Diqqat, ZILZILA! Yer qimirlaganda nima qilish kerak?

Foydali

image

Bugun tunda Toshkentda kuzatilgan zilzila ko‘pchilikni shoshirib, esankiratib qo‘ygani aniq. Jumladan, o‘zim ham nima qilarimni bilmay qoldim. Na yotoqdan turishni, na uxlashda davom etishni bilaman.  Shu bois bugun zilzila vaqtida nimalar qilishimiz kerakligini bir eslasak, yomon bo‘lmas degan fikrga keldim. 

Zilzila vaqtida har qanday odam sarosimiga tushib, o‘zini-o‘zi boshqara olmay qolishi turgan gap. Ko‘pchiligimiz bunday hollarda nima qilishni, zilzila vaqtida qanday qilib jon saqlashimiz mumkinligini bilmaymiz ham. Mutaxassislarning tavsiyalariga quloq tutsangiz, tabiiy ofatlar vaqtida hayotingiz xavfsizligini ta’minlagan bo‘lasiz. Eng muhimi har qanday vaziyatda ham inson o‘zini ongli ravishda boshqara olishi, og‘ir va vazmin bo‘lishi lozim. Quyidagi eslatmalar esa sizga as qotishi aniq.

Yer qimirlaganda aholini muhofaza qilish chora-tadbirlari.   

1. Yer silkinishi xavfi bo‘lganda binodan chiqish yo‘lini oldindan belgilab qo‘yish kerak.    Yodingizda bo‘lsin - yer sikinishi yarim tunda ham yuz berishi mumkin.    Chiqish yo‘llari,    eshiklar odamlar bilan tirband bo‘lib,    tashqariga tez chiqishni qiyinlashtiradi.    Binoni zudlik bilan tark etish birinchi qavat derazalari orqali ham amalga oshiriladi.  
 
2. Uyingizdagi xavfsiz joylarni oldindan belgilab qo‘ying,   bu - xonaning asosiy devorlari orasidagi burchagi,   ichki eshiklar o‘rni,   stol,   karavot,   stanoklar osti bo‘lishi mumkin.   Yer qimirlaganda uyning eng xavfli joylari – ichki va tashqi deraza ostilari,   devorlarning oyna bilan qoplangan qismlari,   ayniqsa oxirgi qavatlardagi burchakda joylashgan xonalar,   lift va zinapoya maydonchalari bo‘lishi mumkinligini hisobga olish kerak.  

3. Oila a’zolaringiz va bolalarga xavfsiz joyni egallashni o‘rgatish zarur. 

4. Oila a’zolaringiz va o‘zingiz kvartirangizda,   pod’ezdda,   uyingizda gaz,   elektr,   suvni o‘chirish yo‘llarini bilishingiz lozim.

5.  Qariya,  nogiron va bolalar xavfsiligini ta’minlash yo‘lini oldindan o‘ylab qo‘ying. 

6. Xonalardagi shkaf,  kitob javonlarni devorlarga mahkamlab qo‘ying.  Uy jihozlarini uxlaydigan o‘rinlarga yiqilmaydigan holatda,  eshik va chiqish yo‘llarini to‘sib qo‘ymaydigan qilib joylashtirish kerak. 

7. Javonlar,  shkaflar ustidagi og‘ir buyumlar qattiq mahkamlab qo‘yilishi yoki odam ustiga tushib ketishi mumkin bo‘lgan buyumlar pastga yoki ishonchli joyga joylashtirilishi shart. 

8. Javonlarni dam olish o‘rinlaridan,  xonaga kirish eshigidan,  rakovina va unitazlardan uzoqroq joyga o‘rnating. 

9.  Uyga kirish yo‘lini,  yo‘laklarni va zinapoyalarni buyumlar bilan to‘sib qo‘ymang. 

10.  Tez alangalanuvchi va o‘yuvchi suyuqliklar solingan idishlarni yer qimirlab,  bino silkinganda tushib ketib,  portlab yoki yonib ketmaydigan xavfsiz joyda saqlang.

11.  Jarohatlanganda,  umuman xar qanday xavf bo‘lganda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish choralarini o‘rganing.  Doimo uyingizda dori-darmonlar,   birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish qutichasini saqlang.  

