Gulnora Karimova faqatgina Prezidentning qizi emasdi

Tahlil

image

Kechadan buyon nafaqat o‘zbekistonliklar, xorijdagi ko‘plab siyosatchilar, xalqaro tashkilotlarning nigohiga O‘zbekistonga, aniqroq aytadigan bo‘lsak, Gulnora Karimova va uning atrofidagi voqealarga qaratilgan. Xabaringiz bor, kecha, 5 mart kuni u huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan jazoni o‘tash koloniyasiga olib ketilgan. 

Gulnora Karimova. 2013 yilgacha O‘zbekistonning eng qudratli kishilaridan biri bo‘lgan bu ayol shunchaki jinoyatchi emas, u ziyoli, martabali kishi sifatida ham e’tirof etilgan. Shu o‘rinda Gulnora Karimovaning biografiyasiga e’tibor qaratishni ma’qul topdik. U O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi bo‘libgina qolmay, professor, elchi, tadbirkor, xonanda, shoira ham deyilgan. 

Gulnora Karimova 1972 yilda Farg‘onada tug‘ilgan. U joriy yilning iyulida 47 yoshni qarshilaydi. U ko‘plab sohalar muvaffaqiyatli faoliyat yuritgani, professor bo‘lgani, bir qancha xalqaro OTMlarni tamomlagani, professor ekani alqangan. Karimova xonim bularning barchasiga 40 yoshgacha erishgan. Bir so‘z bilan aytganda, u shunchaki davlat rahbarining qizi bo‘lmagan, aksincha, bu uning hayoti va faoliyati, kerak bo‘lsa muvaffaqiyatlari kafolati edi. Ya’ni oddiy odamlarning farzandi bitta OTMga kirish uchun bir necha yillar davovida harakat qilib turgan bir vaqtda Karimova xonim birdaniga 3-4 OTMda o‘qigan. Unga ustozlik qilganlar orasida, hatto, qan nomzodi bo‘lmaganlar bo‘lgan. Karimova esa professor maqomini qo‘lga kiritgan. Xo‘sh, u bularning barchasiga o‘z kuchi bilan yetgan deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, albatta! 

MA’LUMOTI

1988 yili u Toshkentda yosh matematiklar akademiyasini tugatgan, 1994 yili Toshkent davlat universiteti falsafa-iqtisodiyot fakultetining xalqaro iqtisodiyot bo‘limini bakalavr darajasini bilan tamomladi. 1992 yili shu bilan birga Nyu-York shtati universiteti qoshidagi Moda texnologiyalari institutida tahsil oldi.

Image result for gulnara karimova islam karimov

1996 yili Karimova O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshidagi Iqtisodiyot institutining magistraturasini bitirdi, 2000 yili Garvard universitetida san’at magistri darajasiga ega bo‘ldi.  2001 yili u Toshkent Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida siyosiy fanlar doktori bo‘ldi.  2009 yili esa o‘sha yerning o‘zida professor ilmiy darajasini oldi.  2006 yili Gulnora Karimova Toshkent axborot texnologiyalari universitetida telekommunikatsiyalar sohasida bakalavr darajasiga erishdi.

SIYOSIY KARERASI

1995 yil iyul oyida Gulnora Karimova O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida ishlashni boshladi. U yerda  vazir maslahatchisi lavozimini egalladi. 2003 yil sentyabridan boshlab, to 2005-yil apreligacha u O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasida maslahatchi-elchi bo‘lib faoliyat yuritdi. Bunga qadar Nyu-Yorkdagi BMT shtab-kvartirasida O‘zbekistonning doimiy vakolatxonasi maslahatchisi edi. 2008 yil fevral oyida u O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziriga Madaniy-ijtimoiy sohada xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosar etib tayinlandi. 2008 yil sentyabr oyida Karimova BMT qoshidagi va Jenevadagi boshqa xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining doimiy vakili etib tayinlandi. 

Image result for gulnara karimova professor

2010 yil yanvar oyida Karimova O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi etib tayinlandi.

2012 yil iyul oyi boshlarida Gulnora Karimova Ispaniyadagi O‘zbekiston elchisi vazifasini tark etdi

IJTIMOIY FAOLIYAT

Gulnora Karimova o‘zining 8 yillik faoliyati davomida O‘zbekistonda va xorijda bir yarim mingdan oshiq har yillik loyihalarni tashkil etgan va o‘tkazgan “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasining tashkilotchisi va vasiysi hisoblanadi.  Fond O‘zbekistonning jamoatchilik tashkilotlari o‘rtasida o‘rnak sifatida YUNESKOning rasmiy hamkorlari safiga kiradi. Fond Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Fransiya, Avstriya, Shveysariya, Ispaniya, AQSH, Buyuk Britaniyada rasmiy vakolatxonalarini ochadi.  Gulnora Karimova Fransiyada vakolatxona ochilishi munosabati bilan Luvrda o‘zbek dizaynerlari defilesini o‘tkazadi,  Glazgoda esa o‘zbek so‘zanalari ko‘rgazmasini tashkil etadi. 

Image result for gulnara karimova ijtimoiy loyihalar

Karimova bundan tashqari, o‘zining shaxsiy tashabbusi bilan yaratilgan boshqa fondlarga ham bosh-qosh bo‘lgan.  Bular – onalik va bolalaik masalalari bilan bog‘liq xayr-sahovat bilan shug‘ullanuvchi “Ayollar kengashi” tashkiloti, “Mehr nuri” jamg‘armasi. Karimovaning tashabbusi bilan sut bezi saratoniga chalingan ayollarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ushbu fondlar hamkorligida “Hayot uchun” marafoni o‘ztkazib kelingan. Ammo bu pullar qerga qanday shaklda sarflangani xalq ko‘zidan yiroq bo‘lgan. 

Gulnora Karimovaning mamlakat yoshlari orasida katta obro‘ va e’tibor topishiga “Yangi avlod” bolalar festivali, “Kelajak ovozi” yoshlar tanlovi, “Iqtidorli talabalar uchun stipendiyalar” tanlovlarining o‘rni katta. Birgina “Kelajak ovozi” iste’dodli yoshlar tanlovida butun respublika bo‘yicha 388 ming nomzod ishtirok etgan. 2011 yilgacha ushbu tanlovning nufuzi juda yuqori bo‘lgan. Boisi nodavlat tashkilot tomonidan o‘tkazib kelinayotgan ushbu tanlov g‘oliblari OTMga imtihonsiz qabul qilingan. Tanlov o‘z davrida katta korrupsiya markaziga ham aylangan. 

Related image

Gulnora Karimova boshchiligidagi loyihalarning aksarini madaniyat va san’at sohasidagi ishlar tashkil etadi. Karimova “Asrlar sadosi” an’anaviy madaniyat festivali,  “Art week style.uz” moda haftaligi, M&TVA – yilning eng yaxshilari taqdimoti, Teatr.uz, “Oltin gepard” festivaliga bosh-qosh bo‘lib kelgan. 

Karimovaning faoliyatida oxirgi yillarda eng katta shuhrat qozongan loyihasi esa “1000 to‘y” bo‘lgan. Ushbu loyihada Karimova respublika bo‘ylab og‘ir sharoitlardagi oilalarning to‘ylarini o‘tkazib berishga boshchilik qilgan. Qayd etilishicha, ushbu hayriya loyihalarini tashkil etish, Karimovaning tadbirkorlarga o‘tkazgan zug‘umi orqali amalga oshirilgan. 

SHAXSIY HAYOT

1991 yilning iyul oyida Gulnora dugonasining tug‘ilgan kunida AQSH fuqarosi bo‘lgan afg‘onistonlik etnik o‘zbek Mansur Maqsudiy bilan tanishadi va unga turmushga chiqadi.  

Related image

Nikohdan keyin Gulnoraning eri Toshkentdagi Coca-cola kompaniyasi vakolatxonasining direktori lavozimini egallaydi. Ushbu nikohdan bir yil o‘tib, 1993 yilda ularning Islom ismli o‘g‘li dunyoga keladi, 1999 yili esa qizi – Imon tug‘iladi. 

Related image

2001 yili Gulnora va Mansurning munosabatlariga darz ketib, oila ajraladi.  Karimova bolalari bilan birga Nyu-Jersidagi oilaviy uyidan ketadi. Nikoh ajrimi jarayoni 2 yilga cho‘ziladi va xalqaro janjalga aylanib ketadi. Amerika sudi Maqsudiyga bolalarga vasiylik huquqini beradi, Gulnoraga sobiq eriga bolalarni qaytarish talabini qo‘ydi va ularni ushlab turgani uchun sanksiya beradi.  2008 yil 9 iyulda Nyu-Jersi shtati Oliy sudi sudyasi Den M.  Vilson Gulnora Karimovaga ikki farzandi uchun to‘liq huquqni qaytarishga qaror chiqardi.

Keyingi yillarda esa uning xonanda Rustam Madumarov bilan ishqiy munosabatlari tilga tushadi. Gulnora buni rad etmagandek, doim u bilan birga namoyon bo‘ladi. Rustam Madumarov hozirga kelib Gulnoraning jinoiy sherigi sifatida ko‘riladi. 

MUSIQA

Gulnora Karimova shaxsiy telekanali va radiolariga asos solganidan keyin, Googoosha taxallusi bilan qo‘shiq kuylashni boshlaydi. Uning ilk qo‘shig‘i – “Unutma meni” taronasi 2004 yillarda efir yuzini ko‘radi. U she’rlar yozadi va musiqa bastalaydi. Gulnora professional darajada vokal (metso-soprano) bilan shug‘ullandi, Xulio Iglesias va Monserrat Kabale kabi taniqli qo‘shiqchilar bilan duetlar ijro etadi. Albatta, bu hamkorlik tekin bo‘lmagani aniq. 

Related image

2012 yilning iyun oyida Googoosha AQSHda, shuningdek iTunes, Amazon va boshqa internet-do‘konlar orqali xalqaro savdoda birinchi ingliz tilidagi albomini taqdim etdi. Albom rossiyalik prodyuser va musiqachi Maks Fadeyev bilan hamkorlikda yaratildi. 

Image result for googoosha

Albom 12 kompozitsiyani o‘z ichiga olgan. Ular orasida amerikalik DJ White Shadow’dan “Round Run” singliga ishlangan remiksdan tashkil topgan qo‘shiq ham bor. Mazkur qo‘shiqqa gollivudlik rejissyorlar tomonidan Buxoroda klip suratga olinadi. Unda juda ochiq libosda namoyon bo‘lgan Gulnora Karimovaning xatti-harakatlari o‘zbek xalqi tomonidan tanqidlarga uchraydi. 

Related image

Gulnora Karimova faoliyatining so‘nggi yillarida qo‘shiqchilikka shu qadar berilib ketgandiki, endi u to‘ylar va konsert dasturlarida ham kuylashni boshlagandi. U o‘zi tomonidan tashkil etiladigan “Yil ayoli” festivali “Kelajak ovozi” gala oqshomi, “Asrlar sadosi” an’anaviy madaniyat festivali M&TVA – yilning eng yaxshilari taqdimotida bir vaqtlar Tamaraxonim tomonidan kuylangan “Mavrigi” qo‘shig‘ini ijro etadi. U 2012 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyevaning “Versal” restoranida bo‘lib o‘tgan to‘yida ham ishtirok etib, qo‘shiq kuylagan.

Gulnora Karimova ko‘plab muhokamalarni keltirib chiqargan qo‘shig‘ini 2012 yilda kuylagan. “Sochim mayda o‘ring, ota” taronasi Gulnora Karimovaning mualliflik qo‘shig‘i emas. U bu qo‘shiqni “Oltin gepard” tanloviga kelib tushgan filmlardan birida eshitib qolgan va kuylashga qaror qilgan. Karimova qo‘shiqni 2012 yil M&TVA taqdimot marosimida kuylab chiqqandi. 

TANQID 

2011 yil 15 sentyabrda Nyu-Yorkda Modalar haftaligi doirasida Gulnora Karimovaning yozgi-kuzgi kolleksiyasi namoyishi bo‘lib o‘tdi, ammo, haftalik bekor qilindi. Bunga sabab sifatida o‘sha yillari O‘zbekistonda inson huquqlari doimiy ravishda buzib kelinayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Shuningdek, Karimovaning namoyishiga O‘zbekistonni voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanishda ayblayotgan Mehnat huquqini muhofaza qiluvchi xalqaro forum faollari qarshi chiqqan.  

ZARGARLIK VA MODA

Gulnora Karimova o‘zi tomonidan tashkillashtiriladigan “Art week style.uz” moda haftaligida bir necha bor shaxsiy kolleksiyalarini taqdim etgan. Ayniqsa, uning 2012 yildagi kolleksiyasi mamlakatda juda keng targ‘ib qilingan. O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovadan tortib xonandalar Shahzoda, Nilufar Usmonova Karimovaga mansub qimmatbaho liboslarni xarid qilib, ushbu liboslarda chiqish qilishni boshlaganlar. 

Related image

Gulnora Karimova o‘sha davrlarda zargarlik va attorlik mollarini ishlab chiqarishga ham qizib qoldi va Guli brendiga asos soldi. Shahar markazidagi kurant soati binosida mazkur attorlik mollari va taqinchoqlarning ilk taqdimot marosimi bo‘lib o‘tgan edi. Ma’lumotlarga qaraganda, u bu taqinchoqlarni zargarnm qamab qo‘yib yasattirgan.

Gulnora davrida davron surdi. Qimmatbaho mol-mulklar, shon-shuhrat, mavqe... Ammo bu uzoqqa bormadi. Davlat bilan o‘ynashib bo‘lmaydi. U o‘z nomi bilan davlat va bir kun Gulnoraning ham undan lat yeyishi aniq edi. Shunday bo‘ldi ham. Shu bois bugun uning boshidan o‘tayotganlar vaqtida surilgan davronning badalidir, balki... Shu ma’noda Karimova faqat Prezidentning bezarar arzandasi emasdi. U barcha qilmishlari uchun oddiy odamlar singari javob beryapti. Berishi ham kerak!
 


Maqola muallifi

Teglar

Gulnora Karimova

Baholaganlar

1259

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing