Sharmandaga shahar keng, yoxud terrorizmni targ‘ib qilmasa bo‘ldi emish
Shou-biznes 08 Fevral 17:43 51123

“Bravo” jamoasining so‘nggi konserti badiiy kengashga taqdim etilganda, kengash tomonidan ma’qul topilmagan, e’tirozli qismlari ssenariydan olib tashlash kerakligi belgilab berilgan edi, — deydi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori  Odiljon Abduqahhorov. — Ammo konsertning birinchi kuni aynan biz taqiqlagan nuqtalar ham sahnaga olib chiqildi. Ogohlantirishdan keyin, ikkinchi kundan ular buni to‘g‘ri qabul qilgan holda ssenariydan chiqarib tashlashdi, bu sahnalar boshqa namoyish etilmadi. Ammo disklarda birinchi kungi konsert dasturi tarqalib ketdi...”

Bugungi kunda ko‘pchilikdan, ayniqsa, o‘rta yoshlilar, keksalar va ayrim yoshlardan "Million", "Bravo", "Dizayn" kabi jamoalarning konsert dasturlariga nisbatan tanqidiy e’tirozlarni eshitamiz.To‘g‘ri, ulardagi hazillarni oila davrasida ko‘rib bo‘lmaydi, xalqimiz ma’naviyatiga zid. Lekin, ular konsertlarini bo‘sh zalga taqdim etayotgani yo‘q. Hatto, 10 seanslik konsertlarda 4 ming kishilik saroy to‘la turibdi. "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi Odjiljon Abduqahhorov bu masalaga ham to‘xtaldi.

"Bilamizki, ba’zi taniqli xalq artisti, xizmat ko‘rsatgan artistlarning konsert dasturlariga odam topilmay, chiptalarni qaysidir tashkilotlarga olib borib, sotib berishni so‘raydilar. Bir narsani tan olish kerak,  (!) “Million”, “Bravo” hamda “Dizayn” jamolari o‘n kun konsert bersa ham, zal to‘la odam, chipta topilmaydi". (XX asr o‘rtalarida kichik qutining tirqishidan yalang‘och ayollarning suratini ko‘rish uchun ham odamlar turnaqator navbatda turgan.)

Odiljon Abduqahhorovga ko‘ra, bu jamoalarning ayrim hazillaridagina chegaradan chiqish bor ekan. 

"To‘g‘ri, bu jamoalarning ko‘p emas, ayrim hazillarida chegaradan chiqish holatlari bor, ba’zilarini rostdan ham oila davrasida tomosha qilib bo‘lmaydi. Lekin, ular terrorizm, diniy eksterimizm va boshqa xavfli mavzularni ko‘tarayotgani, targ‘ib qilayotgani yo‘q. Biz ularni hech yo‘q faoliyatini taqiqlab qo‘yolmaymiz. Ular bugun mamlakat yoshlari e’tiborini qozonib bo‘ldi. Aksincha, endi biz bu jamoalardan to‘g‘ri maqsadlarda foydalana olishimiz kerak, ular sotsial, dolzarb mavzularimizni ko‘tarib chiqishlarida yo‘l ochib berishimiz kerak", deydi Abduqahhorov.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: bu jamoalar mana 5-6 yildirki faoliyat yuritib kelyapti. 5-6 yildirki o‘sha tanqidlar. Lekin, o‘zgarish bo‘ldimi? Sotsial maqsadlarda qachon foydalanmoqchisizlar? Xalq ma’naviyati yo‘q bo‘lib, o‘sha siz aytgan yoshlar keksaygandami? Qolaversa, diniy ekstremizm va terrorizmni targ‘ib qilmayapti-ku deb, sahnaga chiqib istaganini aytsa, jim qarab qarsak chalib o‘tiriverish kerakmi?


Darvoqe, "O‘zbekkonsert" shu kunlarda “Bravo” jamoasi litsenziyasini qaytarib olish-olmaslik masalasini ko‘rib chiqarmish. Har holda shunday deyildi. Bu muassasaning fevral oyi oxirida bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida muhokama qilinadi. 

Sohibjamol Kattayeva
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 1233
Reyting: 3.4