12.   Garaj yoki dala hovli yerto‘lasidan yashirinish joyi sifatida foydalanish mumkin.   U yerda ofat tugagunga qadar berkinish,   oziq-ovqat zahirasini,   kiyim kechak va kerakli narsalarni saqlash mumkin.   Shu bilan birga, qaltis qiyaliklar va ko‘chki xavfi bo‘lgan joylarda qurilgan uylar xavfli bo‘lishi mumkinligi yodingizda bo‘lsin.

13.   Uyingiz holatini tekshirib chiqing,   uni mustahkamlash yo‘llarini aniqlang. 

14. Uyingiz yoki ish joyingiz qishloqdagi aholi yashayotgan joylarda joylashgan bo‘lsa,   xavfli jarayonlar,   ya’ni sel kelishi,   ko‘chki xavfi bo‘lgan tog‘ xududida,  suv bosishi mumkin bo‘lgan xududlarda ekanligini aniqlab,   oila a’zolari  va qo‘shnilar bilan birgalikda xavfsiz joyga chiqish yo‘llarini belgilab qo‘ying.   Chunki  yer silkinishi natijasida,   yer ko‘chkisi,   o‘pirilishi,    siljishi,   tosh ko‘chkisi,   yerning yorilishi, tuproq qatlamlarining cho‘kishi,  tuproqning siqilib,  balchiqqa aylanish hollari yuz berishi mumkin.
 
Kuchli yer silkinishi vaqtida
Zilzila ro‘y berganda, yerning yuza qismi uncha uzoq bo‘lmagan vaqt tebranib turadi. Yer silkinishi davri – silkinish yer qatlamining yuzasida va yaqin masofada bo‘lsa, bir necha soniya, chuqurroq va olisda bo‘lsa, 2-3 daqiqagacha davom yetishi mumkin, bu tebranishlar insonga noqulaylik tug‘dirib, sarosimaga tushiradi. Lekin yer silkinishining to‘xtashini kutishdan boshqa chora yo‘q. Shuning uchun vahimaga tushmaslikka harakat qiling, osoyishtalik va xotirjamlikni saqlash juda muhim. Yer qimirlayotganda xotirjamlik va aql bilan ish ko‘rsangiz talofatsiz chiqishingizga ko‘proq imkoniyat bo‘ladi. Bundan tashqari atrofingizdagi odamlar sizdan o‘rnak olishadi va bu ular uchun nihoyatda foydali.

Xonaning ichida


1. Agar siz yer yoki binoning silkinishini sezsangiz, darhol xavfdan qutulishga harakat qiling, yeng katta xavfni yuqoridan tushadigan jismlar yaratishi mumkinligiga ahamiyat bering.

2. Agar siz ko‘p qavatli uyning birinchi qavatida xom g‘ishtli, pishgan g‘ishtli yoki paxsa devorli shaxsiy uylarda yashasangiz, zilzila boshlanishi bilan 15-20 soniya ichida darhol uyning ichidan tashqariga chiqib keting va elektir simlari, gaz quvurlari va baland imoratlar tagidan uzoqroqqa, ochiq joyga o‘ting.

3. Agar xonaning ichida qolsangiz, oldindan belgilab olingan xavfsiz joyga turib oling. Mabodo yuqoridan suvoq parchalari, yoritgich asboblari, oyna siniqlari tushadigan bo‘lsa, stol yoki karavotlar tagiga berkinib oling. Maktab o‘quvchilari partalarning tagiga kirib, boshlari va yuzlarini qo‘llari bilan berkitib olishlari zarur.

4. Agar siz ko‘p qavatli uylar imoratlarning birinchi qavatidan yuqorida bo‘lsangiz, hech qachon lift yoki zinapoyalarga qarab yugurmang, chunki ko‘p hollarda yer qimirlash davrida zinalar birinchi navbatda qulaydi. Bunday hollarda uyning eshigini ochib, uning o‘rniga turing. Eshik kesakisi qotib qolsa, xavotir bo‘lmang, bu hol imorat devorlarining og‘ishidan bo‘ladi.

5. Har qanday binoning oynaband devorlaridan uzoqroqda, asosiy devori yonida turishga harakat qiling. Oyna to‘siqlaridan ehtiyot bo‘ling.

6. Ikkinchi va undan yuqori qavatlarda bo‘lsangiz, zinhor derazadan pastga sakramang, chunki binoga zarar yetmasa ham, siz jarohatlanishingiz mumkin.

7. Sakrashga majbur bo‘lgan hollarda zinhor yopiq deraza oynasiga qarab sakramang, oynani taburetka yoki yelkangiz bilan sindirib, keyin sakrang.

8. Odamlar bilan gavjum joylarda (magazin, kinoteatr, maktab, oliygoh, vokzal) sarosimaga tushmang, binoning asosiy devorlariga, ustunlarga yaqinroq osilib turgan buyumlardan, qandil, konditsioner, reklama taxtalaridan uzoqroq turish kerak.

9. O‘zingizni xotirjam tuting, atrofingizdagilarni sarosimaga tushiradigan harakatlar qilmang, eshik va yo‘laklarda tirbandlikka yo‘l qo‘ymang.

10. Qishloq joylarida yer silkinishi oqibatida yer ko‘chkisi ro‘y berishi, sel kelishi, tog‘ toshlari tushishi mumkin. Shuning uchun tepaliklar ustiga yoki suv bosmaydigan, yuqoriroq joyga chiqib olishga yoki tik tog‘ yonbag‘irlari ostidan uzoqroq joylarga o‘tishga harakat qiling.

11. Molxonalar yonida turish mumkin yemas, chunki hurkib ketgan hayvonlar tagida qolib ketish xavfi mavjud.
 
Ko‘chada


1. Ko‘p qavatli bino ostida turgan bo‘lsangiz, ochiq joyga chiqishga harakat qiling, chunki bino silkinishi natijasida siniq parchalari ustingizga tushishi mumkin. Elektr simlari tagida ham turmang, uzulib ketishi mumkin. Uzulib ketgan simlardan ehtiyot bo‘ling.

2. Bino bo‘ylab uning tagida yugurmang, binoga kirmang, yuqoridan tushishi mumkin bo‘lgan bo‘laklar hayotingiz uchun xavfli.

3. Yer silkinayotgan vaqtda avtomobilda ketayotgan bo‘lsangiz, yuqori qavatli binolar, elektr simi, tik yonbag‘irlar, ko‘priklar, avtomobillarga yonilg‘i quyish shahobchasi, daryo o‘zanidan uzoqroq joylarga borib mashinani asta to‘xtating.

Yer qimirlaganidan so‘ng


Yer qimrlashi to‘xtaganidan keyin binolarning holatini,  jabrlangan odamlarni kuzatishingiz mumkin. Bunday hollarda xotirjamlik bilan, darhol shikastlangan, jarohatlanganlarga yordam ko‘rsatishni boshlang.

1. Yordamga muhtoj odamlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsating. Jarohat olganlarni sovuq qotmasligi uchun ko‘rpa bilan o‘rang va shifoxonaga yuboring.

2. Kasallar, bolalar va qariyalar xavfsizligini taminlang, ruhiy dalda bering.

3. Yengil buyumlar ostida qolganlarga yordam bering. Ehtiyot bo‘ling, qo‘shimcha tibbiy yoki boshqa yordamga zarurat bo‘lsa, yordam kelguncha kuting.

4. Yong‘in o‘chog‘ini sezsangiz, iloji boricha o‘chirishga harakat qiling.

5. Elektr simlarini uzilmaganligini tekshirib ko‘ring. Buzilgan joyini tuzatishga harakat qiling yoki elektr tarmog‘ini o‘chirib qo‘ying.

6. Suv tarmog‘ini tekshirib ko‘ring. Agar buzilgan bo‘lsa, tuzatishga harakat qiling yoki tarmoqdan uzib qo‘ying.

7. Gaz tarmog‘ini jo‘mragidan berkitib qo‘ying, agar gaz tarqalish xavfi mavjud bo‘lsa, uni hididan aniqlang, gugurt yoki shamdan foydalanmang.

8. Kanalizatsiya quvuridan foydalanishdan oldin, uning sozligini bino ichida, yerto‘lada tekshirib ko‘ring.

9. Xavfli yengil alanga oluvchi suyuqliklar to‘kilgan bo‘lsa (benzin, kimyoviy moddalar va boshqalar), tezda bartaraf qiling va bu haqida boshqalarga xabar bering.

10. Vayron bo‘lgan binolar yoniga bormang, ularning ichiga kirmang. Agar sizning yordamingiz kerak bo‘lmasa, yer qimirlagan va vayron bo‘lgan joyga kirmang.

11. Yerto‘la eshiklarini ochishda ehtiyot bo‘ling, chunki ustingizga suvoq parchalari, ustunlar yoki og‘ir jismlar tushishi mumkin.

12. Telefonni keraksiz axborotlar uchun band qilib turmang, chunki telefon yordamga chaqirish, muhim hodisalar, yaradorlar va jinoyatchilar haqida axborot berish uchun kerak bo‘ladi. Yodingizda bo‘lsin, telefon tarmog‘ining band bo‘lishi qutqaruv xizmati ishlari samaradorligini kamaytirishi mumkin.

13. Yer qimirlashining takrorlanishi mumkinligi haqidagi o‘z fikringizni birovlarga tarqatmang yoki mish-mishlarga ishonib gap tarqatmang. Rasman elon qilingan axborotlardan foydalaning.

14. Agar siz vayrona ostida qolgan bo‘lsangiz, iloji boricha xotirjamlik bilan sharoitni to‘g‘ri baxolang. O‘zingizga birinchi tibbiy yordam ko‘rsating, agar lozim bo‘lsa, qon oqishini to‘xtating va jarohatni bog‘lang.

15. Yoningizdagilarga yordam ko‘rsating, tinchlanishiga yordam bering. Vayronalardan tashqaridagilar bilan tovush orqali yoki biror narsani taqillatish bilan aloqa o‘rnatishga harakat qiling. Kuchlaringizni tejang. Yodingizda bo‘lsin, yordam, albatta, keladi.

16. Yodingizda bo‘lsin, yerning qayta silkinishi – aftershoklar xavfi saqlanib qolishi mumkin. Aftershoklar, asosiy yer qimirlaganidan so‘ng bir necha daqiqa, soat, bazi vaqtlarda kunlardan keyin ham yuzaga kelishi mumkin.
 
Rahbarlar va fuqarolarning xavfsizligini taminlovchi javobgar shaxslar diqqatiga!
Mahalliy hokimiyatlar bilan hamkorlikda o‘zingizning hududingizda joylashgan uy-joy, tashkilotlar, binolar, korxonalar, maktablar, bolalar bog‘chalari, kasalxonalarning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganib chiqqan holda, seysmik xavfsizlik chora-tadbirlarini ishlab chiqing.

Loyihachi va quruvchilar!

Yodingizda bo‘lsin, binolarni loyihalashtirish va qurish jarayonida yo‘l qo‘ygan xatolaringiz va loqaydligingiz, qurilish texnologiyalarining buzilishlari bino va inshootlarining mustahkamligini kamaytirishi hamda u yerda yashaydigan va ishlaydigan aholi uchun xavf tug‘dirishi mumkin.

Obektlar rahbarlari diqqatiga! Bino va inshootlarning  texnik holatini doimo kuzatib turing. Diqqat-etibordan chetda qolgan eng yaxshi bino ham muddatidan avval, avariya holatiga kelib qolishi mumkin.

Uzoq muddatli ko‘rsatgichlariga asosan Markaziy Osiyo hududida seysmik faollik holati davom etmoqda.

Seysmologiya istitutining geologik-geofizik, seysmologik, gidroximik kuzatuvlari asosida respublikamiz hududida zilzilalar sodir bo‘lish ehtimoli bo‘lgan 3 ta region ajratilgan:

1. Andijon, Namangan Toshkent viloyatlari hududlarini o‘z ichiga qamrab olgan Chotqol-Qurama tizimi (bloki).

2. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hududlarini o‘z ichiga qamrab olgan janubiy O‘zbekiston hududi.

3. Markaziy O‘zbekiston va unga tutash  Pomir-Hindikush tizimi (bloki) (sharqdan Samarqand va Jizzax viloyatlariga tutashib ketgan transchegara zonasi).            
 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Zilzila

Baholaganlar

164

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing