Endi uyda dehqonchilik bilan shug‘ullanadiganlarga ham ish staji yoziladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidentining “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiyasi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq, fuqarolarning kelgusida pensiya ta’minotini kafolatlash maqsadida hamda ularni ijtimoiy sug‘urta tizimida ishtirokini rag‘batlantirish yuzasidan ixtiyoriy badallarni to‘lash bo‘yicha tushuntirishlar olib borilmoqda.

Dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan o‘zbekistonliklarga ham ish staji yozilishi mumkin.

2018 yil 1 iyuldan boshlab yer maydoni 4 sotixdan kam bo‘lmagan dehqon xo‘jaligida, tomorqasida band bo‘lgan, qoramol boqish yoxud ushbu uchastkada 50 boshdan kam bo‘lmagan uy parrandasi parvarishi bilan shug‘ullanayotgan shaxslar, Moliya Vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga bir yil uchun eng kam ish haqining bir baravari miqdorida ixtiyoriy badallarini to‘lagan taqdirda, to‘langan yil uchun bir yillik mehnat stajiga ega bo‘ladi.

Buning uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan shaxsiy yordamchi xo‘jaligida qoramol mavjudligi yoki qishloq xo‘jalik mahsulotlarining boshqa turlarini (o‘simlikshunoslik, chorvachilik, baliqchilik mahsulotlari) yetishtirish bilan bandligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olinadi.

Xorijda ishlayotganlar pensiyadagi o‘zgarishlardan xabardormi?

2018 yil 1 avgustdan boshlab xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar tomonidan eng kam ish haqining to‘rt yarim baravari miqdorida yillik ixiyoriy badallarini to‘laganida to‘lov amalga oshirilgan davrni mehnat stajiga hisoblash tartibi joriy etilgan.

Xorijda bo‘lganlik davri mehnat daftarchasidagi yozuvlar, O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib o‘tishga doir pasportdagi yozuvlar (muhr, shtamp yoki qaydnoma) bilan tasdiqlanadi.

Xorijda yollanib ishlayotgan shaxs tomonidan badallarni to‘lash har oyda, har chorakda, O‘zbekiston Respublikasiga qaytib kelgandan so‘ng, kelgan kundan boshlab uch oy mobaynida bir vaqtning o‘zida amalga oshirilishi mumkin.

Pensiya jamg‘armasining badal miqdori mustaqil ravishda, ammo bir yilda eng kam oylik ish haqining to‘rt yarim baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi. Ixtiyoriy badallar xorijda yollanib ishlayotgan shaxs, uning oila a’zolari yoki ishonchli vakilining doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati idoralariga xizmat ko‘rsatuvchi banklarda ochilgan Pensiya jamg‘armasining tranzit hisobraqamiga milliy valyutada kelib tushadi.

To‘lovchi uchun shaxsiy kartochkalarni ochish va badallarning hisobini yuritish uning doimiy yashash joyi bo‘yicha davlat soliq xizmatlari organlarida amalga oshiriladi.

Ish staji yozish va pensiya hisoblashda muammolar bo‘lmaydimi?

Bu boradagi yangiliklarni hali ko‘pchilik to‘la anglab yetgani yo‘q. Fuqarolarda turli shubhalar ham bo‘lishi mumkin. Aslida aholining shubhasi, cho‘chishi o‘rinlimi?

Xorijda yollanib ishlayotgan shaxs, dehqon xo‘jaligi a’zosi tomonidan Pensiya jamg‘armasiga to‘langan ixtiyoriy badallarning hisobi kafolatlangan holda davlat soliq idoralarining axborot resurs bazasida yuritiladi hamda pensiya tayinlash davri kelganda, avtomatlashtirilgan tarzda Pensiya jamg‘armasining ma’lumotlar bazasi bilan bog‘lanadi. Bu jarayon, fuqarolarga qo‘shimcha xujjatlarni yig‘ish bilan bog‘liq bo‘lgan ovoragarchiliklarning oldini oladi. 


Maqola muallifi

Teglar

pensiya ish staji

Baholaganlar

19

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing