Odamlarning fikri inobatga olinadimi? Ortiqxo‘jayev javob berdi

Jamiyat

image

Avvalroq, Toshkent shahrining Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida yangi “Business city”lar qurilishi, mazkur shaharchalar loyihasining taqdimoti o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik. 

Taqdimot marosimida har bir mehmon uchun o‘zbek, ingliz, rus tillarida so‘rovnoma tarqatildi. Unda quyidagi 7 savol bilan murojaat qilingan:

1.    Qaysi tashkilotdansiz?
2.    “Business city” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha respublika rahbarining tashabbusini qanday baholaysiz?
3.    Sizningcha, “Business city” qanday bo‘lishi lozim?
4.    Sizningcha, investorlarni saralab olish qanday amalga oshirilishi lozim?
5.    “Business city” qad ko‘taradigan joylarda qurilishlarni buzib tashlash va kompensatsiya to‘lovlari qay tartibda amalga oshirilishi kerak deb o‘ylaysiz?
6.    Siz uchun yer maydonining qiymatini aniqlash uchun qanday yo‘l tutish to‘g‘ri va xolis deb hisoblaysiz?
7.    Sizningcha, “Business city” loyihalari Toshkent shahrining qiyofasini o‘zgartiradimi?

Savollar ostida esa bir necha variantlarda javoblar berilgan. Respondentlar ulardan birini tanlashi kerak. 

Toshkent shahar hokimiyati tomonidan tashkil etilayotgan tadbirlarda bunday usulni ilk bor qo‘llayapti. Boisi poytaxt hududida amalga oshirilayotgan loyihalar, buz-buzlar, o‘rnidagi yangi qurilishlarni qancha odam qo‘llab quvvatlayotgan bo‘lsa, shuncha odam qarshi ham chiqmoqda. Xalqda musichaning ham ini buzilmasin, degan gap bor. Kim ham yashab turgan uyi buzilishini, o‘rniga qimmatbaho ko‘p qavatli uylar, biznes markazlari qurilishini istardi, o‘zi esa shaharning bir chekkasiga ko‘chib o‘tishni xohlardi. To‘g‘ri, bundaylar yo‘q emas, lekin juda oz. 

Xo‘sh, so‘rovnoma o‘tkazishdan maqsad nima? Hokimiyat respondentlarning fikrini inobatga oladimi? QALAMPIR.UZ ushbu savol bilan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga murojaat qildi. 

“Agar odamlarning fikrini 100% inobatga olinsa, bu joyda hech narsa qurilmaydi. Qanday bo‘lsa shundayligicha qoladi”, degan qisqa javob bilan cheklandi Ortiqxo‘jayev. 

Balki tez orada Toshkent shahar hokimiyati faoliyatini yanada ochiq va shaffofligini ta’minlab, bunday so‘rovnomalarni internet sayti va ijtimoiy tarmoqlarda ham tashkil etar. Boisi, natija va xolis javoblar taqdimotlarda ishtirok etayotgan kazo-kazolar bergan ovozlarda emas, o‘sha hududlarda yashayotgan aholining istaklarida namoyon bo‘ladi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxsho'jaev Toshkent shahar hokimiyati

Baholaganlar

148

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing