so‘mlik davlat mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (“O‘zdunrobita” QKdagi 131,9 mlrd so‘mlik (49%), “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan LTD” MCHJ shaklidagi QKdagi 14,6 mlrd so‘mlik (67,1%), “Rubicon Wireless Communication” MCHJ shaklidagi QKdagi 9,6 mlrd so‘mlik (30%) davlat ulushi, 20,4 mlrd so‘mlik 50 ta ko‘chmas mulk ob’ektlari va boshqalar);
 
– daromadlarni (1 trln 570,3 mlrd so‘m), ko‘rsatilgan xizmatlar, ishlar va sotilgan mahsulotlardan tushumlarni (253,9 mlrd so‘m) kamaytirib ko‘rsatish, imtiyozlarni noqonuniy qo‘llash (266,2 mlrd so‘m), tekinga xizmat ko‘rsatish, ortiqcha asosiy vositalar shaklida soliqqa tortish bazasini kamaytirish va boshqa yo‘llar bilan (994,3 mln so‘m) uyushgan jinoiy guruh nazoratidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va offshor kompaniyalar faoliyatida 2 trln 91,4 mlrd so‘mlik soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash;
 
– jinoiy javobgarlikdan bo‘yin tovlash maqsadida uyushgan guruh nazoratidagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va offshor kompaniyalari faoliyati bilan bog‘liq hujjatlarni nobud qilish, ularga shikast yetkazish va ularni yashirish.
 
Ushbu epizodlar bo‘yicha G.Karimovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari (165, 167, 179, 184, 227 va boshqalar) bilan ayblov e’lon qilingan.
 
G.Karimovaning ushbu jinoyatlarni sodir etishdagi aybi uyushgan jinoiy guruh a’zolari N.Sodiqov, R.Madumarov, Sh.Sobirov va boshqalarning, guvohlar, jabrlanuvchilarning ko‘rsatuvlari, uyushgan guruh nazoratidagi 45 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va 16 ta offshor kompaniyalar faoliyatini tekshirish materiallari, olingan yozma va ashyoviy dalillar, ekspertiza xulosalari hamda ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.
 
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2015 yil 21 avgustdagi hukmi bilan G.Karimova ayblanayotgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
 
Bundan tashqari, G.Karimovaga nisbatan uyushgan jinoiy guruhga qo‘yidagi jinoyatlarni sodir etishga ko‘maklashish holatlari bo‘yicha alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda:
 
– davlat organlari vakolatlarini asossiz o‘zlashtirgan holda, radiochastota resurslari va yer uchastkalarini noqonuniy realizatsiya qilishda firibgarlik (595 mln AQSH dollari yoki 866,7 mlrd so‘m), xizmatlarga haq to‘lashda mobil aloqa operatorlari abonentlaridan qo‘shimcha to‘lovlarni asossiz undirish (390 mlrd so‘m) yo‘li bilan o‘zganing 1 trln 256,7 mlrd so‘mlik mol-mulkini egallash;
 
– turli shaxslarning manfaatlarini “ilgari surish” uchun uyushgan jinoiy guruhning offshor kompaniyalari hisob raqamiga “bo‘naklar” olish (869,3 mln AQSH dollari va 29 mln yevro), radiochastota va yer uchastkalarini noqonuniy sotish (520 mln AQSH dollari), ulushlarni sotish va dividendlarni to‘lash niqobi ostida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni chet elga olib chiqib ketish (439,6 mln AQSH dollari), naqd pul mablag‘larini noqonuniy olib chiqib ketish (98 mln AQSH dollari), naqd pul tushumlarini inkassatsiya qilmaslik (11,2 mln AQSH dollari), eksport qilingan tovarlar va xizmatlar tushumidan majburiy 50% lik sotuvni amalga oshirmaslik (4,6 mln AQSH dollari), tovarlarni sun’iy oshirilgan narxlarda import qilish (129,7 ming AQSH dollari va 45,8 ming yevro) yo‘li bilan 1 mlrd 942,8 mln AQSH dollari va 29,1 mln yevro miqdoridagi xorijiy valyutani yashirish;
 
– deklaratsiyalarda import qilingan tovarlar miqdorini to‘liq ko‘rsatmaslik va ularning narxini kamaytirib ko‘rsatish (386,3 mlrd so‘m), olib chiqilgan naqd xorijiy valyutani bojxona nazoratidan yashirish (98 mln AQSH dollari yoki 209,4 mlrd so‘m), eksport qilingan mahsulot qiymatini pasaytirib ko‘rsatish (11,9 mlrd so‘m) yo‘li bilan jami 607,6 mlrd so‘mgabojxona qonunchiligini buzish;
 
– tovarlarni sotish, bajarilgan ishlar va xizmatlardan tushumlarni inkassatsiya qilmaslik (294,9 mlrd so‘m), pul mablag‘larini noqonuniy naqdlashtirish (278 mlrd so‘m) yo‘li bilan jami 572,9 mlrd so‘mga savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish;
 
– hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan uyushgan guruhning jinoiy faoliyatiga qonuniy tus berish maqsadida foydalanish;
 
– turar va noturar ob’ektlarni, boshqa mol-mulklarni sotib olish, uyushgan jinoiy guruh nazoratidagi offshor kompaniyalar o‘rtasida soxta kontraktlar bo‘yicha pul o‘tkazmalarini amalga oshirish yo‘li bilan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish.
 
Ushbu holatlar bo‘yicha G.Karimovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168, 178, 182, 189, 228 va 243-moddalari bilan ayblov e’lon qilingan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
 
G.Karimovaga ayblov ish bo‘yicha to‘plangan dalillar, shu jumladan, uyushgan jinoiy guruh a’zolari, guvohlar, jabrlanuvchilarning ko‘rsatuvlari, uyushgan guruh nazoratidagi 14 ta firma va 16 ta offshor kompaniyalar faoliyatini tekshirish materiallari, olingan yozma va ashyoviy dalillar, ekspertiza xulosalari asosida e’lon qilingan.
 
Qayd etilgan 2 ta jinoyat ishi bo‘yicha davlat va fuqarolar manfaatlariga yetkazilgan zararning umumiy summasi 1 trln 270 mlrd 200 mln so‘m, 1 mlrd 651,8 mln AQSH dollari, 26,1 mln yevro (milliy valyutada jami 3 trln 746,8 mln so‘m)ni tashkil etadi. 

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan 1972 yilda tug‘ilgan Karimova Gulnora Islamovnaga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Insonparvarlik nuqtai nazaridan hamda mahkuma jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pul mablag‘larini qaytarish va davlatga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatlarini o‘z zimmasiga olganligini e’tiborga olgan holda, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2018 yil 1 iyuldagi ajrimi bilan G.Karimovaga tayinlangan jazo 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan. Ozodlikni cheklash jazosini o‘tash joyi etib mahkuma G.Karimovaning o‘z tanloviga ko‘ra, qizi Iman Karimovaning yashash joyi belgilangan. Shu bilan birga, mahkuma G.Karimova zimmasiga qonunchilikda nazarda tutilgan qator cheklovlar, shu jumladan, yashash joyidan chiqib ketmaslik, aloqa vositalaridan va Internetdan foydalanmaslik hamda zararni qoplash majburiyati yuklatilgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova

Baholaganlar

165

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing